Ziyodullaev Muzaffar Ziyodullaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki ishlar organlarining tayanch punktlarini boshqarishni takomillashtirish», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Yu93.

Ilmiy maslahatchi: Ismailov Isamiddin, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.

Rasmiy opponentlar: Djalilov Shuxrat Ilxamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Odilqoriev Xojimurod To‘xtamurodovich, yuridik fanlar doktori, professor; Ro‘ziev Zafar Rayimovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ichki ishlar organlari tayanch punktlarini boshqarishni takomillashtirish va faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ichki ishlar organlari tayanch punktlarining huquqiy maqomini mustahkamlash, ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, prinsiplari va funksiyalarini qonun hujjatlarida huquqiy jihatdan belgilab berish zarurati asoslantirilgan;

ichki ishlar organlari tayanch punktlarini boshqarish ularning faoliyatini huquqiy, tashkiliy-metodik, moddiy-texnikaviy, kadrlar bilan ta’minlash hamda negizida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat ichki izchillik va uzviy aloqadorlikdagi murakkab jarayon ekanligi ilmiy asoslantirilgan;

tuman, shahar darajasida ichki ishlar organlari tayanch punktlarining faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va tashkil etishning yagona tashkiliy tizimini qaror toptirish, uni kompleks huquqiy ta’minlash imkonini beruvchi boshqaruv qarori bilan tartibga solish zarurligi asoslantirilgan;

tayanch punktlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda, tizimli va differensial yondashish, unga ilg‘or ish usullari va modellarini joriy etish hamda jamoatchilikning uzviy hamkorligiga tayanish zarurligi ilmiy asoslantirilgan;

sohani malakali mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash, profilaktika inspektorlarining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tayanch punktlari faoliyatini samarali tashkil etishga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim mezon ekanligi hamda ushbu lavozimlar uchun zaxirani yaratishda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanish zarurati asoslantirilgan;

jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash – mamlakatimizda qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi hamda ushbu sohani qonun bilan tartibga solish zarurati asoslantirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ichki ishlar organlarining tayanch punktlarini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ichki ishlar organlari tayanch punktlarining huquqiy maqomini qonun bilan mustahkamlashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi 2016 yil 16 sentyabrdagi O‘RQ-407-son Qonunining 15-moddasi (Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari)ni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 16 yanvardagi 06-2/06-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ichki ishlar organlari tayanch punktlari tushunchasi, tarkibi va mohiyatini qonun bilan belgilab berishga xizmat qilgan;

tayanch punktlari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-metodik va moddiy-texnikaviy ta’minlashni takomillashtirish hamda negizida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ularni boshqarish samaradorligini oshirishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linma­lari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 18 apreldagi PQ-2896-son Qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari tayanch punkti to‘g‘risida”gi nizomning 2, 5 va 6-boblarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 17 oktyabrdagi 26/-2864-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar tayanch punktlari faoliyatining tashkiliy va moddiy-texnik ta’minoti, profilaktika inspektorlarining davlat tashkilotlari, boshqa tashkilotlar va aholi bilan hamkorligini huquqiy mustahkamlashga xizmat qilgan;

ichki ishlar organlari tayanch punktlarining faoliyatini va ularning negizida hamkorlikni tizimli tashkil etish hamda muvofiqlashtirishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi IIVning ichki ishlar organlari tayanch punktlari va profilaktika inspektorlari faoliyatini tashkil etishga doir buyruqlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2016 yil 24 fevraldagi 26/608-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining faoliyatini va negizidagi hamkorlikni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish tartibini huquqiy jihatdan belgilab berish hamda bu boradagi amaliyotni takomillashtirishga xizmat qilgan;

tayanch punktlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini hududning xususiyatini inobatga olgan holda, tizimli va differensial yondashish asosida tashkil etishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi 2014 yil 14 maydagi O‘RQ-371-son Qonunining 3, 10-moddalari, III, IV, V va VI boblarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 22 fevraldagi 06-15/8-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash, huquqbuzarliklarning umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasi chora-tadbirlarini qonun bilan huquqiy mustahkamlashga xizmat qilgan;

profilaktika inspektorlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirib borishni sayyor tarzda tashkil etish, ularning zaxirasini yaratishda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmalari imkoniyatlaridan foyda­lanishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 24 dekabrdagi PQ-4075-son Qarorining 2, 3, 5 va 7-bandlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 12 yanvardagi 38/1-20-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar profilaktika inspektorlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchi faoliyatini tashkil etish va tayanch punktlari negizida keng jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlashda imkoniyatlaridan foydalanishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish