Zilola Zafarovna Fayzulloevaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

    I. Umumiy ma’lumotlar.
    Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Badiy matnda kinoyani idrok etish va tarjima qilishning lingvokognitiv asoslari (O.Genri hikoyalari materiali asosida), 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2023.2.PhD/Fil3593
Ilmiy rahbar:  Kiselyov Dmitriy Anatolevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil.83.01 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Umurova Go‘zal Xatamovna, filologia fanlari doktori, professor; 
Danieva Maysara Djamalovna, filologia fanlari doktori, professor; 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti. 
    Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi badiiy matnda kinoyaviy ifodaning kognitiv asoslarini nazariy jihatdan asoslash, uning shakllanishi va idrok etilish mexanizmlarini aniqlash hamda tarjimada uni samarali ifodalashning maqbul usullarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lingvokognitiv yondashuv asosida kinoyaning mohiyati inson tafakkuri, pragmatika va madaniyatning o‘zaro ta’siri natijasida shakllanuvchi mental-lisoniy hodisa sifatida tizimli yoritilgan;
kinoyaviy ifoda hosil bo‘lishi kognitiv dissonans, “aldamchi kutilma” samarasi va konseptual to‘qnashuv kabi maxsus kognitiv mexanizmlarga tayanishi, ular esa yashirin ma’no va ko‘p qatlamli semantika hosil qilishi ilmiy jihatdan isbotlangan;
tajnis, paradoks, antifrazis va gavdalantirish O. Genrining individual uslubida kinoyani ifodalovchi asosiy verbal vositalar sifatida aniqlanib, kinoyaning nafaqat estetik, balki muallif va obrazlarning voqelikka munosabatini aks ettiruvchi modal-baholovchi funksiyasi ham dalillangan;
tarjimada kinoyani etkazishda eng samarali yo‘llar sifatida kognitiv jihatdan motivatsiyalangan transformatsiyalar: grammatik, leksik-semantik va pragmatik usullar (konkretlashtirish, umumlashtirish, modulyasiya, kalkalash va ekvivalent tarjima) aniqlanib, ular muallif niyati va konseptual tuzilmani saqlab qolishda muhim vosita ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Amerikalik yozuvchi O. Genri hikoyalarida kinoyaning verbal shakllari va uni yuzaga keltiruvchi kognitiv mexanizmlarni tahlil qilish hamda ingliz tilidan rus tiliga kinoyaviy ifodalarni samarali tarjima qilishga oid tadqiqot natijalari amaliyotda quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llanildi:
lingvokognitiv yondashuv asosida kinoyaning kognitiv, pragmatik va madaniy omillarning o‘zaro ta’sirida shakllanuvchi mental-lisoniy hodisa sifatida tizimli yoritilganligi haqidagi ilmiy xulosadan 2021–2023 yillarda Qarshi davlat universitetida amalga oshirilgan SUZ-800-21GR-3181 “Reinforcing English Language Competence at Karshi State University” nomli grant loyihasida qo‘llanildi (Qarshi davlat universiteti ma’lumotnomasi № 04/2283, 2025-yil 31-may). Mazkur yondashuvlar filologik tahlil metodikasini takomillashtirishga hamda tarjima va adabiyotshunoslik fanlari bo‘yicha o‘quv kurslariga kognitiv stilistika elementlarini integratsiya etishga xizmat qildi;
kinoyaviy ifoda kognitiv dissonans, “aldamchi kutilma” samarasi va konseptual to‘qnashuv kabi mexanizmlarga asoslanishi haqidagi ilmiy xulosadan 2025-yil may oyida efirga uzatilgan “Assalom, Samarqand!” teleko‘rsatuvining navbatdagi soni ssenariysini tayyorlash jarayonida qo‘llanildi (Samarqand viloyat televideniesi ma’lumotnomasi № 01-07/209, 2025-yil 11-iyun). Tadqiqot natijalaridan foydalanish natijasida teletomoshabinlar orasida badiiy tarjima sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va adabiyotdagi kinoyani idrok etishning kognitiv mexanizmlari to‘g‘risida xabardorlik oshirildi;
kinoyani idrok etishda mifologik, diniy va klassik adabiy manbalar kognitiv triggerlar sifatida muhim rol o‘ynashi haqidagi xulosa O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Madaniy-ma’rifiy muassasalar boshqarmasi tomonidan 2023–2024 yillarda amalga oshirilgan “Yurtimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirish” nomli fundamental loyiha doirasida tatbiq etildi (Madaniyat vazirligi ma’lumotnomasi № 04-15-06-896, 2025-yil 23-iyun). Ushbu ilmiy asoslar millatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek xalqining til an’analari va badiiy merosi o‘rtasidagi uyg‘unlikni rivojlantirishga xizmat qildi;
kinoyani tarjimada etkazishda eng samarali usullar sifatida grammatik, leksik-semantik va pragmatik kognitiv transformatsiyalar (konkretlashtirish, umumlashtirish, modulyasiya, kalkalash, ekvivalent tarjima) qo‘llanilishi haqidagi ilmiy natijalar “Paratanslator-parellel korpus asosida kontekstual tarjima lug‘atini yaratish” nomli innovatsion loyiha doirasida qo‘llanildi. Mazkur loyiha 2024–2025 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetida Jahon banki ko‘magida amalga oshirilgan (Milliy universitet ma’lumotnomasi № 04/U-6296, 2025-yil 19-may). Natijada kinoyaning murakkab kognitiv hodisa sifatidagi funksional va semantik xususiyatlari chuqur o‘rganildi hamda kontekstual tarjimani raqamli modellashtirish imkoniyatlari kengaytirildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish