Eshankulova Nargiza Yakubovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
    Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Neyrodegenerativ kasalliklardagi tremorning differensial - diagnostik mezonlari, davolash algoritmini optimallashtirish», 14.00.13-Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Tib3826.
Ilmiy rahbar: Azizova Ra’no Baxadirovna tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/05.05.2023.Tib.30.04.
Rasmiy opponentlar: Raimova Malika Muxamedjanovna tibbiyot fanlari doktori, dotsent; O‘rinov Muso Boltaevich tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Parkinson kasalligi, essensial tremor bilan og‘rigan bemorlarda tremorning klinik belgilari va turlarini o‘rganish, davolash algoritmini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ekzosomal al`fa-sinuklein miqdori Parkinson kasalligi va essensial tremorni ajratishda biomarker sifatidagi ahamiyati, kasallikni erta bosqichda tashxislash va neyrodegenerativ jarayonlarning rivojlanish dinamikasi, vegetativ o‘zgarishlarning rivojlanishiga ta’siri isbotlangan;
Parkinson kasalligi erta bosqichlarida engil intensivlikdagi (velotrenajyor) mashqlar yordamida motor simptomlarni boshqarish orqali davolashga differensial yondashuv patofiziologik jixatdan takomillashtirilgan; 
DBS terapiyasining Parkinson kasalligi tremorli shaklidagi harakat simptomlarini engillashtirish, levodopa dozasini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashda yuqori samaradorligi isbotlangan;
Parkinson kasalligi, essensial tremor va ularning kombinasiyalangan shakli (PD-ET overlap) bo‘lgan bemorlarda tremorning klinik va nevrologik belgilari, differensial diagnostik mezonlari hamda optimal davolash ketma-ketligi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.    
Neyrodegenerativ kasalliklardagi tremorning differensial-diagnostik mezonlari, davolash algoritmini optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik: ekzosomal al`fa-sinuklein miqdori Parkinson kasalligi va essensial tremorni ajratishda biomarker sifatidagi ahamiyati, kasallikni erta bosqichda tashxislash va neyrodegenerativ jarayonlarning rivojlanish dinamikasi, vegetativ o‘zgarishlarning rivojlanishiga ta’siri isbotlanganligi 2025 yil  20 yanvardagi 14- son buyruq va 2025 yil 27 yanvardagi 53- U/T son buyruqqa muvofiq Guliston tibbiyot klasteri va Toshkent shahar 7-klinik shifoxonasida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: klinik amaliyotda tashxis qo‘yish jarayonida shifokorlarga yordam berish bilan birga, bemorlarga erta va maqsadli davo choralarini ko‘rish imkonini berdi. Bundan tashqari, α-sinuklein darajasini kuzatish orqali kasallikning ilgarilashi, motor va nomotor funksiyalardagi o‘zgarishlar hamda davolash samaradorligi dinamik nazoratga olindi. Bu kabi yondashuvlar bemorning hayot sifatini yaxshilash, shifokorlarga tashxis va davo jarayonida aniq yo‘nalish berish, sog‘liqni saqlash tizimida samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiy samaradorligi: ekzosomal α-sinuklein miqdorini ELISA usuli yordamida baholash orqali Parkinson kasalligi va essensial tremorni erta bosqichda aniqlash imkoniyati yaratilishi tashxis jarayonidagi aniqlikni oshirdi va noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga xizmat qildi. Amaliyotda kuzatilgan holatlarga asosan, noto‘g‘ri tashxis tufayli bir nafar bemorga beriladigan samarasiz dori vositalari, qo‘shimcha tekshiruvlar va mutaxassislarga murojaatlar bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtacha 3000000 so‘mni tashkil qilgan. Yangilik joriy etilgandan so‘ng, har bir bemor uchun bu xarajatlar 1000000 so‘mga tushgan. Shunday qilib, bir nafar bemor uchun taxminiy iqtisodiy samara 2000000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 30 nafar bemorda bu ko‘rsatkich 60000000 so‘mga teng bo‘ldi. Bundan tashqari, ELISA usuli orqali tashxislash jarayonida bemorga o‘z vaqtida va maqsadli davolashni boshlash imkoni yaratilganligi sababli, stasionarda yotqizish ehtiyoji kamaydi va ambulator kuzatuv davrida dori vositalarining dozasi optimallashdi. Bu esa bir yil davomida har bir bemor uchun qo‘shimcha 1200000 so‘mgacha ekonomiya qilish imkonini berdi. 
ikkinchi ilmiy yangilik: Parkinson kasalligi erta bosqichlarida engil intensivlikdagi (velotrenajyor) mashqlar yordamida motor simptomlarni boshqarish orqali davolashga differensial yondashuv patofiziologik jixatdan takomillashtirilganligi asosida tuzilgan reabilitasiya dasturi 2025 yil 20 yanvardagi 14- son buyruq va 2025 yil 27 yanvardagi 53- U/T son buyruq asosida Guliston tibbiyot klasteri va Toshkent shahar 7-klinik shifoxonasida amaliyotga tatbiq etilgan. Ijtimoiy samaradorligi:  velotrenajyor mashqlari nafaqat motor funksiyalarni yaxshilash, balki davo vositalariga bo‘lgan qaramlikni kechiktirish, dori dozalarini kamaytirish va simptomlarni tabiiy tarzda nazorat qilish imkonini yaratdi. Bunday yondashuv bemorlarning o‘z-o‘zini parvarish qilish qobiliyatini uzoqroq saqlashga, oila a’zolarining parvarish yukini kamaytirishga va kasallikning ruhiy ta’sirini engillashtirishga turtki bo‘ldi. Shuningdek, mashqlarning jismoniy faollikka qaratilganligi orqali qon aylanishi, muvozanat va mushak faoliyati yaxshilanadi, bu esa yiqilishlar, jarohatlar va ular bilan bog‘liq asoratlar xavfini kamaytirdi. Bemorning ijtimoiy hayotda qatnashish qobiliyati uzoqroq saqlanishi esa uning psixologik holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda ijtimoiy adaptasiya jarayonini engillashtirdi. Iqtisodiy samaradorligi: engil intensivlikdagi velotrenajyor mashqlarini Parkinson kasalligining erta bosqichida tatbiq etish orqali dori vositalarini qabul qilishga bo‘lgan ehtiyoj 15 - 20% ga kamayishi, shuningdek, stasionar davolanish davriyligining pasayishi kuzatildi. Amaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, Parkinson kasalligi bilan og‘rigan bir nafar bemor yiliga o‘rtacha 3000000 so‘mlik dori vositalarini qabul qiladi. Velotrenajyor mashqlari joriy etilgandan so‘ng, ushbu ko‘rsatkich 500000-600000 so‘mgacha kamayib, dori xarajatlari taxminiy 2400000 so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari, reabilitasiya dasturiga jalb etilgan bemorlarda stasionar yotqizish soni kamaygani sababli, bir yilda har bir bemor uchun kamida 800000 so‘mlik qo‘shimcha tibbiy xizmat xarajatlari tejalgan. Shu orqali har bir bemor uchun umumiy iqtisodiy samara o‘rtacha 1400000 - 1600000 so‘mni tashkil etdi. Agar reabilitasiya dasturi 30 nafar bemorga qo‘llangan bo‘lsa, umumiy iqtisodiy foyda taxminiy 45000000 - 48000000 so‘m atrofida bo‘lgan. 
uchinchi ilmiy yangilik: DBS terapiyasining Parkinson kasalligi tremorli shaklidagi harakat simptomlarini engillashtirish, levodopa dozasini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashda yuqori samaradorligi isbotlangan. Ijtimoiy samaradorligi:  DBS terapiyasi qo‘llanilgan bemorlarda harakat qobiliyati yaxshilanishi natijasida kundalik faoliyatda mustaqillik saqlandi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish imkoni oshdi va bemorning ruhiy holatida jo‘shqinlik kuzatildi. Bundan tashqari, dori vositalarini kamaytirish hisobiga dorilarning salbiy ta’sirlari va asoratlarini kamaytirish orqali umumiy hayot sifatini ko‘tarishga erishildi. Bu holat bemorlarning qaramlik darajasini pasaytirdi, oila a’zolariga bo‘lgan yukni engillashtirdi va uzoq muddatli ijtimoiy moslashuvni ta’minlandi. Iqtisodiy samaradorligi: DBS terapiyasi qo‘llanilgan bemorlarda levodopa va boshqa simptomatik dorilarning dozasini kamaytirish hisobiga yillik dori vositalari xarajatlari o‘rtacha 5000000 so‘mdan 2500000 so‘mgacha tushgan. Shuningdek, motor funksiyalar yaxshilanishi orqali stasionar davolanish ehtiyojining kamayishi va ambulator murojaatlar sonining qisqarishi hisobiga har bir bemor uchun qo‘shimcha 1200000 so‘mgacha tejamkorlik yaratilgan. Umumiy hisobda, DBS usuli qo‘llangan 30 nafar bemor uchun umumiy iqtisodiy samara taxminiy 50000000 so‘mni tashkil etgan. Ushbu natijalar, mazkur usulning nafaqat klinik, balki moliyaviy jihatdan ham maqbul echim ekanini ko‘rsatadi. 
to‘rtinchi ilmiy yangilik: Parkinson kasalligi, essensial tremor va ularning kombinasiyalangan shakli (PD-ET overlap) bo‘lgan bemorlarda tremorning klinik va nevrologik belgilari, differensial diagnostik mezonlari hamda optimal davolash ketma-ketligi ishlab chiqilganligi haqidagi ma’lumotlar 2025 yil  20 yanvardagi 14 - son buyruq va 2025 yil 27 yanvardagi 53- U/T son buyruqqa muvofiq Guliston tibbiyot klasteri va Toshkent shahar 7-klinik shifoxonasida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: muvofiqlashtirilgan davolash algoritmi natijasida bemorlarda motor va nomotor funksiyalar yaxshilandi, kundalik turmush faoliyatida mustaqillik saqlandi hamda kognitiv funksiyalarda barqarorlashuv kuzatildi. Ishlab chiqilgan algoritm va klinik mezonlar asosida shifokorlar tashxis qo‘yish hamda davo yo‘nalishini belgilashda aniq, tizimli va zamonaviy yondashuvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qildi. Iqtisodiy samaradorligi: taklif etilgan muvofiqlashtirilgan davo algoritmi an’anaviy davo bilan solishtirilganda moliyaviy jihatdan samarali bo‘lib chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, an’anaviy davolashda bir nafar bemor uchun yillik xarajat 14260000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, muvofiqlashtirilgan davo usulida bu ko‘rsatkich 11500000 so‘mgacha pasaygan. Bu esa har bir bemor uchun 2760000 so‘mlik iqtisodiy foydaga teng. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish