Azizova Nafruza Esanboevnaning
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Insonning tashqi ko‘rinishini ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarning lingvomadaniy va lingvokognitiv tadqiqi (ingliz va o‘zbek tillari misolida), 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2516.
Ilmiy rahbar: Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillar universiteti, IK raqami: DSc.03/30.12.2019.Fil.27.01.
Rasmiy opponentlar: Qodirova F.Sh., filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Teshaboeva Z.I., filologiya fanlari doktori (DSc), professor;
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida insonning tashqi ko‘rinishini ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarni lingvomadaniy va lingvokognitiv nuqtayi nazardan tadqiq etish orqali ushbu birliklarning madaniy va kognitiv xususiyatlarini, milliy tafakkurdagi o‘ziga xosliklarini, universal hamda differensial jihatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
antropotsentrik yondashuv asosida tilning kognitiv, madaniy va assotsiativ qatlamlari hamda inson tashqi ko‘rinishini ifodalovchi frazeologik birliklarning lingvomadaniy tahlili orqali somatik frazeologizmlarning ichki tuzilishi va ularning inson qomati, yuzi va tana a’zolariga oid konseptual hamda semantik-pragmatik funksiyalari aniqlangan;
frazeologik va paremiologik birliklarning metaforik, metonimik hamda semantik xususiyatlarini talqin etuvchi lingvomadaniy tasnif asosida inson tashqi ko‘rinishiga oid frazeologik birliklarning xalq tasavvurida shaxsning fe’l-atvori va ijtimoiy mavqeyini ifodalovchi, qadimiy antropologik qarashlar hamda estetik stereotiplarni saqlovchi va zamonaviy til tafakkurida yangi ijtimoiy-madaniy konnotatsiyalar bilan boyib borayotgan dinamik lingvomadaniy kod sifatidagi maqomi dalillangan;
badiiy matn tizimida frazeologik birliklarning qo‘llanilishi ularning stilistik imkoniyatlari, ekspressiv-emotsional ifodaviyligi va kontekstual-pragmatik jihatlari asosida personaj psixologiyasi, badiiy obraz dinamizmi hamda voqelikning estetik va ijtimoiy talqinini ochib beruvchi kompleks tahlil orqali inson tafakkuri va konseptual dunyoqarashida aks etuvchi mental-modellarga asoslangan funksional xususiyatlari ilmiy asoslangan;
somatik frazeologizmlar va tana qismlarini ifodalovchi iboralarni tizimlashtirish hamda badiiy matnlardagi frazeologizmlarning stilistik-funksional xususiyatlarini tahlil qilish orqali o‘zbek paremiologik birliklarining ko‘proq ijtimoiy-axloqiy qadriyatlarni, ingliz paremiologik birliklari esa falsafiy-realistik dunyoqarashni namoyon etishi ikki xalq paremiyalarining umuminsoniy tafakkurni – go‘zallik va nuqsonning birligidan iborat haqiqatni yoritish manbai sifatida xizmat qilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Insonning tashqi ko‘rinishini ifodalovchi frazeologik va paremiologik birliklarning lingvomadaniy va lingvokognitiv tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
inson tashqi ko‘rinishini ifodalovchi frazeologik birliklarning lingvomadaniy yondashuv asosidagi tizimli tahlili orqali milliy tafakkur, estetik qarashlar va madaniy qadriyatlarning til vositasida ifodalanish usullari, shuningdek, bu birliklarda aks etgan ijtimoiy stereotiplar va madaniy kodlash mexanizmlari mavjudligi ilmiy dalillanganiga oid xulosalardan 2021–2022-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida amalga oshirilgan AL-412104512 raqamli “O‘zbekistonning geografik obektlari uchun ko‘p tildagi elektron lug‘at yaratish” hamda 2022–2023-yillarda amalga oshirilgan IL-21091378 raqamli “Oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilarni kasbiy saralashning psixologik diagnostikasi tizimini shakllantirish” loyihalarida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2025-yil 29-maydagi 04-04-1/2603-son hamda 2025-yil 30-maydagi 04-04-1/2636-son ma’lumotnomalari). Natijada frazeologik birliklarni lingvomadaniy jihatdan tadqiq etish ko‘p tilli lug‘atlar kontentini boyitishga hamda madaniyatlararo muloqot samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
frazeologik va paremiologik birliklarning metaforik, metonimik hamda semantik xususiyatlarining lingvokognitiv nuqtayi nazardan kompleks tahlili negizida ularning inson tafakkuri va konseptual dunyoqarashda aks etuvchi mental-modellarga asoslangan holda shakllanish jarayoni hamda funksional xususiyatlari ilmiy jihatdan isbotlangani bilan bog‘liq xulosa va umumlashmalardan 2022 – 2023-yillarda Urganch davlat universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida amalga oshirilgan CY21-S-22S-raqamli “Building CBYCLII: Teacher Capacity and Success for ESL Teachers at Urganch State University” loyihasida foydalanilgan (Urganch davlat universitetining 2025-yil 17-iyundagi 02-111/-son ma’lumotnomasi).). Natijada tadqiqot natijalari loyiha kontentining leksik bazasini boyitishda va frazeologik birliklarning konseptual hamda madaniy qamrovini yoritishda muhim metodik jihatdan ko‘maklashuvchi vosita sifatida ishlatilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi inson tashqi qiyofasini ifodalovchi frazeologizmlar va maqollarning ekspressivlik, izomorf hamda allomorf xususiyatlari, ularning semantik tuzilishi va madaniy konnotatsiyalari orqali ikki xalq tafakkuridagi umumiylik hamda farqli jihatlar qiyosiy-lingvistik asosda aniqlangani borasidagi nazariy mulohazalardan 2022–2024-yillarda Urganch davlat universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida amalga oshirilgan S-UZ800-20-GR-0038-raqamli “ACCESS Microscholarship Program” loyihasida samarali foydalanilgan (Urganch davlat universitetining 2025-yil 3-maydagi 02-106/3-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha kontenti takomillashtirilgan hamda lingvistik jihatdan yanada boyitilgan;
somatik frazeologizmlar va tana qismlarini ifodalovchi iboralarni tizimlashtirish, badiiy matnlardagi frazeologik birliklarning stilistik-funksional xususiyatlarini tahlil qilish, shuningdek, ularning semantik va konseptual asoslariga tayangan holda milliy tafakkur va madaniy kodni aks ettiruvchi yangi tizimli tasnifni ishlab chiqish orqali frazeologik birliklarning madaniy xususiyatlari ilmiy dalillar bilan asoslanganiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 6-oktyabrdagi 84-03-3726-sonli rasmiy xatiga asosan Samarqand davlat chet tillar instituti va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 2020–2022-yillarda amalga oshirilgan SUZ80020GR0039 raqamli “English Access Microscholarship Program” loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 29-maydagi 1649/02-son ma’lumotnomasi). Natijada xalqning urf-odatlari, an’analari, e’tiqodlari va hayotiy tajribalari bilan frazeologik birliklarning uzviy aloqadorligi ilmiy asosda yoritilgan.