Kamalov Aybek Kudabaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tadbirkorlik subektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish yo‘llari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Iqt2971.
Ilmiy rahbar: Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Xaydarov Nizomiddin Hamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Abdullaev Zafar Alidjanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tadbirkorlik subektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
hududning investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi barcha tumanlarida joylashgan va ushbu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ayrim soliqlar (foyda, aylanmadan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk va er soliqlari) bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish taklif etilgan;
tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi hisoblamaslik zarurligi isbotlangan;
tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlariga etkazib berish bilan bog‘liq temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foiz qismini qoplab berish hamda eksportchilar mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlari to‘liq qoplab berilishi zarurligi asoslangan;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar sonini qisqartirish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududning investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yo‘nalishida barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan er solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirish bo‘yicha bergan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgustdagi PF-213-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining 2022 yil 7 dekabrdagi 02-07-3235-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida soliq imtiyozlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil sentyabr – dekabr oylarida 2 495 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishi, xorijiy va ichki investorlar tomonidan qo‘shimcha ravishda 419,5 mlrd.so‘mlik 212 ta yangi investisiya loyihalari amalga oshirilishiga erishilgan.
issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi hisoblanmasligi bo‘yicha bergan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 noyabrdagi PQ-413-son “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatldarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining 2022 yil 7 dekabrdagi 02-07-3235-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan issiqhona xo‘jaliklarining 2022 yilning 9 oyi davomida tabiiy gaz bo‘yicha shakllangan jami 79 mlrd.so‘m qarzdorliklariga hisoblanishi lozim bo‘lgan penya summasi tadbirkorlik sub’ektlari ixtiyorida qoldirilishiga erishilgan.
tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlariga etkazib berish bilan bog‘liq temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foiz qismini qoplab berish hamda eksportchilar mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlari to‘liq qoplab berilishi bo‘yicha bergan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi PF-25-son “Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatldarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining 2022 yil 7 dekabrdagi 02-07-3235-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 2022 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvargacha Orolbo‘yi mintaqasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ichki yuk tashishda transport xarajatlari qoplab berilishi va eksportyorlarning Kaspiy dengizigacha tashish bilan bog‘liq transport xarajatlarini to‘liq qoplab berilishi tartibi joriy etilgan.
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar sonini qisqartirish bo‘yicha bergan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 sentyabrdagi PQ-374-son “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan Natijada, 2023 yil 1 yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga «Yagona davlat nazorati» axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlandi. «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida barcha nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub’ektlari uchun majburiy bo‘lgan 46 443 ta talablar ro‘yxatlari shakllantirilib «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritilishiga erishilgan. Mazkur amaliyot, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan asossiz tekshiruvlarni oldini olib, tekshiruvlar soni qisqarishini ta’minlab bergan.