Toshpulatov Chingizxon Vali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda jo‘xori etishtirishda sho‘r yuvish muddati va sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish (Sirdaryo viloyati misolida)”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1177
Ilmiy rahbar Tuxtashev Botir Burievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022. Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Suvanov Boymurod Uralovich, qishloq xo’jaligi fanlar doktori, katta ilmiy xodim; Kamilov Baxtiyor Sultanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar sharoitida sho‘r yuvish muddati va sug‘orish tartiblarini jo‘xorining o‘sishi, rivojlanishi va yashil massa hosildorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Sirdaryo viloyatining o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarida jo‘xorining “Qorabosh” navini etishtirishda maqbul sho‘r yuvish me’yori (2200 m3/ga), sho‘r yuvish muddati (noyabr oyi), sug‘orish soni (4 marta), sug‘orish tartibi (ChDNsga nisbatan 70-80-70 %) va mavsumiy sug‘orish me’yori (2959 m3/ga) aniqlangan;
noyabr oyida tuproq sho‘rini yuvish hisobiga quruq qoldiq 61-64 %, bikorbonat tuzi 47-51 % va xlor ioni 1,0 metrlik qatlamda ( 0-10 sm da 78,9 %, 0-50 sm da 24,3 % va 90-100 sm da 16,7 %,) 39,9-41,2 % foizgacha yuvilganligi natijasida sho‘r yuvish samaradorligi fevral oyida yuvilganga nisbatan 45 % yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar sharoitida sho‘r yuvish muddatini (noyabr oyida) to‘g‘ri belgilanishi natijasida urug‘ unib chiqish uchun qulay sharoit vujudga kelib, jo‘xorining hisobiy maydonda unib chiqqan ko‘chatlari soni 155,7 dona yoki 93,7 % ni tashkil qilib, nazoratga variantga nisbatan 14,8 % yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
tuproq sho‘rini yuvish noyabr oyida o‘tkazilganda tuzning to‘liq yuvilishi hisobiga jo‘xorining o‘sish-rivojlanishi maqbul kechganligi va buning natijasida yashil massa hosildorligi nazoratga nisbatan 19,5 % yuqori bo‘lib, ushbu variantda rentabellik darajasi 116,9 % ni tashkil qilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda jo‘xori etishtirishda sho‘r yuvish muddati va sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish mavzusi bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Sirdaryo viloyati sharoitida jo‘xori etishtirish texnologiyasi” nomli tavsiyanoma chop etilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 16 dekabrdagi 07/21-21-05/6426-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma sho‘rlangan tuproqlar sharoitida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga, qishloq xo‘jaligi xodimlari va ilmiy tadqiqotchilarga qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda jo‘xori etishtirishda maqbul sho‘r yuvish muddati va sug‘orish tartiblarini qo‘llash texnologiyasi 2022-2023 yillarda Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani fermer xo‘jaliklarida jami 20,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 16 dekabrdagi 07/21-21-05/6426-son ma’lumotnomasi). Natijada, jo‘xorining “Qorabosh” navidan tuman bo‘yicha o‘rtacha 526,6 s/ga yashil massa hosili olingan.
o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda sho‘r yuvish noyabr oyida o‘tkazilgan va sug‘orish oldi namligi ChDNS 70-80-70 % da jo‘xori etishtirish texnologiyasi 2022-2023 yillarda Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani “Bekzafarlik chorvadorlar” fermer xo‘jaligida 6,0 gektar, “Ummon oqqushlari” fermer xo‘jaligida 3,0 gektar, “Oq tulpor chorvachiligi” fermer xo‘jaligida 11,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 16 dekabrdagi 07/21-21-05/6426-son ma’lumotnomasi). Natijada, jo‘xorining “Qorabosh” navini amal davrida 4 marta sug‘orib “Bekzafarlik chorvadorlar” fermer xo‘jaligida 538,5 s/ga, “Ummon oqqushlari” fermer xo‘jaligida 518,5 s/ga va “Oq tulpor chorvachiligi” fermer xo‘jaligida 522,9 s/ga yoki nazoratga (sho‘r yuvilmagan va 5 marta sug‘orilgan) nisbatan mos ravishda 99,5, 93,1 va 90,4 s/ga yuqori yashil massa hosili olishga erishilgan.