Bobokulov Zarif Rayimkulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zarafshon vodiysi sharoitida no‘xat etishtirish texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Qx.287
Ilmiy maslahatchi: Bobomirzaev Pirnazar Xursanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Iminov Abduvali Abdumannobovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Sultanova Zulfiya Sultanovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Jumaboev Zuxriddin Mo‘minovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zarafshon vodiysining sug‘oriladigan va lalmikor erlari sharoitlarida no‘xat navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul agrotexnologik tadbirlarni ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Zarafshon vodiysining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xatning Polvon va Zumrad navlari o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga kuzgi va bahorgi mudatda turli ekish sxemalarining ta’siri ilmiy asoslangan hamda yuqori va sifatli hosil etishtirish uchun kuzda (20-30 noyabr) 60x6x1 sxemasida, bahorda (20-25 fevral) 60x9x1 sxemasida ekish maqbul ekanligi aniqlangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xatning Polvon navi urug‘lariga Rizovit AKS inokulyanti bilan ishlov berib ekish evaziga o‘simlik o‘sishi-rivojlanishi jadal kechib, dukkaklash fazasida nazoratga nisbatan barg sathining 2,7 ming m2/ga.ga, fotosintez sof mahsuldorligining 0,36 g/m2 sutkaga yuqori bo‘lishining hosildorlik (qo‘shimcha 1,2 s/ga) va don sifatiga (oqsil 3,5 % yuqori) ijobiy ta’siri ilmiy asoslangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlar sharoitida no‘xatning Polvon navi o‘sishi, rivojlanishi va hosil elementlari shakllanishiga inokulyant, sug‘orish tartiblari va mineral o‘g‘itlar me’yorlarining o‘zaro ta’siri ilmiy asoslangan hamda urug‘larga Rizovit AKS inokulyanti bilan ishlov berib ekilib, sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNS ga nisbatan 70–70–60 % sug‘orish tartibida va N₄₅P₉₀K₆₀ kg/ga me’yorda mineral o‘g‘itlar qo‘llab parvarishlangan variantda nazoratga nisbatan bir o‘simlikdagi dukkak soni 9,6–19,3 donaga, don soni 8,0–19,9 donaga, tuganak soni 13,4–20,0 donaga va tuganak vazni 0,59-0,61 grammga yuqori bo‘lishi aniqlangan;
Zarafshon vodiysining lalmikor qir-adirlik mintaqasi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xatning Malxotra navi Lazzat naviga nisbatan dala unuvchanligi, poya balandligi, shoxlar soni, birinchi pastki dukkakning joylashish balandligi, 1000 ta don vazni bo‘yicha ustunlikka ega ekanligi aniqlangan hamda no‘xat navlari 10-15 fevralda 60x12x1 sxemasida ekilganda nazorat (60x6x1 ekish sxemasi)ga nisbatan maqbul tup soni va hosil elementlarining shakllanishini natijasida gektar hisobiga olinadigan don hosili 1,0-1,2 s/ga, oqsil miqdori 18,9-23,7 kg/ga yuqori bo‘lishi ilmiy asoslangan;
no‘xat navlarini sug‘oriladigan va lalmikor erlar sharoitlarida asosiy ekin sifatida etishtirishda qo‘llanilgan agrotexnologik elementlar va tadbirlarning iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri qiyosiy baholangan hamda maqbul variantlarni qo‘llash hisobiga sug‘oriladigan erlarda 158,8 % gacha, lalmikorlikda 71,7% gacha rentabellikka erishish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zarafshon vodiysining sug‘oriladigan och tusli va o‘tloqi bo‘z va lalmikorlikning qir-adirlik mintaqasi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida no‘xat etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
“Sug‘oriladigan va lalmikor erlarda no‘xat etishtirish texnologiyasiga oid tavsiyanoma” va “Zarafshon vodiysi sharoitida no‘xatdan yuqori va sifatli hosil etishtirish bo‘yicha tavsiyanoma” nomli tavsiyanomalar ishlab chiqilgan hamda Samarqand va Navoiy viloyatlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/05-04-371-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanomalar Samarqand va Navoiy viloyatlari fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa er egalari uchun no‘xat ekinidan yuqori va sifatli hosil etishtirishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
sug‘oriladigan erlar sharoitida no‘xat urug‘lariga ekishdan oldin Rizovit AKS inokulyanti bilan ishlov berilib, kuzda maqbul muddat (20-30.11) 60x6x1 sxemasida (144 kg/ga) da va bahorda (20-25.02) 60x9x1 sxema (96 kg/ga) da ekish ob-havo sharoiti va atmosfera yog‘inlarini hisobga olgan holda 700-780 m3/ga me’yorda 2-3 marta sug‘orish ya’ni sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-70-60 % ushlash va o‘suv davrida mineral o‘g‘itlar bilan N45P90K60 kg/ga me’yorda oziqlantirish texnologiyasi Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 7,5 gektar, Narpay tumanida 9,3 gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 15,2 gektar, jami 32,0 gektar va Navoiy viloyatini Xatirchi tumanida 7,2 gektar, Nurota tumanida 8,3 gektar, jami 15,5 gektar maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/05-04-371-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu agrotexnologiyani qo‘llash natijasida no‘xatning Polvon navidan 28,7-30,5 s/ga don hosili olinib, gektaridan 11,2-13,1 million so‘mgacha sof foyda va 92,5-98,9 % rentabellikka erishilgan;
lalmikor er maydonlarida no‘xatni fevral oyining ikkinchi o‘n kunligi (10-15.02)da 60x12x1 sxemasida (50 kg/ga) ekish texnologiyasi Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 11,2 gektar, Qo‘shrabot tumanida 22,8 gektar, Pastdarg‘om tumanida 8,8 gektar, viloyat bo‘yicha jami 42,8 gektar joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/05-04-371-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu agrotexnologiyani qo‘llash hisobiga no‘xatning Malxotra navidan o‘rtacha 9,1-9,8 s/ga don hosili olinib, 49,3-60,3 % rentabellikka erishilgan;
Zarafshon vodiysining sug‘oriladigan va lalmikor erlari sharoitida no‘xat ekinidan yuqori va sifatli don hosili olish bo‘yicha maqbul agrotadbirlar Samarqand viloyatining Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Qo‘shrabot tumanlarida 74,8 gektar hamda Navoiy viloyatining Xatirchi va Nurota tumanlari fermer xo‘jaliklarida 15,5 gektar jami 90,3 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/05-04-371-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, erdan foydalanuvchi subektlar, agroklasterlar, fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida no‘xat ekinini etishtirish agrotexnologiyasi tadbirlarini to‘g‘ri belgilash imkonini bergan.