Baxriddinov Sharofiddinning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tijorat banklari aktivlari tarkibini optimallashtirish va uni boshqarishning metodologik asoslarini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Iqt848.
Ilmiy maslahatchi: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, akademik G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xaydarov Nizomiddin Xamraevich; iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Qulliev Istam Yangimurodovich.
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent shahri filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston tijorat banklari aktivlar portfelini boshqarishni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tijorat banklari aktivlari portfelida qimmatli qog‘ozlarga investisiyalar ulushini 10 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash asosida bank daromadlilik va likvidlilikni oshirish taklif etilgan;
tijorat banklarining kassali aktivlarini samarali boshqarish uchun “cash management” tizimini joriy etish taklif etilgan;
banklar sof foizli daromadlarining o‘rtacha yillik o‘sish sur’atini 10 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash taklifi asoslangan;
banklar kredit portfelida harakatsiz aktivlar (NPL) ulushini KPI (samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini) joriy etish orqali kamaytirish taklif etilgan;
tijorat banklari balansiga olingan mol-mulklarni jami aktivlar tarkibidagi ulushini 2 foizdan oshirmaslik taklifi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tijorat banklarining aktivlar portfelini boshqarish amaliyoti va metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tijorat banklari aktivlari portfelida qimmatli qog‘ozlarga investisiyalar ulushini 10 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash asosida bank daromadlilik va likvidlilikni oshirish taklifi “AT “Aloqabank”ni 2024 yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasi”ni va AT Xalq bankining “2024 moliyaviy yil uchun biznes rejasi”ni ishlab chiqishda inobatga olingan. (AT “Aloqabank”ning 2025 yil 23 iyundagi № 19-04/2834-son ma’lumotnomasi, AT Xalq bankining 2025 yil 29 iyuldagi № 6-23/3339-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, AT “Aloqabank”ning aktivlar portfelida qimmatli qog‘ozlarga qilingan investisiyalar ulushi 10,8 foizni va AT Xalq banki aktivlari tarkibida qimmatli qog‘ozlarga qilingan investisiyalar ulushi 18,1 foizni tashkil etdi. AT “Aloqabank”ning qimmatli qog‘ozlarga qilingan investisiyalar hisobidan bank yuqori likvidli aktivlarining 9,1 foizi qismini shakllantirish manba bo‘lib xizmat qilgan hamda qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha olingan foizli daromadlar miqdori 266 mlrd. so‘mni tashkil etib o‘tgan yilning (91 mlrd. so‘m) mos davriga nisbatan 175 mlrd.so‘m ortishiga erishilgan. Xalq bankida qimmatli qog‘ozlar hisobidan yuqori likvidli aktivlarning 7,1 foizi qismini shakllantirish manbai bo‘lib xizmat qilgan va 2024 yil 31 dekabr holatiga qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlari 314,4 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (126,1 mlrd so‘m) nisbatan 2,5 barobarga oshishiga erishilgan.
tijorat banklarining kassali aktivlarini samarali boshqarish uchun “cash management” tizimini joriy etish taklifi AT Xalq bankining “Yagona kassa markazida kassa ishini tashkil etish tartibi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan. (AT Xalq bankining 2025 yil 29 iyuldagi № 6-23/3339-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, AT Xalq bankining bankomatlar orqali naqd pul berishdan olingan daromadlari 2024 yil 31 dekabr holatiga 286,1 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (208,1 mlrd so‘m) nisbatan 37,5 foiz yoki 78 mlrd so‘mga ortib, bankning kassali aktivlaridan foydalanish samaradorligi oshgan.
banklar sof foizli daromadlarining o‘rtacha yillik o‘sish sur’atini 10 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash taklifi AT Xalq bankini “2024 moliyaviy yil uchun biznes rejasi”ni ishlab chiqishda inobatga olingan. (AT Xalq bankining 2025 yil 29 iyuldagi № 6-23/3339-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif asosida AT Xalq bankining aktivlar tarkibini optimallashtirish va daromad keltiruvchi aktivlar ulushini oshirilishi hisobiga sof foizli daromadlari 2024 yil yakuniga 2 203,9 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (1 921,9 mlrd so‘m) 14,7 foiz yoki 282 mlrd so‘mga oshishiga erishilgan.
tijorat banklari kredit portfelida harakatsiz aktivlar (NPL) ulushini KPI (samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini) joriy etish orqali kamaytirish taklifi AT “Aloqabank”ning “Bank xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash bo‘yicha maxsus komissiya to‘g‘risida”gi nizomi va AT Xalq bankida “Bank xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash to‘g‘risida”gi nizomida inobatga olingan. (AT “Aloqabank”ning 2025 yil 23 iyundagi № 19-04/2834-son ma’lumotnomasi, AT Xalq bankining 2025 yil 29 iyuldagi № 6-23/3339-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi natijasida, Aloqabank kredit portfelida mavjud harakatsiz kreditlar ulushi 2024 yil 31 dekabr holatiga 1,9 foizni tashkil etib, 2024 yil 30 iyun holatiga (4,1 foiz) nisbatan 2,2 foizga kamayishiga erishilgan. Xalq bankining kredit portfelida mavjud harakatsiz kreditlar ulushi 2024 yil 31 dekabr holatiga 4,2 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (7,6 foiz) nisbatan 3,4 foizga kamayishiga erishilgan.
tijorat banklari balansiga olingan mol-mulklarni jami aktivlar tarkibidagi ulushini 2 foizdan oshirmaslik taklifi AT Xalq bankining “Xalq bankida qarzdorlik va zararlarni o‘rnini qoplash evaziga bank balansiga mol-mulklarni qabul qilish va ularni sotish” tartibida inobatga olingan. (AT Xalq bankining 2025 yil 29 iyuldagi № 6-23/3339-son ma’lumotnomasi). Xalq banki balansiga olingan mol-mulklarning jami aktivlardagi ulushi 2024 yil yakunida va 2023 yil 31 dekabr holatiga 1,6 foizni tashkil etgan hamda bank aktivlari tarkibida daromad keltiruvchi aktivlar ulushining barqarorligini ta’minlashga zamin yaratgan.