Muhammadiev Sarvar Asqar o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishlarini yuritish tartibini bosqichma-bosqich takomillashtirish” 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Yu765.
Ilmiy rahbar: Bazarova Dildora Baxodirovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03. 
Rasmiy opponentlar: Raxmanova Surayyo Maxmudovna, yuridik fanlar doktori; Oripov Sobirzoda Sobir o‘g‘li, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida jinoyat ishlarini yuritishni bosqichma-bosqich raqamlashtirish masalasini ilmiy-nazariy hamda amaliy tahlillar asosida kompleks tahlil qilgan holda aniqlangan muammolarga echim topish, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ma’lumotlarning qog‘oz shaklidagi almashinuvi protsessual muddatlar cho‘zilishiga, hujjatlarni soxtalashtirish holatlariga olib kelganligi bois, surishtiruv va tergov organlarining vakolatli davlat organlari va tashkilotlari bilan elektron idoralararo hamkorligini yo‘lga qo‘yish zarurligi asoslantirilgan; 
protsessual harakatlarni amalga oshirishda jinoyat protsessi ishtirokchilarini qatnashuvini ta’minlash, ularni surishtiruv-tergov organlariga asossiz chaqirilishini oldini olish, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan boshlab uning harakati haqida o‘z vaqtida xabardor etib borish tartibini joriy etish maqsadida “SMS - xabarnoma” xizmati orqali elektron xabardor qilish tartibini joriy etish zarurligi asoslab berilgan;
surishtiruvchi va tergovchilar o‘rtasida ish yuklamasini adolatsiz taqsimlash holatlariga yo‘l qo‘yilganligi tergov sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi bois, jinoyat ishlarini surishtiruv va tergovga tegishlilik qoidalari asosida surishtiruv yoki dastlabki tergov organiga topshirish jarayonini raqamlashtirish, jinoyat ishlarini bir surishtiruv va tergov bo‘linmasi doirasida surishtiruvchi va tergovchilar o‘rtasida elektron taqsimlashni yo‘lga qo‘yish kerakligi asoslangan;
jinoyat ishlarining tergovi ustidan prokuror nazoratida, protsessual harakatlarni amalga oshirishga sudning ruxsatini olish jarayonida qog‘ozbozlik holatlari saqlanib qolayotganligi, bu ortiqcha xarajatlarni ham yuzaga keltirayotganligi, shuningdek, protsessual muddatlarga to‘la rioya qilinishiga salbiy ta’sir qilayotganligi sababli, surishtiruv va dastlabki tergov ustidan prokuror nazoratini, xususan qabul qilingan qarorlar haqida prokurorni xabardor qilish, surishtiruvchi va tergovchiga ko‘rsatmalar berish, sanksiya berish yoki sanksiya berish uchun sudga iltimosnomalar kiritish, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llashda, xususan sanksiya berish uchun sudga iltimosnomalar va zarur materiallarni taqdim etish, sud tomonidan tayinlangan ehtiyot chorasining bekor qilinganligi haqidagi xabarlarni sudga yuborish jarayonini to‘liq raqamlashtirish zarurligi amaliy misollar bilan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
surishtiruv va tergov organlarining vakolatli davlat organlari va tashkilotlari bilan elektron idoralararo hamkorligini yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022-yildagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-105-son qarorining 1-bandi ikkinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 13-maydagi 27/2-114-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi natijasida “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona elektron axborot tizimi joriy etilib, zarur ma’lumotlarni tezlikda va haqqoniy qabul qilish imkoniyatlari yaratilgan;
jinoyat protsessi ishtirokchilarini “SMS-xabarnoma” xizmati orqali elektron xabardor qilish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “Elektron jinoyat ishi” loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024-yil 11-iyuldagi 27/2-169-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi surishtiruv va dastlabki tergov organlari ishini osonlantirishi bilan birga, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qilgan;
jinoyat ishlarini surishtiruv va tergovga tegishlilik qoidalari asosida surishtiruv yoki dastlabki tergov organiga topshirish jarayonini raqamlashtirish, jinoyat ishlarini bir surishtiruv va tergov bo‘linmasi doirasida surishtiruvchi va tergovchilar o‘rtasida elektron taqsimlashni yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “Elektron jinoyat ishi” loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024-yil 
11-iyuldagi 27/2-169-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi jinoyat-protsessual qonuni normalarini to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlash bilan birga, jarayonda subektivlikni oldini olishga, ish hajmini adolatli taqsimlash orqali ish sifatini oshirishga, pirovard natijada fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qilgan;
surishtiruv va dastlabki tergov ustidan prokuror nazoratini, xususan 
qabul qilingan qarorlar haqida prokurorni xabardor qilish, surishtiruvchi va tergovchiga ko‘rsatmalar berish, sanksiya berish yoki sanksiya berish uchun sudga iltimosnomalar kiritish, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llashda, xususan sanksiya berish uchun sudga iltimosnomalar va zarur materiallarni taqdim etish, sud tomonidan tayinlangan ehtiyot chorasining bekor qilinganligi haqidagi xabarlarni sudga yuborish jarayonini to‘liq raqamlashtirish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “Elektron jinoyat ishi” loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan 
(Bosh prokuraturaning 2024-yil 11-iyuldagi 27/2-169-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi qog‘ozbozlik holatlariga chek qo‘yishga, nazorat sifati oshirish orqali bu boradagi mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish