Axmedov Ixtiyor Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jinoyat ishida dalillarni soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik”, “12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi” ixtisosliklari bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Yu153.
Ilmiy rahbar: Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor; O‘razaliev Murod Qoraevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dalillarni soxtalashtirishning jinoyat-huquqiy jihatlarini kompleks o‘rganish asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, mazkur jinoyatga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy choralarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatini kvalifikatsiya qilishda muammolar va qonunchilikda bo‘shliqlar mavjudligi hamda ularni bartaraf etish zarurati sababli “tergovga qadar tekshiruv organlari” mansabdor shaxsini hamda “advokat”ni dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatining sub’ekti sifatida belgilash lozimligi asoslantirilgan;
jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini oshirish va ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan jinoiy oqibatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish zaruratining mavjudligi sababli dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) “odam oʻlimiga sabab bo‘lgan”da javobgarlik differensiatsiya qilinishi lozimligi isbotlangan;
mahkumni axloqan tuzatish hamda jinoiy faoliyatini davom ettirishining oldini olish uchun amaldagi jazo tizimini takomillashtirish zaruratining mavjudligi hamda muayyan huquqdan mahrum etish jazosining jazo maqsadiga erishish va shaxsning kelgusidagi jinoiy faoliyatiga to‘sqinlik qilishga to‘la ravishda imkon bermayotganligi sababli dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyati uchun belgilanadigan qo‘shimcha jazolar qatoridan muayyan huquqdan mahrum etish jazosini chiqarish maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan;
Jinoyat kodeksining 2302-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat sub’ektlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlashtirilmaganligi, shuningdek, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi barcha organlarda bunday huquqning mavjud emasligi amaliyotda ushbu normani qo‘llashda muammolarni keltirib chiqarayotganligi, mazkur qilmish uchun og‘irlashtiruvchi holatlarda javobgarlik belgilash zaruratining mavjud emasligi sababli “axborotni nooshkora olish uchun mo‘ljallangan maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan” tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) bilan bog‘liq qilmishni “Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish)” jinoyatining og‘irlashtiruvchi tarkibidan chiqarish maqsadga muvofiqligi isbotlangan;
jinoyat sodir etganlikdagi aybdorlik masalasi faqat maqbul dalillar bilan isbotlangan taqdirdagina jinoiy javobgarlikka tortishning huquqiy asoslari mavjud bo‘lishi va ushbu tartibni qonunchilikda belgilash zaruriyatining mavjudligi sababli qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi shartligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatini kvalifikatsiya qilishda qonunchilikdagi muammolar va bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida, “tergovga qadar tekshiruv organlari” mansabdor shaxsini va “advokat”larni dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatining sub’ekti sifatida belgilash zarurati to‘g‘risidagi taklifidan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 332-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 04-iyuldagi 27/2-141-25-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatini kvalifikatsiya qilishdagi muammolarni bartaraf etishga hamda ushbu jinoyat sub’ektlarini aniqlashtirilishiga xizmat qiladi;
jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini oshirayotganligi va ijtimoiy xavfli jinoyat oqibatlarining oldini olish choralarini kuchaytirish zarurati tufayli, “odam o‘limiga sabab bo‘lgan” dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) uchun javobgarlikni differensiatsiya qilish zarurati to‘g‘risidagi taklifidan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 332-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 04-iyuldagi 27/2-141-25-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyati uchun javobgarlikni differensiatsiya qilinishiga xizmat qiladi;
mahkumni axloqan tuzatish va uning jinoiy faoliyatini davom ettirishining oldini olish uchun amaldagi jazo tizimini takomillashtirish zarurati, shuningdek, muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyati uchun belgilangan qo‘shimcha jazolar qatoridan chiqarib tashlash lozimligi to‘g‘risidagi taklifidan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 332-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 04-iyuldagi 27/2-141-25-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi dalillarni qalbakilashtirish uchun jazo maqsadiga erishishga va shaxsning keyingi jinoiy faoliyatining oldini olishga xizmat qiladi;
“Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish)” jinoyatining og‘irlashtiruvchi tarkibidan “axborotni nooshkora olish uchun mo‘ljallangan maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan” qilmishni chiqarib tashlash to‘g‘risidagi taklifidan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 332-moddasi uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan. Bu amaldagi Jinoyat kodeksining 2302-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat sub’ektlarining aniq belgilanmaganligi, shuningdek, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi barcha organlarda bunday huquqning yo‘qligi amaliyotda ushbu normani qo‘llashda muammolarni keltirib chiqarayotganligi bilan shartlanadi. Shu bois, og‘irlashtiruvchi holatlarda bunday qilmish uchun alohida javobgarlik belgilashning zaruriyati mavjud bo‘lmaydi. (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 04-iyuldagi 27/2-141-25-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) jinoyatini kvalifikatsiya qilishdagi muammolarni bartaraf etishga va adolatli jazo chorasini qo‘llashni ta’minlashga xizmat qiladi.
Konstitusiyada mustahkamlangan shaxsiy huquq va erkinliklarni hamda qonunlarda belgilangan tartiblarni buzgan holda yoxud qonunlarda nazarda tutilmagan harakatlar natijasida to‘plangan dalillar qonunni buzgan holda olingan dalillar deb e’tirof etilishi lozimligiga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 16-son qarorining 9-bandi 2-xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 29-apreldagi 08/431-24-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar shaxsni ayblash asosiga qo‘yiladigan har qanday dalilning soxtalashtirilishi, yoʻq qilinishi, almashtirilishi, o‘zgartirilishi hamda ayblovning sun’iy dalillarini yaratilishini oldini olishga xizmat qiladi.