Mamatmusaev Toxir Shaydulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston tarixiy shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi», 18.00.01–Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.3.DSc/A4.
Ilmiy maslahatchi: Ahmedov Muhammad Qosimovich, arxitektura doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSc.27.06.2017.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Shirinov Temir, tarix fanlari doktori, professor; Muqimov Rustam Samadovich, arxitektura doktori, professor; Durdieva Gavhar Salaevna, arxitektura fan doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston tarixiy shaharlarining qadimdan to XX asrning boshlariga qadar bo‘lgan shakllanish va rivojlanish bosqichlarining arxitektura va shaharsozlik tamoyillarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abu Rayhon Beruniy va “Avesto” ma’lumotlari hamda mil.av. II–I ming yillarga oid arxeologik manbalarga asoslanib, O‘rta Osiyoda mil.av. II minginchi yillarda ilk urbanizatsion jarayonlarning vujudga kelganligi va Sopollitepa manzilgohining “Vara” ko‘rinishidagi protoshahar sifatida ilk shaharlarning kelib chiqishini belgilab berganligi aniqlangan;
aholi manzilgohlarining ko‘chalari, turar joy, ishlab chiqarish, diniy binolari, jamoa markazlari va mudofaa inshootlarini tabaqalashtirish vositalari orqali shahar ekanligini aniqlovchi 14 komponentli arxitektura-shaharsozlik algoritmi ishlab chiqilgan va shu asosda O‘zbekistonda Jarqo‘ton qarorgohining ilk shahar namunasi bo‘lganligi isbotlangan;
qadimdan to XX asrning boshlarigacha bo‘lgan davr shaharlari chodirli, dual, ikki yoki uch qismli va ikki tuzilmali tarzda shakllanganligi aniqlangan;
shaharlar qadimgi va antik davrlarda asosan konsentrik, o‘rta asrlarda sektorli va XIX asrning 2-yarmidan boshlab ko‘p yadroli tarzda rivojlanganligi aniqlangan;
o‘rta asrlarda yirik shaharlar uch qismli (ark, shahriston va rabod) hamda mudofaa devorlari bilan muhofazalanganligi, odatda shahriston 4 va rabod 12 darvozali bo‘lganligi, shahar markazida chorsu va registon maydonlari shakllanganligi, shaharlar chaqarlar (harbiy istehkom binolari)ga ega bo‘lganligi aniqlangan;
tarixiy shaharsozlik bazasida turizmni rivojlantirishga qaratilgan eski Termiz shahri hududida joylashgan kushonlar davriga mansub Qoratepa manzilgohining asosiy binosi hovli qismi va Chingiztepa yodgorligining mudofaa devori grafik rekonstruksiya variantlari, shuningdek Temuriylar davriga mansub Chilsutun, Bog‘i Bo‘ldi, Bog‘i Davlatobod bog‘lari ko‘shk-saroylarining ilk arxitekturaviy ko‘rinishlarining loyihaviy takliflari ishlab chiqilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston tarixiy shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarixiy shaharlarning tarkibiy qismlari – ko‘chalar, shahar maydonlari, jamoat binolari, me’moriy ansambllarning shaharlar rejasida joylashuvi va ularning modul tizimi qoidalariga mos tushishi yuzasidan qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalardan “Arxitektura shakllarini uyg‘unlashtirish va bezash” darsligining “Shaharsozlikda modul tizimi va handasaviy uyg‘unlik” nomli VIII bobini shakllantirishda foydalanilgan (o‘quv adabiyotining 2015 yil 30 maydagi 191-065-son nashr ruxsatnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi qadimgi manbalarda shaharlarning joylashuvi, shaharsozlik echimlarining muvofiqlashtirilishi, shaharsozlikda modul tizimi kabi tushunchalarning o‘ziga xos jihatlarini ochib berish imkonini bergan;
tarixiy shaharlarning vujudga kelishi 3000 yilga borib taqalishi, protoshaharlar, ilk shahar namunalari, shaharlar rejasining evolyusion rivojlanishi, ularning genetik asoslari bo‘yicha olingan natijalar F.1-86 raqamli “O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish” (2011–2016 yy.) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi 89-03-3514-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi O‘zbekiston shaharsozligining genetik asoslarini belgilash hamda shaharsozlik an’analarining qadimdan vujudga kelganligi va taraqqiy etganligi xususida aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan;
Samarqand shahrining qadimdan hozirgacha bo‘lgan shakllanish va rivojlanish bosqichlari, shuningdek Temuriylar davriga mansub bog‘larning hozirda saqlanmagan Chilsutun, Bog‘i Bo‘ldi, Bog‘i Davlatobod ko‘shk-saroylarining ilk arxitekturaviy ko‘rinishlari loyihaviy taklif echimlaridan amaliyotda foydalanilgan (Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining 2018 yil 27 noyabrdagi 01-01/950-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi Samarqand viloyati tarixiy muhitini saqlash, qayta qurish va turizmni rivojlantirish imkonini bergan;
qadimdan Xorazm shaharlari handasaviy nisbatlash asosida qurilganligi, hududiy-ma’muriy qismlarga ajratilganligi, mustahkam mudofaa devorlari mavjudligi, iqlim omilining muhimligi, shuningdek Xiva, Ko‘hna Urganch, Shabboz, Hazorasp kabi shaharlar qadimdan shakllangan yadrolari atrofida rivojlanganligi kabi ilmiy natijalar F1-FA-0-17788 raqamli “Xorazm urbanizatsiyalashgan madaniyatining eng qadimgi va qadimgi tarixi” (2012-2016 yy.) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasining 2018 yil 15 noyabrdagi 15/11-18-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi Xorazm shaharsozligining genetik asoslarini belgilash hamda shaharsozlik an’analarining qadimdan vujudga kelganligi va taraqqiy etganligi xususida aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan.