Abdullaeva Guliston Sultanovnaning
         Falsafa  doktori  (PhD)  dissertatsiyasi   himoyasi  haqida  e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“Xorazm adabiy muhitida ma’rifatparvarlik va jadidchilik g‘oyalarining badiiy ifodasi” 10.00.02 – o‘zbek adabiyoti (filologiya bo‘yicha)   
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil5500. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: G‘ayipov Dilshod Qadambaevich filologiya fanlari doktori,           professor
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02 raqamli Ilmiy Kengash
Rasmiy opponentlar: Otajonova Manzura Omonboevna filologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Nurboy Abdulhakimovich filologiya fanlari doktori, professor 
Yetakchi tashkilot: Buxoro  davlat  universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi milliy uyg‘onish davri Xorazm adabiy muhitida, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ilohiy ishq va komil inson g‘oyasidan farqli ravishda, tanazzulga yuz tutgan Vatan va millatni jahonning mutaraqqiy xalqlari darajasiga yuksaltirish, jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh etish maqsadiga xizmat qilgan yangicha ma’rifatparvarlik va jadidchilik g‘oyalarining badiiy ifodasi masalasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
 Xorazmda butun Turkistondagi kabi yangicha ma’rifatparvarlik harakati jadidchilik g‘oyalariga asos bo‘lgani va o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani,  Muhammad Rahimxon Feruz hukmronligi davrida jamiyat hayotining barcha jabhalari isloh etilib, “usuli savtiya” maktablari ochilgani, matbaa tashkil etilib, Sharq adabiyoti durdonalari va jadid adabiyoti namunalari chop etilgani, fotografiya va kinochilik yo‘lga qo‘yilib,milliy madaniyat rivojiga xizmat qilgani asoslangan; 
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Xorazm adabiy muhitida she’riyat yetakchi o‘rinni egallagani, an’anaviy ishqiy mavzu o‘rnini ma’rifat, istibdodga isyon, istiqlol orzusi g‘oyalari egallagani, poetik obrazlar yangilanib, hurriyat yoshlari – mustabidlar, bulbul – zog‘, bo‘ston – xazon, fuzalo-juhalo kabi kontrast obrazlar millatning orzu-armonlarini, shodlik va anduhlarini ifodalagani Komil Xorazmiy, So‘fi, Mutrib Xonaxarob, Abdurazzoq Faqiriy, Bobooxun Salimov, Avaz O‘tar, Chokar kabi shoirlar ijtimoiy lirikasi misolida dalillangan;
Xorazmlik ma’rifatparvar va jadid ijodkorlar she’riyatida maktab-maorif,  ta’lim-tarbiya, tanazzul va taraqqiy muqoyasasi mavzularida asarlar bitilgani, Safo Mug‘anniy, Mutrib Xonaxarob va boshqa shoirlar ijodi misolida estetik ideal yangilanishi, Abdurazzoq Faqiriy lirikasida jamiyatdagi illatlarni hajv etish kabi tamoyillar yuzaga kelib, takomilga erishgani aniqlangan; 
“Yug‘urmiya” to‘plami va o‘sha davr matbuoti materiallari tabdili asosida voha ijodkorlari asarlarida Sharq mumtoz va Evropa zamonaviy adabiyotlari ijodiy tajribalari sintez qilinib, sof lirik kechinma tasviri o‘rnini jamiyat hayotiga faol munosabat egallagani, she’riyatga siyosiy-huquqiy mavzular olib kirilgani, g‘azal, qasida, musammat kabi janrlar tabiati o‘zgarib, ilohiy ishq mavzusi Vatan va millat ishqi g‘oyasi bilan yangilangani isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Xorazm adabiy muhitida ma’rifatparvarlik va jadidchilik g‘oyalarining badiiy ifodasi” mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan Qo‘qon davlat pedagogika institutida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida amalga oshirilgan AL-322103020 raqamli “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha veb-sayt va elektron platforma yaratish” amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Qo‘qon universitetining 2025-yil 7-fevraldagi 01-03\49-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm adabiy muhitidagi maktab-maorif, til o‘rganish mavzulari yozilgan she’rlar tanlab olinib, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, ijodkorlarning badiiy mahorat qirralari ilmiy dalillar asosida ochib berilgan; 
  Vohalik ma’rifatparvarlar, jadidlar yangi zamon o‘zgarishlariga hozirjavoblik bilan munosabat bildirgani, siyosiy-huquqiy masalalarni ham mahorat bilan badiiy talqin qilganliklari yoritilgan xulosalaridan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan FA-A1-G007 raqamli “Qoraqalpoq naql va maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 4-fevraldagi 57/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xorazmlik jadid Safo Mug‘anniy ham davr yangiliklarini tezkorlik bilan she’rga solgani, u iqtisodiy taraqqiyotning kafolatlaridan biri temir yo‘l deb bilganligi, Mutrib Xonaxarob bo‘lsa, o‘z she’rlarida yangi davronlar  kelganini, farovon hayot boshlanayotganini ifodalagani, Qurultoylar o‘tkazilganini, Ijroiya Qo‘mita  tuzilganini yangi zamon voqeligi sifatida tasvirlagani, Abdurazzoq Faqiriy davrining ba’zi nobakor va betayin kishilarini tanqid qilgani, o‘z she’rlarida ularning umumlashma obrazini yaratgani, millat tanazzuli voqealari talqinida Avaz O‘tarning ijodiy individualligi alohida ajralib turgani, u millat inqiirozida nafaqat xon va uning amaldorlarini, balki xalqning o‘zini ayblagani, ular fe’lidagi og‘zi olalikni ham asosiy vositalardan deb atagani kabi masalalar ilmiy dalillar asosida yuzaga chiqarilgan;
 Xorazmlik jadidlar ijodida hurriyat mavzusi asosiy mavzulardan bo‘lganligi  ochib berilgan xulosalaridan “Xorazm” teleradiokanali DM tomonidan tayyorlangan “Adabiy muhit”, “Assalom, Xorazm” nomli dasturlarning ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan, tadqiqotchi bilan bevosita suhbat olib borilgan (“Xorazm” teleradiokanali” DMning 2025-yil 3-fevraldagi 112-sonli ma’lumotnomasi). Natijada hurriyat tasvirida asosiy ikki voqea: 1917-yilda Rossiyada yuz bergan davlat to‘ntarishi, 1920-yilda xonlik tugatilib, Xorazm xalq respublikasi o‘rnatilishi mezon bo‘lganligi, bu mavzu tasvirida Mutrib Xonaxarob tomonidan olib kirilgan “hurriyat yoshlari” badiiy topilmasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turganligi, hurriyat mavzusida yozilgan aksariyat she’rlar badiiy etukligi bilan adabiy qimmatga egaligi ifodalangan xulosalar bo‘yicha teletomoshabinlarning bilimlari oshishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish