Safarov Alijon Itolmasovich 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Harbiy jurnalistika taraqqiyotiga kommunikativ hodisalarning ta’sir etish omillari”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1. DSc/Fil967.
Ilmiy maslahatchi: Saidov Halim Omonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, DSc.30/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Yusuf Hamdamov, filologiya fanlari doktori, dotsent Amrullo Karimov, harbiy fanlar doktori, dotsent Akmal Qodirov. 
Yetakchi tashkilot:  Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi  O‘zbekiston harbiy jurnalistikasi tarixi, tadrijiy rivojida kommunikativ hodisalarning o‘rni, harbiy nizolarda kommunikativ hodisalarning muhim omillari, mudofaa siyosatida axborotning ijtimoiy ahamiyati, ziddiyatli vaziyatlardan media mahsulot tayyorlashda jurnalist mahorati va faoliyatining o‘ziga xosligini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Chor Rossiyasi mustabid siyosati, qizil armiyaning milliy ozodlik harakatini bostirish bilan bog‘liq jangovar harakatlari mediatizatsiyasida Turkistonga nisbatan “strategiya – diskreditatsiya, taktika – ayblov” formulasida media materiallar berilgani aniqlangan; 
OAVning ijtimoiy institut sifatidagi ta’sir funksiyasi mahsuli bo‘lgan jangovar harakatlar mediatizatsiyasi nizolashayotgan tomonlarning jamoatchilik ongini boshqarishga qaratilgan kommunikatsiyaviy modeli ekanligi dalillangan;  
harbiy nizolarda axborot-targ‘ibiy ta’sir ob’ektlari tasniflanishi natijasida OAV va davlat institutlari uchun muayyan strategiyani amalga oshirishning axborot-targ‘ibiy ta’minot konsepsiyasi isbotlangan;
urush, qurolli to‘qnashuv, ziddiyatli vaziyatlarda mudofaa siyosati targ‘ibotiga qaratilgan media obrazlar transformatsiyasi “targ‘ibot-qahramon yaratish-dushmanni qoralash” sxemasida shakllangani dalillangan; 
qurolli to‘qnashuvlarda jurnalistning muayyan g‘oya, mafkurani psixologik ta’sir vositasida singdirishi natijasida ijtimoiy fikrning sust reaksiyasiga olib keladigan passiv manipulyasiya, yashirin, aldamchi, zo‘ravonlik taktikasi bilan agressiv reaksiyaga sabab bo‘ladigan aktiv manipulyasiya aniqlangan; 
harbiy nizoni yoritayotgan jurnalist matnda qo‘llaydigan “nafrat tili” ning zoomorf metaforaga asoslangan g‘ayriinsoniy, qarg‘ishga asoslangan g‘ayriaxloqiy aspektlari, stereotip va yorliqlar yopishtirilgan, qo‘rquv va g‘azab hosil qiladigan, dushmanga umumiy ayblovlar taqalgan ijtimoiy aspektlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Harbiy jurnalistika taraqqiyotiga kommunikativ hodisalarning ta’sir etish omillari tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
OAVning ijtimoiy institut sifatidagi ta’sir funksiyasi mahsuli bo‘lgan jangovar harakatlar mediatizatsiyasi nizolashayotgan tomonlarning jamoatchilik ongini boshqarishga qaratilgan kommunikatsiyaviy modeli ekanligiga oid xulosa va takliflardan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining ijtimoiy yo‘naltiruvchi vazifalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining 2025 yil 14 maydagi 02-18/139-son). Natijada jurnalistlarning ixtisoslashuvida va kasbiy mahorati oshishida yordam bergan;
qurolli to‘qnashuvlarda jurnalistning muayyan g‘oya, mafkurani psixologik ta’sir vositasida singdirishi natijasida ijtimoiy fikrning sust reaksiyasiga olib keladigan passiv manipulyasiya, yashirin, aldamchi, zo‘ravonlik taktikasi bilan agressiv reaksiyaga sabab bo‘ladigan aktiv manipulyasiyaga bog‘liq xulosa va takliflardan “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkilotining manipulyativ axborotlarga nisbatan immunitetni shakllantirishga qaratilgan faoliyatida foydalanilgan (“Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkiloti, 2025 yil 20 maydagi 20-son). Natijada auditoriyada tajovuzkor kontentlarga nisbatan mustahkam immunitet shakllanishiga yordam bergan; 
 harbiy nizolarda axborot-targ‘ibiy ta’sir ob’ektlari tasniflanishi natijasida OAV va davlat institutlari uchun muayyan strategiyani amalga oshirishning axborot-targ‘ibiy ta’minot konsepsiyasi bilan bog‘liq xulosa va takliflardan O‘zbekiston milliy axborot agentligining ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy axborot agentligi, 2025 yil 29 maydagi 01-23/584-son). Natijada  respublikaning ichki va tashqi siyosati to‘g‘risida ishonchli axborotlarni to‘plash, tarqatish va ta’minlashni tashkil etishni yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;  
Chor Rossiyasi mustabid siyosati, qizil armiyaning milliy ozodlik harakatini bostirish bilan bog‘liq jangovar harakatlari mediatizatsiyasida Turkistonga nisbatan “strategiya – diskreditatsiya, taktika – ayblov” formulasidan, harbiy nizoni yoritayotgan jurnalist matnda qo‘llaydigan “nafrat tili” ning aspektlarini o‘rganishdan kelib chiqadigan taklif va tasviyalardan “Vatanparvar” Birlashgan tahririyatining ijtimoiy axborot tarqatish bilan bog‘liq faoliyatida foydalanilgan (Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining 2025 yil 15 maydagi 40/127-son ma’lumotnomasi). Natijada bu nashrning milliy istiqlol mafkurasi targ‘ibotidagi roli, ijtimoiy institut sifatidagi maqomi ortishiga xizmat qilgan.   
urush, qurolli to‘qnashuv, favqulodda, ziddiyatli vaziyatlarda media obrazlarni shakllantirishdagi muhim prinsiplarning mamlakatning ichki va tashqi imijiga bog‘liq ekanligiga oid taklif, tavsiyalardan “Muhofaza+” jurnali va “Vaziyat” gazetasi Birlashgan tahririyatining  axborot-kommunikatsion faoliyatida foydalanilgan (Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining 2025 yil 16 maydagi 12/4-1371-son ma’lumotnomasi). Natijada  jurnalistlarning favqulodda, ekstremal sharoitlarda ishonchli axborot berish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari takomillashgan. 
      

Yangiliklarga obuna bo‘lish