Rasulov Aziz Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rik mevalarini quritib tayyorlangan mahsulot sifatini oshirishda texnologik jarayonlarni takomillashtirish”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Qx764
Ilmiy rahbar: Sharipov Sulton Yangiboevich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Iskandarov Zafar Samandarovich, texnika fanlari doktori, professor; Usmonova Kamola Abdujabbarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Akademik M.M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rik mevalarining texnologik xususiyatlarini tahlil qilish va samarali quritish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘rikning mahalliy va introduksiya qilingan navlarining agrobiologik xususiyatlari chuqur o‘rganilib, qaysa usuli uchun “Kursadik” va “Navruz”, bargak uchun “Oq-isfarak” va “Subxoni”, turshak uchun esa “Arzami” va “Xurmai” navlari texnologik jihatdan maqbul deb topilgan;
“Ruxi Djuvanon” va “Navruz” navlarida quritish jarayonining ilk 3 soatida namlik yo‘qotish ko‘rsatkichi mos ravishda 45% va 44% ni, mahsulotning komponentlar saqlash koeffisienti 75-80%ni tashkil etishi aniqlangan;
o‘rik mevalariga 3%li NaHSO₃ eritmasida 2–2,5 soat davomida dastlabki ishlov berish orqali quritilgan mahsulot chiqimi nazoratga nisbatan 4–5% ga yuqori bo‘lishi isbotlangan;
o‘rik mevalarini quritishga tayyorlash jarayoni qiyosiy tahlil qilinib, mahsulot chiqimi va vaqt sarfi bo‘yicha eng samarali va tez usul sifatida konvektiv quritish usuli aniqlangan, bunda 100 kg xom-ashyodan 20 kg quritilgan mahsulot, quritish davomiyligi 8–10 soatni tashkil etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rik mevalarini turli xil usullarda quritish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Yubileyniy Navoi”, “Kursadik” va “Subxoni” o‘rik navlarining mevalarini konvektiv usulda quritish texnologiyasi Toshkent viloyatidagi TDAU huzuridagi “Axborot-maslahat Markazi (Extension center)” DUK tajriba maydonida va Qibray tumanidagi “Yon Ariq Rasulov Yo‘ldosh” MChJ korxonasida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 5 apreldagi № 06/27-05/1970-son ma’lumotnomasi). Natijada “Yubileyniy Navoi” navidan 33 mln. so‘m, “Subxoni” navidan 35 mln. so‘m, “Kursadik” navidan esa 28 mln. so‘m sof foyda olingan. Ushbu tadbirlar iqtisodiy samaradorlikni 140-144% darajasida oshirish imkonini bergan.
O‘rik mevalariga 3%li NaHSO₃ eritmasida ishlov berish texnologiyasi Namangan viloyati Pop tumanidagi “Namangan Agrologistics” MChJ hududidagi 2,5 ga maydonda etishtirilgan o‘rik mevalariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 5 apreldagi № 06/27-05/1970-son ma’lumotnomasi). Natijada “Yubileyniy Navoi” navidan 29 mln so‘m, “Subxoni” navidan 33 mln. so‘m, “Kursadik” navidan esa 24 mln. so‘m sof foyda olingan.