Ziyatov Musulman Panjievichning
Fan doktori (DSs)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za navlarini parvarishlashda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning ilmiy-amaliy asoslari (Sug‘oriladigan tipik bo‘z, taqir-o‘tloqi va bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida)”, 06.01.02 – Meliorasiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.DSc/Qx234.
Ilmiy maslahatchi: Shamsiev Akmal Sadirdinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Xamidov Muxammadxon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boltaev Saydullo Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Jo‘raev Umid Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublikamizning tipik bo‘z, o‘tloqi taqir va bo‘z o‘tloqi tuproqlarida g‘o‘zaning rayonlashgan va yangi navlaridan yuqori hamda sifatli paxta xosili olishni ta’minlaydigan suv tejovchi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
    G‘o‘zani egatlab sug‘orish usulida ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish, qator orasiga qora polietilen plyonka to‘shab mulchalash hamda o‘simlikni fertigasiya usulida oziqlantirish texnologiyasi ishlab chiqilgan. 
    Bunda o‘rta tolali “Navro‘z” g‘o‘za navi sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 70-70-60 % tartibda gullashgacha 0-50 sm, gullash va hosil to‘plashda 0-70 sm hamda pishish fazasida 0-50 sm tuproq qatlami namlab sug‘orilganda 1232 m3/ga suv iqtisod bo‘lishi aniqlangan.
Respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida g‘o‘za navlarini tomchilatib sug‘orish usuli orqali parvarishlashda eng maqbul sug‘orish tartiblari ishlab chiqilgan. 
Xususan, Toshkent viloyatining avtomorf tipik bo‘z tuproqlari uchun g‘o‘zaning istiqbolli yangi S-8298 navi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 70-75-65 % tartibda sug‘orilishi kerakligi aniqlangan.     
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining yarimgidromorf taqir o‘tloqi tuproqlarida yangi istiqbolli Istiqlol-14 navi ham 70-75-65 % tartibda sug‘orish maqbulligi isbotlangan. 
Jizzax viloyatining bo‘z o‘tloqi tuproqlarida esa yangi Paxtakor-3 g‘o‘za navi uchun sug‘orish tartibi 75-75-60 % belgilab olingan.
G‘o‘zaning S-6524, S-6570, S-8298, Porloq-4, Surxon-104, Buxoro-102, Sulton, Istiqlol-14, SP-1607, Surxon-106 navlari tomchilatib sug‘orish tizimida o‘rganilib, rivojlanish fazalari bo‘yicha ildiz tizimi tuproqning 30-50 sm qatlamida tarqalishi, tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘zaning S-8298 navining ildiz tizimi 42,5 sm chuqurlikda, taqir o‘tloqi tuproqlar sharoitida Istiqlol-14 navining ildiz tizimi 58,2 sm chuqurlikda rivojlanganligi hamda tomchilatib sug‘orish tizimiga mos ekanligi ilmiy tadqiqot natijalari bo‘yicha asoslangan. 
Jizzax viloyatidagi tajriba maydoni yarim gidromorf, o‘rtacha sho‘rlangan bo‘z o‘tloqi tuproqlarida Paxtakor-3 g‘o‘za navi tomchilatib sug‘orish texnologiyasida tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-75-60 % tartibda ta’minlanganda, mavsum davomida tuproqdagi tuzlar to‘planishi 27-30 % ga kamaygan, sug‘orish uchun sarflangan suv 33-35 % tejalgan va paxta hosili 5,4 s/ga ga oshganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Respublikaning Toshkent, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari tuproq-iqlim sharoitlarida g‘o‘zani parvarishlashda suv tejovchi texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: 
“G‘o‘zani sug‘orishda zamonaviy resurstejamkor texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar” tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi 12.11.2024-yil №05/01-05/02-05/04-03-368-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar bugungi kunda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda. 
G‘o‘zani turli qator orasini qora polietilen plyonka bilan mulchalash, egiluvchan quvurlardan foydalanib sug‘orish va fertigasiya usulida oziqlantirish texnologiyasi Markaziy tajriba xo‘jaligida 5,0 ga, Piskent tumani Isfandiyor MChJda 11,0 ga, Muhammadali agro biznes f/x 16,0 ga, Hasanov Abdumutal f/x 13,0 ga, jami 45,0 maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi 12.11.2024-yil №05/01-05/02-05/04-03-368-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 5,2-6,6 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olingan hamda sug‘orish suvi 25,4-27,1 % tejalishiga erishilgan. 
G‘o‘zani S-8298 navini tomchilatib sug‘orish texnologiyasida tuproq namligi ChDNSga nisbatan 70-75-65 % tartibda parvarishlash  Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Amirshukur Shukurzarif f/x 14,0 ga,  Abdurafe Rajabzoda f/x 13,0 ga, Maruf Sarvar f/x 14,3 ga, tajriba xo‘jaligida 6,5 ga, jami 47,8 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi 12.11.2024-yil №05/01-05/02-05/04-03-368-son ma’lumotnomasi). Natijada, 41-43 % suv iqtisod bo‘lishiga erishilib, rentabellik darajasi 22-24 foizni tashkil qilgan. 
G‘o‘zaning tomchilatib sug‘orish tizimida istiqbolli Istiqlol-14 navini ChDNSga nisbatan sug‘orish oldi tuproq namligi 70-75-65 % tartibda sug‘orish Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Ilhombek-Raxmon f/x 40,0 ga, Jarqo‘rg‘on tumani Xalqobod Agro  f/x 14,0 ga, Mirkomil Dostonovich f/x 20,0 ga, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida 27,0 ga, jami 101,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi 12.11.2024-yil №05/01-05/02-05/04-03-368-son ma’lumotnomasi). Bunda, gektaridan 5,3-6,8 sentner qo‘shimcha paxta hosili olinib, sug‘orish suvlari 39,5-41,7 % iqtisod qilingan. 
G‘o‘zaning Paxtakor-3 navini tomchilatib sug‘orish tizimida tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-75-60 % tartibda sug‘orish texnologiyasi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Agronom Sa’dulla dalasi f/x 20,0 ga, Fayz salomat f/x 24,0 ga, Shavkat f/x 20,0 ga, Nabijon f/x 24,0 ga, Oq yo‘l f/x 30,0 ga, Marxabo Marhamat Diamond f/x 15,0 ga, Paxtakor tumani PSUEAITI Jizzax ITS da 20,0 ga, jami 153,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi 12.11.2024-yil №05/01-05/02-05/04-03-368-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarga ko‘ra, bo‘z-o‘tloqi tuproqlarida g‘o‘zaning  Paxtakor-3 navidan har gektaridan 4,0-4,6 sentner qo‘shimcha paxta hosili olinib, tomchilatib sug‘orishda 23,1-25,4 %  suv iqtisod qilinib, rentabellik 15-18 % ga oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish