Avezov Umidjon Toshpulatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda kasaba uyushmalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.02 – “Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi” ixtisosligi bo‘yicha (yuridik fanlar).
Ilmiy rahbar: Ruziev Zafar Rayimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti PhD.03/30.12.2019.Yu.20.02.
Rasmiy opponentlar: Xayitov Xushvaqt Saparbaevich– yuridik fanlar doktori, professor; Reymova Zuhra Abatbaevna – yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini kompleks tadqiq etish orqali kasaba uyushmalarining faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’lim olayotgan, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxslar hech qanday tafovusiz o‘z tanloviga ko‘ra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek, kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan kasaba uyushmalariga birlashish huquqiga ega ekanligi asoslangan;
kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida ixtiyoriylik prinsipi, yani fuqarolar o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish, ularga a’zo bo‘lish, kasaba uyushmasi faoliyati bilan shugʻullanish va kasaba uyushmalariga a’zolikdan chiqish huquqiga ega ekanligi asoslab berilgan;
kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashmaslik kafolatlarini belgilash, jumladan, davlat kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlanishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlashi zarurligi asoslab berilgan;
Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari alohida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarurligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Tadqiqot natijalariga ko‘ra quyidagi takliflar ishlab chiqildi va joriy qilindi:
mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’lim olayotgan, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxslar hech qanday tafovusiz o‘z tanloviga ko‘ra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek, kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan kasaba uyushmalariga birlashish huquqiga ega ekanligi bo‘yicha berilgan taklif 2019-yil 6-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘gʻrisida”gi O‘RQ-588-son Qonuni 4-moddasini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish Qo‘mitasining 2020-yil 4-yanvardagi №06-14/10-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga egaligiga oid mexanizmlarini qonunchilikda belgilashga xizmat qilgan;
kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida ixtiyoriylik prinsipini qonunchilikka kiritish bo‘yicha taklif 2019-yil 6-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘gʻrisida”gi O‘RQ-588-son Qonuni 7-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2019-yil 27-dekabrdagi №BM-08/1580-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi fuqarolar o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish, ularga a’zo bo‘lish, kasaba uyushmasi faoliyati bilan shugʻullanish va kasaba uyushmalariga a’zolikdan chiqish huquqiga egaligiga oid mexanizmlarini qonunchilikda belgilashga xizmat qilgan;
kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashmaslik kafolatlarini ta’minlashga oid taklif 2019-yil 6-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘gʻrisida”gi O‘RQ-588-son Qonuni 12-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari Qo‘mitasining 2019-yil 26-dekabrdagi №05/1-07-4537-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga oid mexanizmlarini qonunchilikda belgilashga xizmat qilgan;
Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari alohida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarurligiga doir taklifdan Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-fevraldagi 72-son qarori ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi to‘gʻrisida”gi nizomni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 30-iyundagi № 36-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi kasaba uyushmalari bo‘linmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yishni tartibga solish amaliyotini takomillashtirishga xizmat qilgan.
Mazkur dissertatsiya xulosalari asosida ishlab chiqilgan kasaba uyushmalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalari qabul qilingan.