Goipov Akram Bayramovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Janubiy Tyan-Shan Qizilqum-Nurota segmentida oltin ma’danli konlarni bashoratlash-izlashning geologik-geofizik modellari», 04.00.06 - Geofizika. Foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/GM64. 
Ilmiy maslahatchi: Atabaev Dilshot Xusainbaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Seysmologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.GM/FM.97.01.
Rasmiy opponentlar: Radjabov Shuxrat Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Mirkamalov Rustam Xamzaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori;  Vladov Mixail Lvovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Tyan-Shan Qizilqum-Nurota segmentida oltin ma’danli konlarini bashoratlash-izlashning geologik-geofizik modellarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oltin ma’danli ob’ektlarning geologik-strukturaviy elementlari va geofizik maydon ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashning kompleks statistik tahlil qilish uslubiyoti ishlab chiqilgan;
geofizik maydonlarni turli miqyoslarda transformatsiyalash va geologik- geofizik mezonlardan kompleks foydalanish asosida oltin ma’danlashuviga istiqbolli maydonlarni aniqlash uslubiyoti ishlab chiqilgan;
oltin ma’danli konlar mintaqaviy magnit anomaliyalar pog‘onasiga hamda mahalliy gravitatsion maydonning maksimal qiymatlariga qonuniyat asosida muvofiq kelishi aniqlangan;
ilk bor Bo‘kantov tog‘larining geotektonik va geodinamik zonalari bilan bog‘liq bo‘lgan kontrastli geoelektrik anomaliyalar aniqlangan;
oltin saqlovchi yangi tuzilmali zonalarga kiruvchi pirit-pirrotin, tomirli minerallashuvning rivojlanish zonasi bilan magnit maksimumlarning korrelyasion bog‘liqligi aniqlangan;
ilk bor Muruntov ma’danli maydonida chuqur minerallashuv bilan bog‘liq bo‘lgan ma’dan tashuvchi kanallarni, geozichlik tanalarni, metasomatik o‘zgargan zonalarni aks ettiruvchi uch o‘lchamli geofizik modellar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Tyan-Shan orogenik kamarining ma’danli konlarni bashoratlash-izlashning geologik-geofizik modellarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
geofizik ma’lumotlarni kompleks interpretatsiyalash natijasida aniqlangan Qoravulxona-Zarmitan-Qoratosh minerallashuv zonalari atrofidagi hududlarda yashirin ma’danlashuvga istiqbolli bashorat zonalari Samarqand MGQE faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, oltin ma’daniga mufassal geologik qidiruv ishlari samaradorligini oshirishning ilmiy asoslangan yondashuvini ta’minlashga xizmat qilgan;
Zarmitan oltin konini ishlab chiqilgan geofizik modellari Samarqand MGQE faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yopiq hududlarda ajratilgan anomaliyalar bilan bog‘liq bo‘lgan oltin minerallashuv zonalarini aniqlash imkonini bergan; 
Kokpatas ma’dan maydoni hududida oltin ma’danli zonalar yoʻnalishini aniqlashga imkon beruvchi geomagnit qidiruv uslubiyoti “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, oltin ma’danlashuviga istiqbolli minerallashuv zonalarini aniqlash imkonini bergan;
Muruntov ma’danli maydonining geologik strukturalarini o‘zida aks ettirgan  geomagnit va geozichlik modellari “O‘zbekgeologiyaqidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Muruntov konining shimoli-sharqiy qismidagi yopiq maydonlari uchun ishlab chiqilgan modellar qidiruv ishlari samaradorligini oshirish imkonini bergan;
Bo‘ztov-Kokpatas-Oqjetpes ma’dan maydonlarining atrofidagi hududlarda yashirin ma’danlashuvga istiqbolli bashorat zonalari “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar oltin ma’daniga mufassal geologik qidiruv ishlarini rejalashtirishga ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
Muruntov va Myutenbay konlarini geomagnit modellashtirish orqali aniqlangan anomaliya hosil qiluvchi oltin ma’danlashuviga istiqbolli zonalar “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 24 yanvardagi 08-0342-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Muruntov konining shimoli-sharqiy qanotida o‘tilgan chuqur burg‘u quduqlarida oltin ma’danli zonalarni aniqlash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish