Dilafruz Xusan qizi Axmedovaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmogʻi nomi): “Ming – Mang‘it – Qo‘ng‘irot sulolalarining rasmiy yozishmalari tarixiy manba sifatida”. 07.00.08 – “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2023.3.PhD/Tar1623
Ilmiy rahbar: Allaeva Ashirovna Nigora, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat koʼrsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Oybek Abdurasulovich Klichev, tarix fanlari doktori; 
Nuryog‘di Iskandarovich Toshev, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ming – Mang‘it – Qo‘ng‘irot sulolalari o‘rtasidagi yozishmalar va nodir hujjatlarni muhim tarixiy manba sifatidagi ilmiy muomalaga kiritish hamda Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklari o‘zaro aloqalariga doir yangi ma’lumotlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Ming – Mang‘it – Qo‘ng‘irot sulola vakillari o‘rtadagi munosabatlarni mustahkamlashda “sulolaviy nikoh” vositasidan foydalanilganligi va yozishmalarning unvon qismida hukmdorlarning bir-birlariga nisbatan “birodar”, “tog‘a” va “ini” kabi murojaatlari tomonlarning “ustunlik yoki tenglik” darajasi hamda manfaatdor qo‘shnichilik siyosatini yuritganligi dalillangan;
Xonliklarda turli ichki yozishmalardan farq qiluvchi xalqaro hujjat yuritish tizimi shakllangan bo‘lib, tashqi aloqa uchun hukmdorlarning maxsus muhri (Buxoro amirligida dumaloq kungura hoshiyali, Xiva xonligida yulduzsimon dumaloq, Qo‘qon xonligida ko‘zasimon va cho‘qqili bodomsimon) qo‘yilganligi va bu diplomatik munosabatga kirishuvchi tomonning rasmiy maqomini hamda hujjatning tasdig‘ini anglatuvchi diplomatik ramz ekanligi aniqlangan;
Qo‘qon xonligi hujjatlari orasida shaxslarning mavqei va darajasini aniqlab beradigan muhrlar mavjud bo‘lib, jumladan, mingboshi sifatida tilga olingan Musulmonqulining qo‘shbegi mansabida ham xizmat qilganligi va u ma’lum vaqt quyiroq maqomda bo‘lsa-da, davlat boshqaruvidagi ta’sirini hamda xalqaro hujjatlarga muhr qo‘yish vakolatini saqlab qolganligi dalillangan;
maktublar mazmun-mohiyatiga ko‘ra do‘stlik va birdamlikni ifodalovchi: ixlosnoma (ishonch bildirish), istimolatnoma (da’vatnoma), sadoqatnoma, muhabbatnoma, tahniyatnoma (tabriknoma), fathnoma; hamda ziddiyat va qarama-qarshilikni bildiruvchi: ma’ziratnoma (uzr so‘rash) va sulhnoma kabi maktub turlariga bo‘linishi hamda bu maktub turlari Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari o‘rtasidagi munosabatlar rivojini belgilovchi vosita ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ming – Mang‘it – Qo‘ng‘irot sulolalarining o‘zaro aloqalariga doir yozishmalarni o‘rganish doirasida to‘plangan ma’lumotlar, ilmiy taklif va xulosalar asosida: hukmdorlar o‘rtadagi munosabatlarni mustahkamlashda “sulolaviy nikoh” vositasidan foydalanilganligi va yozishmalarning unvon qismida hukmdorlarning bir-birlariga nisbatan “birodar”, “tog‘a” va “ini” kabi murojaatlari tomonlarning “ustunlik yoki tenglik” darajasi hamda manfaatdor qo‘shnichilik siyosatini yuritganligi oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida namoyish etilgan “Qismat” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasining 2025-yil 6-fevraldagi 01-33-53-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari xonliklar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tarixiga doir yangi ma’lumotlar bilan boyitgan.
Xonliklarda turli ichki yozishmalardan farq qiluvchi xalqaro hujjat yuritish tizimi shakllanganligi va tashqi aloqa uchun hukmdorlarning maxsus muhri (Buxoro amirligida dumaloq kungura hoshiyali, Xiva xonligida yulduzsimon dumaloq, Qo‘qon xonligida ko‘zasimon va cho‘qqili bodomsimon) qo‘yilganligi hamda bu diplomatik munosabatga kirishuvchi tomonning rasmiy maqom-mavqeini shuningdek, hujjatning tasdig‘ini anglatuvchi diplomatik ramz ekanligi haqidagi ma’lumotlar PZ-20170928402 “O‘zbekistonning o‘rta asrlar tarixi rasmiy hujjatlarda: muammoli jihatlar, talqin va tahlil (VII-XIX asrning birinchi yarmi)” mavzusidagi loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 4-fevraldagi 3/1255-395-son ma’lumotnomasi). Natijalar o‘zbek davlatchiligi tarixining muhim bosqichi bo‘lgan xonliklar davrida hujjat yuritish va muhrlarning tashqi aloqalardagi o‘rni haqidagi ma’lumotlarni boyitishga xizmat qilgan.
Qo‘qon xonligi hujjatlari orasida shaxslarning mavqei va darajasini aniqlab beradigan muhrlar mavjud bo‘lib, jumladan, mingboshi sifatida tilga olingan Musulmonqulining qo‘shbegi mansabida ham xizmat qilganligi va u ma’lum vaqt quyiroq maqomda bo‘lsa-da, davlat boshqaruvidagi ta’sirini hamda xalqaro hujjatlarga muhr qo‘yish vakolatini saqlab qolganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasining 2025-yil 6-fevraldagi 01-33-53-son ma’lumotnomasi). Natijalar xonlik boshqaruv tizimidagi unvon va mansablarining faoliyati va vakolati haqidagi bilimlarni kengaytirishga xizmat qilgan.
Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari o‘rtasidagi yozishmalar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, do‘stlik va birdamlikni ifodalovchi: ixlosnoma (ishonch bildirish), istimolatnoma (da’vatnoma), sadoqatnoma, muhabbatnoma, tahniyatnoma (tabriknoma), fathnoma; hamda ziddiyat va qarama-qarshilikni bildiruvchi: ma’ziratnoma (uzr so‘rash) va sulhnoma kabi maktub turlariga bo‘linishi hamda bu maktub turlari sulolalar o‘rtasidagi munosabatlar rivojini belgilovchi vosita ekanligiga oid xulosalardan PZ-20170928402 “O‘zbekistonning o‘rta asrlar tarixi rasmiy hujjatlarda: muammoli jihatlar, talqin va tahlil (VII-XIX asrning birinchi yarmi)” mavzusidagi loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 4-fevraldagi 3/1255-395-son ma’lumotnomasi). Natijalar xonliklar o‘rtasidagi munosabatlarni yorituvchi hujjatlarni ilmiy muomalaga kirishiga imkon beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish