Ruzieva Dilnoza Abdusamatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirish”. 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Iqt3272
Ilmiy rahbar: Bauetdinov Majid Janizakovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, DSc.03/08.05.2025.I.133.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Norboy G‘anievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tajenova Gulbaxar Esbosinovna, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirishda investisiya qarorlarining aniqligini oshirishga qaratilgan, aktivlarning ilmiy-texnik salohiyati, bozordagi innovatsion raqobat darajasi va investisiyadan kutilgan foydani dinamik omil sifatida hisobga olish asosida innovatsion kapital qiymatini baholash usulini qo‘llash orqali an’anaviy moliyaviy koeffisientlarga nisbatan investisiya xatarini 18-22% ga kamaytirish taklifi asoslangan;
innovatsion loyihalarni uzoq muddatli strategik rejalashtirishda intellektual mulk ob’ektlarining qiymatini baholashni takomillashtirish orqali patent, tovar belgisi, nou-xau va boshqa intellektual resurslarning qiymatini 5-10 yillik davr kesimida hisoblash asosida intellektual mulk aktivlarini baholash aniqligini 25%ga oshirish taklifi ishlab chiqilgan;
innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda risklarni diversifikatsiya qilish va investisiya portfelini muvozanatlashtirishda investisiya taqsimotini maqbullashtirish orqali investisiya risklarini 15–18% ga kamaytirish va loyiha portfelining o‘rtacha rentabelligini 12–14% darajada ta’minlash taklifi asoslangan;
aksiyadorlik jamiyatlari innovatsion faoliyat samaradorligini baholashning mualliflik yondashuvi asosida O‘zbekistonda aksiyadorlik jamiyatlari innovatsion faoliyat samaradorligini oshirishning 2030 yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirishda innovatsion kapital qiymatini baholash uchun dinamik integratsiya modeli (Dynamic Integration Model) dan foydalanish metodikasi ishlab chiqildi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yil 16 avgustdagi № RS/01-09/259 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu model innovatsiyalarning bozorga kirish jarayonidagi dinamik o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, ularning kapital qiymatini baholashni taklif qiladi. Model innovatsiyalarning bozordagi qiymatini turli vaqt davomida baholash uchun qo‘llanilib, kapitalning o‘zgarishlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Bu aksiyadorlik jamiyatlariga sarmoya kiritishning turli bosqichlarida daromadlilikni baholash va unga mos ravishda moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish imkonini yaratadi.
Aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirishda innovatsiyalarning uzoq yillik muddat uchun baholashga mo‘ljallangan “Intellektual mulk qiymatini uzoq muddatli baholash modeli” (Intellectual Property Value Succession Model) dan foydalanish metodikasi ishlab chiqildi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yil 16 avgustdagi № RS/01-09/259 sonli ma’lumotnomasi). Bu metodika innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda loyiha yaratilayotgan intellektual mulkni (patentlar, tovar belgisi, nou-xau va hokazo) nasaba sifatida baholashga asoslanadi. Model` innovatsiyaning uzoq muddat uchun baholash va ular orqali kelgusidagi qiymat yaratilishini prognoz qilish imkoniyatini beradi. Buning natijasida aksiyadorlik jamiyatlari innovatsiyalarning mulkiy qiymatini to‘liq baholab, ushbu qiymat asosida moliyalashtirish qarorlarini qabul qiladilar.
Risklarni kamaytirish yoki diversifikatsiya qilish maqsadida Tarmoqlashgan investisiya modeli (Networked Investment Model)dan foydalanish asoslandi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yil 16 avgustdagi № RS/01-09/259 sonli ma’lumotnomasi). Bu yangilik innovatsion loyihalarga sarmoya kiritish uchun aksariyat aksiyadorlik jamiyatlari birgalikda ishlaydigan investisiya tarmog‘ini yaratishni nazarda tutadi. Model` turli jamiyatlarning o‘z resurslarini birlashtirish va innovatsion loyihalarni qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Bu usul kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytiradi, investisiya risklarini birgalikda boshqarishga imkon beradi va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshiradi.
Aksiyadorlik jamiyatlarining innovatsion faoliyat samaradorligini 2030 yilgacha prognoz ko‘rsatkichlarini baholash metodi ishlab chiqildi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yil 16 avgustdagi № RS/01-09/259 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu metod kompaniyalarga o‘z innovatsion faoliyatlarini uzoq muddatli rejalashtirish imkonini beradi. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda innovatsiyalarning ehtimoliy natijalari, tavakkalchiliklari va foyda ko‘rsatkichlari baholanadi.