Xamiraev O‘ral Kaxramonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning markaziy mintaqasida kartoshka zamburug‘ kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Qx357
Ilmiy maslahatchi: Shukurov Xushvaqt Mamasolievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy–tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Eshchanov Baxodir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Sanaev Sobir Toirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xayitbaeva Nodira Seytjanovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning markaziy mintaqalari, xususan Toshkent va Samarqand viloyatlari sharoitida kartoshka etishtiriladigan hududlarda vegetatsiya davrida asosiy zamburug‘ kasalliklarini aniqlash, ularning biologik va ekologik xususiyatlarini o‘rganish, zarar etkazish darajasini baholash va ushbu kasalliklarga qarshi ilmiy asoslangan kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent va Samarqand viloyatlarida kasallangan kartoshka o‘simligidan patogen zamburug‘larning 14 ta turi aniqlanib, ulardan 20 ta izolyatning sof kulturasi ajratilgan;
ilk bor ajratilgan zamburug‘ izolyatlariga oziqa muhiti, harorat va vodorod ionlari konsentratsiyasi ta’siri tizimli ravishda o‘rganilib, bunda KDA oziqa muhiti optimal muhit ekanligi, haroratning ta’siri o‘rganilaganda 25℃ haroratda barcha izolyatlarning maksimal rivojlanishi isbotlangan. Mazkur haroratda koloniyalarning 0,42-0,533 mm/s gacha tezlikda radial o‘sishi aniqlangan. Patogen zamburug‘larining rivojlanishiga  pH ta’siri o‘rganilaganda Fusarium turkumiga mansub zamburug‘ izolyatlarining rivojlanishi uchun pH ning qiymati 6,0-7,0 oralig‘ida bo‘lishi, V. nigrescens uchun pH=7,0-7,5 bo‘lishi, Ph. infestans uchun pH=6,0 bo‘lishi, Alternariya turkumi uchun pH=6,5 bo‘lishi hamda Rh. solani uchun pH=5,5-6,0 bo‘lishi optimal sharoit ekanligi aniqlangan;
ajratilgan zamburug‘larning patogenlik xususiyatlari aniqlanib, ularning biometrik ko‘rsatkichlarga va hosildorlikka ta’siri o‘rganilganda, F.oxysporum zamburug‘iga mansub “Fo-2/Aq”, “Fo-4/Rom”, F. solani zamburug‘iga mansub “Fs-2/Pik”, “Fs-3/Roz”, A. alternata zamburug‘iga mansub “Al.at-5/Pik”, A. radicina zamburug‘iga mansub “Al.rdc-3/Rom”, “Al.rdc-5/Pik”, V. nigrescens zamburug‘iga mansub “VN-4/Pik”, Ph. infestans zamburug‘iga mansub “Ph-6/Rom” va Rh. solani zamburug‘iga mansub “Rh-2/Roz” izolyatlari tajribadagi barcha navlarni kuchli kasallantirishi aniqlangan hamda ushbu izolyatlar virulent ya’ni yuqori patogenlik xususiyatiga ega ekanligi tajribada isbotlangan; 
In vitro sharoitda tuproq va zararlangan tuganaklar orqali tarqaladigan F.oxysporum, F. solani, V.nigrescens va Rh.solani zamburug‘larining rivojlanishiga ikkita ta’sir etuvchi moddalar kombinatsiyasi (Fludioksanil + mefenoksam) ga ega bo‘lgan Maksim XL 035 FS, 3,5% sus.k. urug‘dorilagich fungisidi yuqori darajada ta’sir etishi hamda zamburug‘ koloniyalarining rivojlanishini 100% gacha ingibr qilishi aniqlangan. 
