Nabieva Sharifa Ismailovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Ortologik o‘quv lug‘atlarni tuzishning lingvistik asoslari (o‘zbek va ingliz tili materiallari asosida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3873
Ilmiy rahbar: Bahriddinova Bashorat Madievna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdimurod Eshonqulovich filologiya fanlari doktori, professor,
Abdurahmonova Nilufar Zaynobiddin qizi filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Samarqand chet tillar instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tilida tuzilgan ortologik o‘quv vositalari asosida ortologik o‘quv lug‘atlarni tuzishning lingvistik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
inglizcha yoki ingliz tili orqali o‘zlashayotgan boshqa tillarga mansub juft, takroriy, qo‘shma, qisqartma so‘zlar, shuningdek, tarkibida o‘zbek tilida mavjud bo‘lmagan harf (w, c) yoki yozilishi o‘zbek imlosiga zid bo‘lgan o‘zlashma so‘zlar imlosini belgilashda tarjimon, lingvist va pedagoglarning hamkorligi, shuningdek, ayrim o‘zlashma so‘zlar imlosiga individual yondashuv zarurligi dalillangan;
Spelling words list, Spelling bee, school spelling dictionary, vocabulary-orthographic dictionary, orthography-explanatory school dictionary, spelling exercises, list of irregular verbs kabi zamonaviy o‘quv ortologik vositalar tahlili asosida o‘zbek tilida yangi avlod ortologik o‘quv lug‘atlar uchun so‘z tanlash mezonlari, lug‘at maqola tarkibi, xususan, qisqacha izoh (short explanation) va orfogrammalarni leksikografik talqin qilishda aniqlik, qisqalik, tushunarlilik tamoyillari yetakchilik qilishi aniqlangan;
o‘zbek tilida tuzilgan me’yoriy lug‘atlar, jumladan, imlo lug‘atlari ingliz tilida hozirgacha yaratilgan zamonaviy ortologik o‘quv lug‘atlar bilan qiyoslangan, ularning tilning adabiy me’yorlari va nutq madaniyatini shakllantirishning muhim vositasi ekani ochib berilgan;
o‘zbek tilida nashr etilayotgan yangi avlod imlo lug‘atlarida imlosi muammoli so‘zlarga batafsil izoh berilishi bilan birga ularni tuzatishga doir metodik tavsiyalar ham berilishi, fonetik, grammatik, etimologik pometalar, illyustratsiyalar keltirilishi va leksikografik kompetentlikni o‘stirishga doir ko‘rsatmalar berilishi lug‘atdan foydalanish samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynashi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tilida tuzilgan ortologik o‘quv vositalari misolida me’yoriy o‘quv lug‘atlarni tuzishning lingvistik asoslarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida adabiy til me’yorlarining shakllanishi, ortologik o‘quv lug‘atlar tasnifi hamda tavsifi, oʻxshash va farqli xususiyatlarini ochib berishga doir xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi tomonidan qo‘lga kiritilgan “Mitti yulduz” jilolari yohud Abdulla Oripov izdoshlari huzurida” 54-10/104 raqamli (2018-2019-y.) ilmiy-amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limining 2023-yil 25-avgustdagi 597-son). Natijada loyiha doirasida chop etilayotgan badiiy nashrlarning o‘zbek tilining ilmiy me’yorlariga amal qilishiga erishilgan. Hamda tilshunoslikda ortologiya me’yorshunoslik fanining paydo bo‘lishi, o‘zbek ortologiyasi fani taraqqiyotini, me’yoriy o‘quv lug‘atlar, asosiy turlari va tarixiy taraqqiyoti masalalarini tahlil qilishda ilmiy hamda amaliy manba bo‘lib xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida orfogrammalarni ilmiy asoslash, lug‘atlarda lingvistik talqin qilish muammolarini aniqlash hamda ularni bartaraf etishga doir tavsiyalardan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Ta’lim va islohot” adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo teleradiokompaniyasi, 23.10.2023-yil, 17-05/207-son). Tadqiqot natijalari asosida davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish haqidagi targ‘ibot ishlari mazmuni mukammallashgan;
orfografik minimum (spelling words list) va imlo o‘quv lug‘atlari (school spelling dictionary) tuzishning lingvodidaktik asoslari, ortologik o‘quv lug‘atlar uchun so‘z tanlash mezonlari, lug‘at maqola tarkibi, orfogrammalarni leksikografik talqin qilish va orfogrammalarni ilmiy asoslashga doir ilmiy natijalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2017-2021-yillarda bajarilgan OT-F1-030-raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini yaratish nomli fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (17.11.2023-yil, 01-01/4002-son). Natijada yozma nutq me’yorlarini tartibga solish, takomillashtirish va o‘rgatishga mo‘ljallangan lingvodidaktik vositalarni tuzishga erishilgan;
jahon o‘quv ortografiyasining innovatsion an’analari asosida o‘zbek o‘quv ortografiyasi taraqqiyotini belgilovchi tamoyillarni aniqlash bo‘yicha qo‘lga kiritilgan xulosalardan 2019-2022-yillar davomida Erasmus+ “SPACECOM: Kosmik aloqa va tizimlar injiniringi bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari ” nomli xalqaro ilmiy-amaliy loyihada foydalanilgan. Loyiha kodi-609715-EPP-1-2019-1-UZ-EPPKA2-CBHE-JP (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2023-yil 20-noyabrdagi 572-soni).