Axmedov Otabek Abdashimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Madaniylashtirilgan diploid g‘o‘za kolleksion namunalarining seleksiyada foydalanish imkoniyatlari”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Qx957
Ilmiy rahbar: Mamaraximov Bunyod Ikramovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Mo‘minov Hasan Alikulovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi G‘o‘zaning madaniylashgan diploid G.arboreum L. va G.herbaceum L. turlariga mansub nav namunalarini o‘rganish, qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha seleksion baholash hamda navlar populyasiyasidagi ajralib chiqqan o‘simliklarda analitik seleksiya usulini qo‘llash orqali o‘rta tolali g‘o‘za navlari genotipini boyitish uchun boshlang‘ich ashyo yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor madaniylashgan G.arboreum L. va G.herbaceum L. diplod turlariga mansub kolleksiya nav namunalari morfologik va asosiy xo‘jalik belgi va xususiyatlari bo‘yicha o‘rganilgan, baholangan va analitik seleksiya usulida amaliy seleksiya uchun tolaning noyob xususiyatlariga, yuqori tola chiqimi va uzunligiga ega bo‘lgan namunalarni ajratish imkoniyati asoslangan;
tanlab olingan nav namunalar populyasiyasidagi tezpisharligi, mahsuldorligi, tola chiqimi va uzunligi, viltga, so‘ruvchi zararkunandalarga bardoshliligi bo‘yicha alohida ajralib chiqqan o‘simliklar asosida analitik seleksiya uslubida oila va tizmalar shakllantirilgan va ulardan o‘rta tolali g‘o‘za navlari genotipini boyitish uchun qimmatli manba sifatida foydalanish imkoniyatlari ilmiy asoslangan;
G.arboreum L. va G.herbaceum L. namunalarida analitik seleksiya uslubida tanlovlar olib borilganda tezpisharlikning 108,0-119,0 kun oralig‘ida barqaror saqlanishi, shuningdek shonalashgacha bo‘lgan davrning nisbatan qisqaligi namunalarning unib chiqqandan gullashgacha va ochilishgacha bo‘lgan davrlariga ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan;
madaniylashgan diploid namunalarda hosildorlikni belgilovchi bir o‘simlik mahsuldorligi 37,0-70,4 g/o‘simlikni tashkil etgan holda, belgining o‘zgaruvchanligi asosan bir tupdagi ko‘saklar soniga bog‘liqligi qayd qilingan va ajratib olingan namunalarning belgi bo‘yicha barqaror populyasiyada tarkib topganligi asoslangan;
analitik seleksiya yo‘li bilan G.arboreum L. turiga mansub diploid T-1980, T-0306 tizmalari yaratilgan va ularning qimmatli xo‘jalik belgilarning ijobiy majmuiga va vertisillyoz vilt kasalligiga bardoshli ekanligi, tezpisharligi, tola chiqimi va gigroskopikligi yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Madaniylashtirilgan diploid g‘o‘za kolleksion namunalarining seleksiyada foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qimmatli xo‘jalik belgilarning yuqori majmuasiga ega, vertisillyoz vilt kasalligiga bardoshli, yuqori hosildor, tezpishar, tola chiqimi, tolasining gigroskopikligi yuqori bo‘lgan diploid T-1980, T-0306 tizmalari yaratilib, g‘o‘za genofondi kolleksiyasiga taqdim etilgan va amaliy seleksiyada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 18-noyabrdagi 05/04-04-622-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, T-1980 tizmasining tezpisharligi 112-115 kun, hosildorligi 37,0-38,0 s/ga, bitta ko‘sak og‘irligi 3,7-3,9 g, tola chiqimi 38,0-39,%, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,9 ga, T-0306 tizmasining tezpisharligi 108-112 kun, hosildorligi 36,0 s/ga, bitta ko‘sak og‘irligi 3,7-3,8 g, tola chiqimi 37,0-38,0%, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,9 ga teng bo‘lgan;
yangi yaratilgan oila va tizmalar Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Navoiy ilmiy tajriba stansiyasiyasida 0,4 ga maydonda sinov maqsadida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 18-noyabrdagi 05/04-04-622-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tizmalarning tezpisharligi o‘rtacha 110-115 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 3,9 g, tola chiqimi 33,8-35,9 foizligi aniqlanib o‘rta tolali navlarga yaqin ko‘rsatkichlarda hosildorlik (38,0-39,5 s/ga) namoyon qilishiga erishilgan;
g‘o‘zaning diploid turariga mansub hosildor, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola uzunligi va tola chiqimining yuqori ko‘rsatkichlarini o‘zida mujassamlashtirgan, noyob belgi xususiyatlarga ega diploid tizmalari Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Sirdaryo ilmiy tajriba stansiyasiyasining o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida 0,4 ga maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 18-noyabrdagi 05/04-04-622-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy sharoitda tizmalarning tezpisharligi o‘rtacha 108-112 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 3,5-3,7 g, tola chiqimi 34,5-36,5 foiz, hosildorligi 36,0-36,5 s/ga ni tashkil qilgan.