Rafieva Feruza Umidulloevnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning Karpas.Raf. kenja turkumi yovvoyi va madaniy vakillarining o‘zaro filogeniyasi asosida genetik-seleksiyaviy potensialidan foydalanish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/B241. 
Ilmiy maslahatchi: Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Matniyazova Hilola Xudayberganovna, biologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raev Sirojiddin Turdiqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Samanov Shermuhammad Abdurasulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Karpas Raf. kenja turkumiga mansub tetraploid g‘o‘za turlarining o‘zaro molekulyar filogenetik munosabatlarini hamda ularning duragaylarida qimmatli-xo‘jalik belgilarining irsiylanish xususiyatlarini aniqlash asosida irsiy jihatdan yangi genotiplar va tizmalar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Karpas Raf. kenja turkumi Magnibracteolata Tod. seksiyasiga mansub tetraploid g‘o‘za turlari o‘rtasida o‘rganilgan o‘zaro filogenetik tahlil natijalariga muvofiq , G.mustelinum turi G.hirsutum L. turichi vakillaridan madaniy-tropik ssp.paniculatum hamda ssp.glabrum var.marie-galante shakllari bilan yaqin filogenetik munosabatda ekanligi aniqlangan;
mikrosatrllit (SSR) markerlardan foydalanib amalga oshirilgan molekulyar-genetik tadqiqotlar asosida G.hirsutum L. va G.barbadense L. turichi vakillari, shuningdek G.darwinii Watt. hamda G.mustelinum Miers ex Watt. turlarining yangi, umumiy ko‘rininshdagi filogenetik shajarasi tuzilgan;
bioinformatik (BLAST) yondashuvlar orqali g‘o‘za genomiga xos, muhim 29 ta noyob nomzod genlar va oqsillar identifikatsiya qilinib, oqsil ketma-ketligi tahlillari asosida ularning ehtimoliy funksiyalari aniqlangan;
tetraploid turlarning F1 duragaylarida meyozning metafaza I bosqichida xromosomalar konʼyugatsiyasining normal kechishi, meyotik indeks hamda changlar hayotchanligining yuqori ekanligi asoslangan;
g‘o‘zaning turlararo F1 duragaylarida tola uzunligi va chiqimi belgilari asosan turli darajadagi ijobiy dominantlik, bitta ko‘sakdagi paxta vazni belgisi – ijobiy va salbiy to‘liqsiz dominantlik,1000 dona chigit vazni belgisi – ijobiy va salbiy o‘ta dominantlik holatlarida irsiylanganligi aniqlangan;
turlararo F2 duragaylarida madaniy shakl onalik sifatida qo‘llanilganda qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha ijobiy transgressiya, yovvoyi shakllarning o‘zaro F2 kombinatsiyalarida esa salbiy transgressiya hodisasi yuzaga kelganligi, yovvoyi shakllar duragaylarining keyingi avlodlarda belgilar ko‘rsatkichlarining pasayib borganligi aniqlangan;
g‘o‘zaning turlararo duragay populyasiyalaridan ajratib olingan oilalarda qimmatli-xo‘jalik belgilari tahlili asosida yangi genetik asosga ega, seleksion istiqbolli oilalar, shuningdek «T-33», «T-35», «T-37», «T-39», «T-42» hamda «T-45» tizmalari ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning Karpas Raf. kenja turkumi yovvoyi va madaniy vakillarining o‘zaro filogeniyasi asosida genetik-seleksiyaviy potensialidan foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Gossypium L. turkumidagi genetik xilma-xillik, QTL xaritalash va markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyalari haqidagi ilmiy asoslangan xulosalar Frontiers in Plant Science jurnalining 2021 yilgi nashrida chop etilgan maqolaga yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalarda havolalar keltirilgan (Genes  MDPI 2023, 14(7),  DOI:org/10.3390/genes14071484 – Scopus/Web of Science IF–2.8; Agronomy MDPI, 2022; Volume 12, Issue 6. DOI: 10.3390/agronomy12061381 – WoS IF–3.94; Plant Molecular Biology Reporter, 2022. DOI: 10.1007/s11105-022-01347-5 – Scopus IF–1.80). Natijada, Gossypium turlarida genetik resurslardan samarali foydalanish, QTL tahlili va molekulyar markerlar yordamida tanlov (seleksiya) qilish bo‘yicha ilmiy asoslarni shakllantirish imkonini bergan;
G.hirsutum L. turiga mansub Beshqahramon navi va yovvoyi G.mustelinum Miers ex Watt. turini o‘zaro duragaylash asosida olingan kombinatsiyalarining yuqori avlodlaridan yakka tanlash yo‘li bilan ajratib olingan T-33, T-35, T-37, T-39 va T-42 tizmalari Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining „G‘o‘za genofondi“ noyob obekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 14 noyabrdagi  4/1255-2535 son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tizmalar g‘o‘zaning dunyoviy genefondini boyitish va kolleksiya elektron bazasini shakllantirish imkonini bergan;
olingan T-33, T-35, T-37 va T-42 tizmalarining qimmatli-xo‘jalik belgilari va morfobiologik xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar A-FA-2021-19 raqamli (2021-2022 uu) “G‘o‘za genofondi kolleksiyalarini inventarizatsiya qilish asosida raqamlashtirilgan ma’lumotlar bazasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 14 noyabrdagi  4/1255-2534 son ma’lumotnomasi). Natijada, www.cottongen.uz veb saytiga joylangan ma’lumotlar uzun tolali, tola chiqimi yuqori va genotipi yovvoyi turlar genlari bilan boyitilgan namunalar qidiruv mezonlarini boyitish imkonini bergan;
Beshqahramon va G.mustelinum Miers ex Watt. turlarini o‘zaro duragaylash asosida olingan istiqbolli “T-39” tizmasi 2024 yilda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Matlyubaxon Jasurbek” fermer xo‘jaligida 1,4 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2025 yil 22 yanvardagi 01/03-0020/AR son ma’lumotnomasi). Natijada, andoza Andijon-35 naviga nisbatan hosildorlik 3,9 s/ga yuqori bo‘lishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish