Ermatov Bahodir Sodiqovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «G‘arbiy Evropa mamlakatlari adabiyotlarida Amir Temur siymosi (sarchashmalar, tasavvur va talqinlar)», 10.00.04–Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2017.1.DSc/Fil32.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Baqoeva Muhabbat,filologiya fanlari doktori, professor; Qosimov Abdug‘apur, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: G‘arbiy Evropa xalqlari adabiyoti tarixida Amir Temur haqida yaratilgan asarlarni tahlil qilish va ularda Sohibqiron siymosining talqin etilishini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XV-XX asrlarda ispan, ital`yan, fransuz, ingliz va nemis adabiyotida Amir Temur haqida yaratilgan turli janrlardagi asarlarda Sohibqiron obrazining bon (yaxshi), grand (katta), tres grand (buyuk), haut (yuksak) epitetlarida berilganligi isbotlangan;
Amir Temur, uning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq mavzu G‘arbiy Evropa mamlakatlari adabiyoti tarixida ilk bor dramaturgiyada shakllanib, so‘ng Uomo famosi – «mashhur inson» sifatida badiiy adabiyotning barcha janrlariga kirib kelgani asoslangan;
Amir Temurning harbiy san’ati yuksak baholaganligi va uning tarixda birinchi bo‘lib psixologik urush taktikasini qo‘llagani badiiy asarlar misolida ochib berilgan;
XIX-XX asrlar inglizzabon bolalar she’riyatida ilk bor qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirgan shahzoda Temur siymosi yaratilganligi, irland shoiri Kriv Rou Little Tamerlane («Shahzoda Temur») balladasi bilan jahon bolalar adabiyotiga Amir Temur mavzusini olib kirganligi isbotlangan;
G‘arbiy Evropa dramaturgiyasida Amir Temur o‘z taqdirini o‘zi belgilagan, kelajagi uchun o‘zi kurashuvchi inson sifatida tasvirlanganligi uchun ham K.Marloning «Buyuk Amir Temur» tragediyasi va J.F.Xandlning «Amir Temur» operasi bugun ham dunyo teatrlari sahnalarida o‘ynalayotganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘arbiy Evropa mamlakatlari adabiyotlarida Amir Temur siymosi bilan bog‘liq izlanishlar jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
G‘arbiy Evropa mamlakatlari adabiyotlarida XV-XX asrlarda yaratilgan Amir Temur haqidagi turli janrlardagi asarlarning mushtarakliklari va o‘ziga xosliklariga oid natijalardan F1-02 «Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi» mavzusidagi Davlat granti loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 14 avgustdagi 02-11/479-son ma’lumotnomasi). Ular G‘arb mamlakatlarida Uyg‘onish davri estetikasining mushtarakligi va milliy o‘ziga xosligi, G‘arb adabiyotshunosligining o‘ziga xos xususiyatlari va farqlanish mezonlari, G‘arbiy Evropa mamlakatlari dramaturgiyasining sarchashmalari, asarlardagi tarixiy haqiqat va badiiy to‘qimaning mutanosiblik va nomutanosiblik darajasi, ularda badiiy obraz va xarakterlar yaratishning o‘ziga xosligini ochib berishga yordam bergan;
G‘arbiy Evropada Amir Temur haqida yaratilgan asarlarda Sohibqiron obrazining xalqparvar hukmdor sifatida tasvirlanganligi bo‘yicha olingan natijalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi «Badiiy tarjima va xalqaro aloqalar» kengashida keng foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2017 yil 25 sentyabrdagi 01-03/860-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek klassik shoirlari Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Zebuniso va Nodirabegimning g‘azal va ruboiylari fransuz tiliga tarjima qilinib, Parijda «Temuriy shahzodalar saroyida» nomli kitobning nashr etilishiga asos bo‘lgan;
G‘arbiy Evropa adiblari va san’atkorlarining tarixiy voqealar emas, murakkab xarakterga ega bo‘lgan sarkardaning shaxsiyati to‘g‘risidagi xulosalaridan Samarqand viloyati musiqali drama teatrida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan asarni sahnalashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining 2017 yil 29 sentyabridagi 01-11-07-4605-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotchining «Amir Temur» tragediyasining syujet va kompozisiyasi, obrazlar tizimi, badiiy xususiyatlari, unda ilgari surilgan g‘oyalar va dramaturg mahoratiga taalluqli mulohazalari spektakl` ijodkorlari uchun zarur manba bo‘lib xizmat qilgan;
XIX-XX asrlar inglizzabon bolalar she’riyatida ilk bor qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirgan shahzoda Temur siymosi yaratilganligi, irland balladasining tarjimasi bo‘yicha olingan natijalaridan «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Xalqaro ko‘rsatuvlar» tahririyati tomonidan efirga uzatilgan «Ko‘ngil ko‘priklari», «Amir Temur va jahon», «Tilga e’tibor» va «Assalom, kelajak» turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston» teleradiokanalining 2018 yil 27 noyabrdagi 01-13-2127-son ma’lumotnomasi). Mulohazalar ko‘rsatuvlarning ob’ektiv tayyorlanishi, ma’naviy ta’sirchanligi, badiiy emotsionalligi va tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga yordam bergan.
XV-XX asrlarda ispan, ital`yan, fransuz, ingliz va nemis adabiyotida Amir Temur haqida yaratilgan turli janrlardagi asarlar tarjimasi bo‘yicha olingan natijalaridan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ilmiy faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining 2018 yil 12 noyabrdagi 01-3933-son ma’lumotnomasi). Ular Arxiepiskop Ioann. Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar, Lyus`en Keren. Amir Temur saltanati, Marsel` Brion. Amir Temur singari kitoblarni chop etishga asos bo‘lib xizmat qilgan.
XV-XX asrlar nemis yozuvchilari I.Shil`tberger, I.V.Gyote, K.Edshmid, T.Nagellarining badiiy mahoratiga taalluqli mulohazalardan Germaniya Federativ Respublikasining Myunster shahridagi Vil`gel`m nomli Vestfal` universiteti bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti birgalikda amalga oshirgan «Til, adabiyot va madaniyatdagi hind-german va hind-german bo‘lmagan aloqalar» (Indo-germanische und außerindogermanische Kontakte in Sprache, Literatur und Kultur) mavzuidagi GIP xalqaro fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 15 noyabridagi 89-03-3929-son ma’lumotnomasi). Bildirilgan fikr va mulohazalar nemis yozuvchilari asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari, ularda ilgari surilgan g‘oyalar, mavzular ko‘lami, syujet va kompozision qurilishini asoslash imkonini bergan.