tarkibida ikkita ta’sir etuvchi moddasi bo‘lgan boskalid + piraklostrobin (Bellis 380 g/kg s.d.g.) hamda mankotseb + metalaksil M (Ridomil Gold MS 68% s.d.g.) fungisidlari havo orqali tarqaladigan Ph.infestans, A.alternata hamda A.radicina izolyatlarining miselial o‘sishini 100% gacha ingibr qilishi aniqlangan. Bundan tashqari, tarkibida Bacillus amyloliquefaciens bakteriyasining “VKPM B – 12464” shtammi bo‘lgan Orgamika S, preparati barcha zamburug‘larga yuqori darajada ta’sir etishi hamda ularning miselial o‘sishini 76,1-83,2% gacha ingibrlashi aniqlangan;
ochiq dala sharoitida olib borilgan kichik va katta dala tajribalarida in vitro sharoitida qo‘llangan samarali preparatlarning samaradorligi amaliy jihatdan isbotlangan;
himoya tadbirlarining iqtisodiy jihatdan afzalligi aniqlanib, ularni ishlab chiqarishga joriy etish uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent va Samarqand viloyatlari sharoitida kartoshka etishtirliladigan hududlarda, zamburug‘ kasalliklariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Kartoshkani zamburug‘ kasalliklaridan himoya qilish tizimi” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi 2025 yil 29 maydagi №05/06-04-266-sonli ma’lumotnoma). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda qo‘llanma sifatida agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan amaliy faolyatda foydalanib kelinmoqda;
dastlab urug‘lik tuganaklarni ekishdan oldin  tarkibida fludioksonil bo‘lgan Maksim 2,5% sus.k. hamda tarkibida fludioksonil va mefenoksam fungisidlari bo‘lgan Maksim XL 035 FS, 3,5% sus.k., 0,4 l/ga meyorda qo‘llash Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani “Feruzbek plyus agro” f/x 5,9 ga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi  2025 yil 29 maydagi №05/06-04-266-sonli ma’lumotnoma). Natijada, urug‘dorilagich 0,4 l/t sarf-meyorda dorilangan variantda hosildorlik nazoratga nisbatan 69,5 s/ga ortishiga erishilgan;
biologik vositalardan tarkibida Bacillus amyloliquefaciens bakteriyasining “VKPM B– 12464” shtammi bo‘lgan Orgamika S biopreparatining 0,3% li suspenziyasi barcha zamburug‘larga yuqori darajada ta’sir etishi isbotlangan va ochiq dala sharoitida 1,5-2 l/ga me’yorda Toshkent viloyati Toshkent tumani “Abduazim agro” f/x 26 ga, Qibray tumani “Qibray salar fayz” f/x 2 ga, Yuqori Chirchiq tumani “Shoxrux agro tinchlik” f/x 3,5 ga, Samarqand viloyati Jomboy tumani “Ravshan” f/x 17 ga, jami 48,5 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi  2025 yil 29 maydagi №05/06-04-266-sonli ma’lumotnoma). Natijada, nazoratga nisbatan yuqori qo‘shimcha hosildorlik 73,0 s/ga ni tashkil qilgan;
kimyoviy vositalardan dala maydonlarida ikkita ta’sir etuvchi moddalar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan boskalid + piraklostrobin (Bellis 380 g/kg s.d.g.) 0,8-1,2 kg/ga hamda andoza sifatida tanlangan mankotseb + metalaksil M (Ridomil Gold MS 68% s.d.g.) 2,5 kg/ga fungisidlarini qo‘llash  Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani “Gulchimir agro” f/x 5,5 ga, Toshkent tumanidagi “Abdusattor agro omad” f/x 25 ga, “Mirqosim kamola fayz” f/x 27 ga, “Alayor fayz” f/x 27 ga, jami 59,5 ga  maydonga joriy etilgan, havo orqali tarqaladigan alternarioz va fitoftoroz kasalliklarining rivojlanishiga yuqori darajada ta’sir etishi aniqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi  2025 yil 29 maydagi №05/06-04-266-sonli ma’lumotnoma). Natijada, nazoratga nisbatan 71,2 s/ga gacha hosilning saqlab qolinishiga erishilgan.
Kartoshka hosildorligiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadigan zamburug‘ kasalliklariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish uchun dastlab ularga qarshi kimyoviy va biologik vositalarning ta’siri in vitro sharoitida o‘rganishdan boshlangan. In vitro sharoitida samarali bo‘lgan vositalar avvaldan tanlab olingan hamda laboratoriya sharoitida patogenlarning ingibrlanish imkonini bergan. Jumladan: tajribalarda tuproq va zararlangan tuganaklar orqali tarqalish imkoni yuqori bo‘lgan zamburug‘larining rivojlanishiga ikkita ta’sir etuvchi moddalar kombinatsiyasi (Fludioksanil + mefenoksam) ga ega bo‘lgan Maksim XL 035 FS, 3,5% sus.k. urug‘dorilagich fungisidi yuqori darajada ta’sir etishi aniqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi  2025 yil 29 maydagi №05/06-04-266-sonli ma’lumotnoma). Natijada, zamburug‘ koloniyalarining rivojlanishini 100% gacha ingibrlanishiga erishilgan, shuningdek havo orqali tarqalish imkoni yuqori bo‘lgan, ta’sir etuvchi moddasi boskalid+piraklostrobin (Bellis 380 g/kg s.d.g.) hamda mankotseb + metalaksil M (Ridomil Gold MS 68% s.d.g.) fungisidlari ham zamburug‘ izolyatlarining miselial o‘sishini 100 % gacha ingibr qilishi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish