Rahmonova Mahbuba Ravshanovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek xalq afsonalarining badiiyati», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Fil138.

Mirzaeva Salima Raimjonovna, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.

Rasmiy opponentlar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor; Yormatov Isomiddin Turg‘unovich, filologiya fanlari doktori, professor; Keruenov Turganbay Arazmedovich, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbekxalq afsonalarining janriy belgilari, xalq nasri tizimida tutgan o‘rni, boshqa epik janrlar bilan mushtarak hamda farqli jihatlari, genezisi, poetik taraqqiyot qonuniyatlari, voqelik bayonida badiiy to‘qimaga asoslanish tamoyili, mavzu tiplari, motivlar strukturasi, obrazlar tarkibi, lingvopoetik va kompozision xususiyatlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘zbek xalq afsonalariga xos badiiy ijod qonuniyatlari ajratib ko‘rsatilishi natijasida uning o‘zbek fol`kloridagi epik turga mansub janrlardan biri ekanligi asoslangan hamda unga xos shaklan ixcham bo‘lish, informativ xarakter kasb etish, sarguzasht va mubolag‘ali tasvirga keng o‘rin berilishi kabi xususiyatlar aniqlangan;

o‘zbek xalq afsonalarida qadimgi ajdodlarimizning ibtidoiy dunyoqarashi, turli e’tiqodiy qarashlari va mifologik tasavvur-tushunchalari aks etishi hamda voqelik xayoliy uydirma va badiiy to‘qima asosida og‘zaki hikoya ko‘rinishida bayon etilishi yetakchi epik tamoyilga aylanganligi isbotlangan;

o‘zbek xalq afsonalari syujet tizimiga ko‘ra guruhlashtirilgan hamda yetakchi mavzu tiplariga ajratib tasniflanib, an’anaviy motivlar tarkibining genetik ildizlari qadimgi mifologiya, ibtidoiy tasavvur va e’tiqodiy qarashlar tizimi, urf-odatlar, an’ana va marosimlarga bog‘liqligi ochib berilgan;

o‘zbek xalq afsonalari obrazlar tarkibining genezisi, ya’ni mifologik obrazlar, sehrli predmetlar obrazi, tarixiy obrazlar, samoviy obrazlar singari mifologik arxetiplar bilan bog‘liqligi dalillangan;

o‘zbek xalq afsonalarining o‘ziga xos obrazlilik va badiiylikka ega bo‘lishida lingvopoetik ifoda vositalarining o‘rni ko‘rsatilib, bu janrga mansub matnlar kompozision qurilishi jihatidan ertak, naql singari epik janrlardan ajralib turishi aniqlanlgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbek xalq afsonalarining badiiy xususiyatlarini tadqiq etish asosida:

dissertatsiyaning afsona janri genezisi va tasnifiga doir nazariy xulosalaridan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan F1-FA. 2012-1-8 raqamli «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari» (2012-2016) mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 19 oktyabrdagi 89-03-3591-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek xalq toponimik va tarixiy afsonalaridan iborat jildlarga kiritiladigan afsonalar saralanib, tayanch matnlar va ularning ilmiy izohlari tayyorlangan;

afsona janrining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘rganilishi tarixiga doir dissertatsiya materiallaridan O‘zbekiston Milliy universitetida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilgan OT-F8-151 raqamli «Adabiyot ensiklopediyasi» (2007-2011) mavzusidagi fundamental loyihada «afsona» termini va tushunchasining mohiyatini aniqlashtirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 89-033430-son ma’lumotnomasi). Natijada «Adabiyot ensiklopediyasi»dagi «Afsona» maqolasida afsonalar xususiyatlari va badiiyati sharhida ishonchli ma’lumotlar berilishiga erishilgan;

mifologiyaning afsona janri genezisida tutgan o‘rni haqidagi qarashlaridan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan F1-XT-0-19919 raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» (2012-2016) fundamental loyihaning «O‘zbek fol`klori va mifologiya» qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 22 oktyabrdagi 89-03-3619-son ma’lumotnomasi). Natijada afsonalarning mifologik asoslariga doir nazariy qarashlar takomillashtirilgan;

dissertantning o‘zbek afsonalari turkiy xalqlar epik nasri tizimida tutgan o‘rni va tarixiy genetik jihatdan mushtarak negizga egaligi haqidagi nazariy umumlashmalaridan Turkiya jumhuriyati Karabuk universitetida «TED203 – Halk Edebiyati I», «TDE437 – Türk Mitolojisi 1», «TED703 – Türk Halk Edebiyatının Kaynakları», «TED705 – Türk Halk Edebiyatı Anlatı Türleri» fanlarini o‘qitishda foydalanilgan (Turkiya jumhuriyati Karabuk universitetining 2018 yil 10 oktyabrdagi 009/11-son ma’lumotnomasi).Natijada tadqiqotchilarga o‘zbek afsonalarining tipologik belgilari, undagi ayrim mifologik motiv va obrazlarning turkiy xalqlar fol`klori bilan mushtarakligi xususida yangi ma’lumotlar berilgan;

o‘zbek xalq afsonalari syujet tizimining tipologik xususiyatga egaligiga doir tahliliy xulosalar Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Adabiyot institutida bajarilgan ilmiy tadqiqotlarda turkiy xalqlar afsonalarining badiiy obraz va motivlarini qiyosiy o‘rganish asosida tipologik o‘xshashliklarni aniqlashda foydalanilgan(Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Adabiyot institutining 2018 yil 1 noyabrdagi 007/12-son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy xalqlar fol`klorida afsona janrining kelib chiqishi va rivojlanishi o‘zaro bog‘liqlikda kechganligi asoslangan;

Andijon viloyat teleradiokompaniyasining «Ijod gulshani» ko‘rsatuvi, «Ma’naviyat sarchashmasi» va «Shukrona» eshittirishlarini tayyorlashda dissertatsiyaning o‘zbek xalq afsonalaridagi ezgu qadriyatlar talqiniga doir xulosalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 9 oktyabrdagi 26/236-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv va eshittirishlarning mazmuni boyitilib, g‘oyaviy, ilmiy ta’sirchanligi oshirishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish