Komilova Dilnozaxon Muhammad qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Badiiy matn implisit mazmunini aktuallashtiruvchi ifodalar tadqiqi” (detal` komponentli matnlar misolida), 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4776.
Ilmiy rahbar: Mamajonov Muhammadjon Yusubjonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muxammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi badiiy matn implisit mazmunini aktuallashtiruvchi detal` komponentli matnlarning kognitiv-pragmatik va assotsiativ xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
badiiy matnning mazmuniy yaxlitligini ta’minlovchi leksik-semantik birliklarning o‘zaro mantiqiy boglanishi, ularning kontekstual strukturada mazmunan bir-birini to‘ldirishi, matnda verbal vositalarning implisit ifodasini yuzaga chiqaruvchi kogeziya va detallashtirilgan obrazli ifodalar assotsiatsiyasi sanalgan adgeziya hodisalarining mohiyati ilmiy asoslangan;
badiiy matn mazmuniy sathida aktuallashuvchi detallarning belgilik tabiati, ularning obrazli ifodasi, badiiy mantiqqa asoslangan semiologik-assotsiativ jihatlari hamda detallashtirilgan komponentli matnlarning verbalizatsiyasi lisoniy dalillar tahlili asosida isbotlangan;
detal` komponentli matnlarning kognitiv-pragmatik xususiyatlarini aniqlash orqali tilning lisoniy sistemasiga taalluqli bo‘lgan nutq tiplarining peyzaj, harakat-holat, narsa-buyum, qahramon nutqi kabi turlari ajratilgan hamda ularning matn mazmuniy sathidagi o‘rni ochib berilgan;
tilning verbal tizimiga mansub lisoniy elementlar va ekstralingvistik sistemaga taalluqli nolisoniy ifodalar estetik qiymatga ega bo‘lgan kontekstdagina badiiy obrazga aylanishi, ijodkor badiiy tafakkurida voqelikning verbal tasviri hamda badiiylik mezonlari bilan to‘yingan oshkora va yashirin mazmuniy strukturaning mantiqiy transformatsiyalanish tamoyillariga asosan uyg‘unlashuvi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matnda implisit mazmunni aktuallashtiruvchi ifodalar tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
badiiy matnning mazmuniy yaxlitligini ta’minlovchi leksik-semantik birliklarning o‘zaro mantiqiy boglanishi, ularning kontekstual strukturada mazmunan bir-birini to‘ldirishi, matnda verbal vositalarning implisit ifodasini yuzaga chiqaruvchi kogeziya va detallashtirilgan obrazli ifodalar assotsiatsiyasi sanalgan adgeziya hodisalarining mohiyati ilmiy asoslanganligiga doir natija va xulosalardan 2021-2023 yillarda bajarilgan “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2025 yil 20 iyundagi 363/01-01-sonli ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matnda ijodkor tafakkuriga xos badiiylik mezonlarining mukammallik darajasi nafaqat umumiy lisoniy bilim fondiga asoslangan ifoda, balki badiiy did, estetik tafakkur kabi ifoda shakllari bilan ham belgilanishi haqidagi ilmiy-nazariy qarashlar asosida loyiha ma’lumotlarining mukammallashuviga erishilgan;
badiiy matn mazmuniy sathida aktuallashuvchi detallarning belgilik tabiati, ularning obrazli ifodasi, badiiy mantiqqa asoslangan semiologik-assotsiativ jihatlari hamda detallashtirilgan komponentli matnlarning verbalizatsiyasi lisoniy dalillar tahlili asosida isbotlanganligiga oid natija va xulosalardan 2020-2021 yillarda bajarilgan “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plamini yaratish” mavzusidagi FZ- 2019081663 raqamli fundamental` loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek fol`klor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat Xoreografiya akademiyasining 2025 yil 12 iyundagi 1/04-255 son ma’lumotnomasi). Natijada oddiy xabarni ifodalovchi turli-tuman vositalar badiiy matnda lingvoestetik funksiya bajarishi loyiha doirasida yaratilgan lug‘atning mukammallashuviga xizmat qilgan;
badiiy detal` komponentli matnlarning kognitiv-pragmatik xususiyatlarini aniqlash orqali tilning lisoniy sistemasiga taalluqli bo‘lgan nutq tiplarining peyzaj, harakat-holat, narsa-buyum, qahramon nutqi kabi turlari ajratilgan hamda ularning matn mazmuniy sathidagi o‘rni ochib berilganligi hamda tilning verbal tizimiga mansub lisoniy elementlar va ekstralingvistik sistemaga taalluqli nolisoniy ifodalar estetik qiymatga ega bo‘lgan kontekstdagina badiiy obrazga aylanishi, ijodkor badiiy tafakkurida voqelikning verbal tasviri hamda badiiylik mezonlari bilan to‘yingan oshkora va yashirin mazmuniy strukturaning mantiqiy transformatsiyalanish tamoyillariga asosan uyg‘unlashuvi dalillanganligiga doir ilmiy natija va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2025 yil 12 iyundagi 26-36-1003 son ma’lumotnomasi). Natijada detallashtirilgan komponentli matnlar masalalariga oid ilmiy-amaliy qarashlar asosida tayyorlangan radiodasturlarning mazmunan mukammallashuviga erishilgan.