Boyxonova Mohigul Yusuf qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Bentonit va ko‘mirni boyitish orqali sorbent olish usulini tadqiq qilish», 04.00.14 – Foydali qazilmalarni boyitish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3456.
Ilmiy rahbar: Xujakulov Nurmurod Botirovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ulug‘bek Abdurasulovich, texnika fanlari doktori, professor; Nosirov Nurzod Ixtiyorovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bentonit va ko‘mirni boyitish orqali sorbent olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sorbent olish uchun Sharg‘un koni ko‘mirini flotatsiya usulida boyitishda boshqa flotareagentlarga nisbatan alkilbenzolsulfokislota (ABSK) flotareagentidan foydalanish natijasida uglerodning boyitmaga ajralishi 16,74% ga, boyitmadagi uglerodning miqdori 11,95% ga oshishi aniqlangan;
ko‘mir boyitmasi asosidagi sorbent namunalarini olishda bog‘lovchi sifatida faollashtirilgan bentonitdan foydalanilgan hamda sorbentdagi faollashtirilgan bentonit va ko‘mir boyitmasining optimal nisbati 1:2 ekanligi aniqlangan;
faollashtirilgan bentonit va ko‘mir boyitmasidan olingan sorbentlarga termik ishlov berish jarayoni uchun optimal sharoitlar: dekarbonizatsiya jarayoni uchun 600ºC da 20 daqiqa, faollashtirish uchun 900ºC da 40 daqiqa ekanligi aniqlangan;
faollashtirilgan bentonit va ko‘mir boyitmasidan shixta tayyorlash, shixtadan granulalar hosil qilish va granulalarga termik ishlov berish natijasida yangi sorbent olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bentonit va ko‘mirni boyitish orqali sorbent olish texnologiyasini ishlab chiqishda bo‘yicha olib borilgan ilmiy natijalar asosida:
Sharg‘un koni ko‘mirini alkilbenzolsulfokislota flotareagentidan foydalanib flotatsiya usulida boyitish texnologiyasi “NKMK” AJ Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasida joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2025 yil 21 iyuldagi 23/01-01-07/500-son ma’lumotnomasi). Natijada uglerodning boyitmaga ajralish darajasini 69,5% ga oshirish imkonini bergan;
faollashtirilgan bentonit va ko‘mir boyitmasidan olingan sorbentlar yordamida sanoat oqava suvlarini tozalash texnologiyasi “NKMK” AJ Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasida joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2025 yil 21 iyuldagi 23/01-01-07/500-son ma’lumotnomasi). Natijada texnologik jarayonlardan chiqayotgan oqava suvning sifat ko‘rsatkichlari: kalsiy (Ca2+) kationlari miqdori 350,7 mg/l dan 80,5 mg/l ga, magniy (Mg2+) kationlari miqdori 188,48 mg/l dan 38,08 mg/l ga, sianid (CN-) miqdori 2,417 mg/l dan 0,116 mg/l ga, quruq qoldiq miqdori 7156,4 mg/l dan 3023,6 mg/l ga, loyqalik darajasi 88,7 mg/l dan 1,72 mg/l ga kamaytirish imkonini bergan.