Raximbaev Berik Sagidolla ulining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Litiy tarkibli texnogen kompozision mineral hosilalarni qayta ishlash texnologiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish va litiy tovar tuzlarini olish mexanizmi qonuniyatlarini aniqlash», 02.00.07 – Kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi, 05.02.01 - Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/T956.
Ilmiy maslahatchilar: Xasanov Abdirashid Salievich, texnika fanlari doktori, professor; Pirmatov Eshmurat Azimovich, texnika fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DM, DSc.03/30.12.2019.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Shoobidov Shorahmat Asqarovich, texnika fanlari doktori, professor; Abed Nodira Sayibjanovna, texnika fanlari doktori, professor; Sharofutdinov Ulug‘bek Ziyatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: litiy tarkibli texnogen kompozision mineral hosilalarni qayta ishlash texnologiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish va litiy tovar tuzlarini olish mexanizmi qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
termodinamik hisob-kitoblar bilan oksidlovchi gidrokatalatik qo‘shimchalar ishtirokida chiqindilar va rudalardan litiyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlab eritmaga o‘tkazish imkoniyati aniqlangan;
gidrokatalitik qo‘shimchalar ishtirokida TMHni sul`fat kislota eritmalari bilan tanlab eritish jarayoni ko‘p bosqichli xususiyatga ega ekanligi va tanlab eritish tezligi diffuziya omillari bilan cheklanganligi aniqlangan;
chiqindilardan litiyni sul`fat va ftorid kislotalari yordamida tanlab eritish harorat va kislota konsentratsiyasiga yuqori darajada bog‘liqligi, jarayon 20-70 °C haroratda, suyuqlik:qattiq 2:1 nisbatda va tanlab eritish vaqti 3 soatgacha bo‘lganda samarali kechishi aniqlangan;
litiy TBF ni sul`fat kislotali eritmalardan ekstraksiyalashning kinetik qonuniyatlarini aniqlash orqali fazalarning ajralish yuzasida ekstraksiyalanadigan komplekslar hosil bo‘lishi asoslangan;
ekstraksiya jarayonining kimyoviy tabiati va tashqi omillarga bog‘liq holda sul`fat kislotali eritmalardan litiyni ekstraksiyalash mexanizmi aniqlangan;
99% li litiy karbonat olish imkonini beruvchi tarkibida litiy bo‘lgan chiqindilar va rudalarni qayta ishlashning yangi kombinatsiyalangan texnologiyasi sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Litiy tarkibli texnogen kompozision mineral hosilalarni qayta ishlash texnologiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish va litiy tovar tuzlarini olish mexanizmi qonuniyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ekstraksion texnologik sxemani qo‘llagan holda tarkibida litiy bo‘lgan TMHlardan litiyni ajratib olishning ishlab chiqilgan texnologiyasi «Ognevskiy GOK» MChJda amaliyotga joriy etilgan («Ognevskiy GOK» MChJning 2024 yil 6 sentyabrdagi va O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 30 iyuldagi 38-2387-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, litiyning ajratib olish darajasini 92% gacha oshirish imkonini bergan;
sul’fat kislotali eritmadan litiyni ajratib olish uchun sul’fat kislotali tanlab eritishning ishlab chiqilgan texnologik parametrlari «Ognevskiy GOK» MChJda ishlab chiqarishga joriy etilgan («Ognevskiy GOK» MChJning 2024 yil 6 sentyabrdagi va O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 30 iyuldagi 38-2387-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, tarkibida litiy tutgan TMHlarni kompleks qayta ishlab, tarkibida litiy tutgan tuzlar olish va chiqindilarni to‘liq utilizatsiya qilish imkonini bergan;
litiy tarkibli chiqindilarni qayta ishlashning ishlab chiqilgan kombinatsiyalangan gravitatsion-gidrometallurgik sxemasi «Ognevskiy GOK» MChJda ishlab chiqarishga joriy etilgan («Ognevskiy GOK» MChJning 2024 yil 6 sentyabrdagi va O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 30 iyuldagi 38-2387-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, gravitatsion boyitmaga tantal, niobiy, qalay va litiy karbonatga litiy kabi qimmatbaho komponentlarni kompleks ajratib olish imkonini bergan.