Daniyarov Umirzak Tuxtamuradovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ipak mahsulotlari sifatini yaxshilash uchun tut ipak qurtining (Bombyx mori L.) ingichka tolali zotlarini tanlash va duragaylarini yaratish», 06.01.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Qx70.

Ilmiy maslahatchi: Yakubov Axmatjon Bakievich, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.30.08.2018.Qx.75.01.

Rasmiy opponentlar: Nasirillaev Baxtiyar Ubaydullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Oxunbabaev Oxunjon Aburaxmanovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Kaxarov Abdusattar, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tut ipak qurtining ingichka tolali zotlari ishtirokida har xil turiga mansub chatishtirish usullari bilan mahsuldorligi va texnologik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan ingichka tolali duragaylarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor jahon va ichki bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan ingichka ipak tolali «Mayin tola 1» va  «Mayin tola 2»  sanoat duragaylari yaratilgan;

ingichka ipak tolali duragaylarni yaratish uchun pilla tolasining yuqori texnologik xususiyatlariga ega bo‘lgan turli geografik hududlardan keltirilgan «K-108», «Ya-120», «Yaponskaya-66» zotlari tanlangan va mahalliy o‘rta tolali «Ipakchi 1», «Ipakchi 2» zotlari bilan chatishtirilgan;

tut ipak qurti genetik kolleksiyasi zotlarining texnologik tavsiflarini qiyosiy baholash uchun zotlarni darajalash uslubi ishlab chiqilgan;

ingichka ipak tolali duragaylarni yaratish uchun tut ipak qurtining yuqori inbred tizimlaridan foydalanish mumkinligi isbotlangan;

pilla xom ashyosining sifatini oshirish maqsadida duragaylashda tut ipak qurtining partenogenetik klonlaridan foydalanish samaradorligi nazariy jihatdan asoslangan;

pillalarning texnologik xususiyatlarini oshirishda to‘yintiruvchi chatishtirishlarni qo‘llash mumkinligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ipak mahsulotlari sifatini yaxshilash uchun tut ipak qurtining ingichka tolali zotlarini tanlash va duragaylarini yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:

urug‘chilik korxonalarida tut ipak qurti urug‘ini sifatini oshirish usullari «Ingichka tolali zotlar bilan har xil turiga mansub chatishtirish o‘tkazish yo‘li bilan ipak tolasini yaxshilash usuli» uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 01/032-42/1-son ma’lumotnomasi). Natijada naslli urug‘chilik stansiyasida Navro‘z-3, Navro‘z-4 duragaylarining tashkil etuvchi zotlardan 10 quti superelita ipak qurtlari parvarishlangan va har bir qutidan 8,5 kg qo‘shimcha pilla etishtirishga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik (bir quti hisobida) 133015 so‘mni tashkil etgan;

tut ipak qurti zotlarini darajalash uslubiyoti asosida yangi yaratilgan «Mayin tola 1», «Mayin tola 2» sanoat duragaylaridan tayyorlangan 12 quti urug‘lari Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi «Abdujabbor ota» va «Asomiddin Asadbek» fermer xo‘jaliklarida pilla etishtirish jarayonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 01/032-42/1-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida bir quti hisobidan 8–10 kg qo‘shimcha pilla etishtirilgan va iqtisodiy samaradorlik 87875 so‘mga teng bo‘lgan;

ingichka tolali texnologik xususiyatlari yuqori darajada bo‘lgan yangi «Mayin tola 1» va «Mayin tola 2» duragaylari Toshkent viloyati Piskent tumanidagi «Ibroximzoda Xondamir» va «Dadaeva Anora» fermer xo‘jaliklarida jami 6 quti miqdorida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 01/032-42/1-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti hisobiga pilla hosili 6,2 kilogramga oshgan va iqtisodiy samaradorlik 59375 so‘m oshishiga erishilgan;

ekologik og‘ir iqlim sharoitida yangi «Mayin tola 1» va «Mayin tola 2» duragaylari Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi «Qurama» va «Izzat otajon hamkor» fermer xo‘jaliklarida jami 6 quti miqdorida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 01/032-42/1-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti hisobiga pilla hosili 7,6 kilogramga oshgan va iqtisodiy samaradorlik 118930 so‘mni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish