Nishonov O‘tkir Anjiboevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qobirg‘ali plastinka va sferik qobiqlarning nochiziqli deformatsiyalanishi», 01.02.04–Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/FM167.

Ilmiy rahbar: Xalmuradov Rustam Ibragimovich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.30.08.2018.FM/T.02.09.

Rasmiy opponentlar: Abdikarimov Rustamxon Alimxanovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Mamasoliev Qozoqboy, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: turli dinamik yuklanishlar ta’siri ostidagi qobirg‘ali doiraviy plastinka va sferik qobiqlarning  nochiziqli deformatsiyalanish modellarini takomillashtirish, tebranish tenglamalarini sonli echish usullari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

plastinka va qobiqlar nostatsionar tebranishlari va kuchlangan-deformatsiyalangan holatlariga o‘zaro ta’sirlashuvchi ko‘ndalang kesimi o‘zgarmas qobirg‘alar ko‘rinishidagi mustahkamlash elementlarining dinamik reaksiyasini aniqlash usuli va algoritmi ishlab chiqilgan;

deformatsiya va ko‘chishlar komponentlari orasidagi geometrik nochiziqli bog‘lanishlarni hisobga olgan holda qobirg‘ali doiraviy plastinka va sferik qobiqlarning tebranishi tenglamalarini sonli echish algoritmi ishlab chiqilgan;

materialning elastik-plastik xossalarini hisobga olgan holda qobirg‘ali doiraviy plastinka va sferik qobiqlarning tebranishi tenglamalarini sonli echish dasturiy vositasi ishlab chiqilgan;

mustahkamlash qobirg‘alari, ularning joylashishi va sonining diskretligi ta’sirini hisobga olgan holda tashqi dinamik, xususan plastinka va qobiqlarning qobirg‘a bilan tutashmagan tashqi sirtiga ta’sir etuvchi impul`sli, portlashdagi yuklanishlar ta’siri ostidagi doiraviy plastinka va sferik qobiqlarni hisoblash algoritmi yaratilgan;

tashqi nostatsionar impul`sli, oniy o‘suvchi va boshqa yuklanishlar ta’siridagi mustahkamlangan qobirg‘ali doiraviy plastinka va sferik qobiqlar kuchlangan-deformatsiyalangan holatini hisoblash usuli va algoritmi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Turli xil dinamik yuklanishlar ta’siri ostidagi qobirg‘ali plastinka va qobiqlar nochiziqli deformatsiyalanishi hisobining yaratilgan dasturi natijalari hamda ishlab chiqarilgan sonli usullar va algoritmlar bo‘yicha olingan natijalar asosida:

qobiq nostatsionar tebranishlari va kuchlangan-deformatsiyalangan holatlariga o‘zaro ta’sirlashuvchi ko‘ndalang kesimi o‘zgarmas qobirg‘alar ko‘rinishidagi mustahkamlash elementlarining dinamik reaksiyasini aniqlash usuli «Menzula tasvir servis» MChJda  bikrlik qobirg‘alari bilan mustahkamlangan yotiq sferik qobiqlarning kuchlangan-deformatsiyalangan holatini aniqlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 1186/30-01-son ma’lumotnomasi). Natijada bikrlik qobirg‘alari bilan mustahkamlangan sferik qobiqning deformatsiyalangan holati uning mumkin bo‘lgan salqinligini aniqlash bilan birga baholangan va bu qurilma material sarfini 15%ga kamaytirish imkonini bergan;

tashqi nostatsionar impul`sli yuklanishlar ta’siridagi mustahkamlangan qobirg‘ali sferik qobiqlar dinamik deformatsiyalangan holatini hisoblash usuli va algoritmi «Menzula tasvir servis» MChJda bino ustki qurilmasi materiali mustahkamligi shartining bajarilishini tekshirish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 1186/30-01-son ma’lumotnomasi). Natijada kuchlanishlar to‘plangan sohalarini bikrlik qobirg‘alari bilan mustahkamlash usuli qurilmaning yuk ko‘tarish imkoniyatini 10–12%ga oshirish imkonini bergan;

qobirg‘ali doiraviy plastinkaning tebranishi tenglamasini sonli echish dasturiy vositasi «Sarmoya quruvchi servis» MChJda amaliyot uchun xavfli bo‘lgan, bir yoki ikkita xalqali qobirg‘alar bilan mustahkamlangan doiraviy plastinka kesimlaridagi eguvchi momentlar va qirquvchi kuchlar qiymatlarini aniqlash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 1186/30-01-son ma’lumotnomasi). Natijada qobirg‘alarning o‘rnatilishi ko‘rsatilgan kuch faktorlarini 40%dan 60%gacha kamaytirish va qurilma og‘irligini 15-20%ga engillashtirishga xizmat qilgan;

tashqi dinamik, xususan, plastinkaning qobirg‘a bilan tutashmagan tashqi sirtiga ta’sir etuvchi impul`sli yuklanishlar ta’siridagi doiraviy plastinka hisobi algoritmi «Sarmoya quruvchi servis» MChJda material mustahkamligi shartini tekshirish imkonini beruvchi kuchlanish qiymatlarini aniqlash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2018 yil 8 iyundagi 1186/30-01-son ma’lumotnomasi). Natijada plastinka radiusining 2/5 va 3/5 qismi nuqtalarida qobirg‘alarni o‘rnatish materiallar va mehnat sarfini qobirg‘alanmagan plastinkaga nisbatan 30%gacha iqtisod qilish hamda qobirg‘alarni optimal joylashtirish plastinkaning yuk ko‘tarish qobiliyatini 12–15%ga oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish