Nazirova Elmira Shodmonovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Suyuqlik va gazlarning fil`trlanish jarayonini tadqiq qilish uchun matematik modellar, sonli usullar va dasturlar majmui», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/T170.
Ilmiy maslahatchi: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Aripov Mirsaid, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Habibullaev Ibrohim Habibullaevich, texnika fanlari doktori, professor; Xujaev Ismatulla Kushaevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘p qatlamli neft` va gaz konlarining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun matematik modellar, samarali hisoblash algoritmlari va ularning kompleks dasturiy ta’minotini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
murakkab konfiguratsiyali fil`tratsiya sohalarida mayda zarralarning g‘ovak muhitda cho‘kishini hisobga olgan holda suyuqliklar va gazlar nostatsionar fil`tratsiyasi jarayonlarining matematik modellari va hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;
suyuqlik va gaz harakati nazariyasiga asosan bosimni sun’iy saqlab turishda neft`-suv va gaz-suv siljuvchi chegarasini hisobga oluvchi nostatsionar fil`tratsiya jarayonlarining matematik modellari neft` va gaz qatlamli muhitga suv haydash orqali takomillashtirilgan;
differensial-ayirmalar va o‘zgaruvchan yo‘nalishlar usulidan foydalanib neft`-suv va gaz-suv birgalikdagi fil`tratsiyasining Stefan tipidagi masalalarini echish uchun samarali hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;
differensial-ayirmalar va to‘g‘ri chiziqlar usullarini birgalikda qo‘llab ko‘p qatlamli g‘ovak muhitda suyuqliklar fil`tratsiyasi uch o‘lchovli masalasini mos boshlang‘ich, chegaraviy va ichki shartlarda taqribiy-analitik echish usuli ishlab chiqildi;
gaz va suyuqliklar harakatining qonunlari asosida yomon o‘tkazuvchan qatlam orqali dinamik aloqaga ega ikki qatlamli g‘ovak muhitda neft` va gaz fil`tratsiyasi masalalarining sonli modellari ishlab chiqilgan;
yomon o‘tkazuvchan qatlamga ega ikki qatlamli g‘ovak muhitda suyuqliklar va gaz fil`tratsiyasi masalalarining sonli modellari asosida suyuqliklar va gaz konlari ishlashida asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qatlamlarning gidrodinamik parametrlari orasidagi dinamik munosabatlarni hisobga olgan holda neft` va gaz konlari ishlashining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlashning matematik modellari, hisoblash algoritmlari va yaratilgan dasturiy majmuasi asosida:
neft`-gaz konlari asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash modellari va algoritmlari bo‘yicha «Gaz konlarini ishlab chiqishning asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblash», «G‘ovak muhitlarda neftning fil`trlanish jarayonlarini matematik modelining dasturiy ta’minoti», «Dinamik bog‘langan ikki qatlamli muhitda gaz konlarini qayta ishlashining asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblovchi dasturiy majmuani ishlab chiqish», «Ikki qatlamli muhitda neft` fil`trlanish masalasini sonli echimining dasturiy majmui» dasturiy vositalaridan «UNICON.UZ» DUK tomonidan foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xulosa berilgan («UNICON.UZ» DUKning 2018 yil 17 dekabrdagi xulosasi). Natijada g‘ovak muhitlarda mayda zarralarning cho‘kib qolishi, qatlamga suv haydash orqali bosimni sun’iy ko‘tarish, yomon o‘tkazuvchan qatlamga ega ko‘p qatlamli muhitlarda bosimning vaqt bo‘yicha o‘zgarishini aniqlash imkonini bergan;
ikki o‘lchovli g‘ovak muhitlarda suyuqlik va gazlarning nostandart fil`tratsiyasi jarayonlari uchun ishlab chiqilgan matematik model`, sonli usul, hisoblash algoritmi va dasturlar majmui «Muborakneftgaz» MChJning amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 33-8/8368-son ma’lumotnomasi). Natijada tajriba jarayonida olingan natijalar bilan solishtirish yaqinligi 15%ni tashkil etgan, shuningdek hisoblashga ketadigan vaqtni 8–10 barobar qisqartirish imkonini bergan;
g‘ovak muhitlarda suyuqliklar nostatsionar fil`tratsiyasi masalalarini sonli echish algoritmlari asosida yaratilgan dasturiy ta’minot «Djarkurganneft`» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Surxandaryo viloyatidagi neft` va gaz konlar amaliyotiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 33-8/8368-son ma’lumotnomasi). Natijada suv haydash orqali neftli qatlamlar samaradorligini 10%ga oshirish imkonini bergan;
neft` va gaz konlari ishlashining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar «Kasansoy neftgaz razvedka ekspedisiyasi» MChJ amaliyotiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 33-8/8368-son ma’lumotnomasi). Natijada ikki qatlamli neft` konlari ishlashi asosiy ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va bashoratlash hamda qatlam mahsuldorligini 8–10%ga oshirish imkonini bergan;
ikki qatlamli g‘ovak muhitlarda gaz fil`tratsiyasi jarayonlarining sonli modellari «Sho‘rtanneftgaz» MChJ amaliyotiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 33-8/8368-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p qatlamli g‘ovak muhitlarda gaz fil`tratsiyasi jarayonini hisoblashni avtomatlashtirish va hisoblash ishlarining tezkorligi hisobiga qatlam mahsuldorligi 8–10%ga oshirilgan va quduqlarga sarfni 8%gacha qisqartirish imkonini bergan;
kuchli ifloslangan neftning nostatsionar fil`tratsiyasi jarayonlarining matematik modeli, sonli algoritmlari «GIDROINGEO instituti» davlat korxonasida ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 33-8/8368-son ma’lumotnomasi). Natijada neft` va gaz konlaridagi qatlam samaradorligini 9–10%ga oshirish imkonini bergan.