Rahimova Gulzor Xo‘jabergan qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.hirsutum L. rangli tolali nav namunalarining F1-F2 duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va korrelyasiyasi», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1053.
Ilmiy rahbar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Baboev Saidmurat Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Turaev Ozod Sunnatalievich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G.hirsutum L. turi rangli tolali nav namunalarining o‘zaro va oq tolali navlar bilan olingan F1-F2 duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va korrelyasiyasi xususiyatlarini aniqlash asosida qimmatli genetik-seleksion ashyolarni ajratib olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G.hirsutum L. turiga mansub yashil va qo‘ng‘ir rangli tolali namunalar chatishtirilishidan olingan F1-F2 avlodlarining gibridologik tahlili va tahliliy chatishtirish asosida qo‘ng‘ir va yashil tolali ota-ona namunalari digen (BrLi_GrLi_) farqlanishga ega ekanligi va tola rangining irsiylanishida genlarning o‘zaro epistatik ta’siri mavjudligi aniqlangan;
umumiy kombinatsion qobiliyatning yuqori samarasi tola chiqimi belgisi bo‘yicha Sadaf, Gulshan, 010765 namunalarida tola uzunligi bo‘yicha 011460, Sadaf, A-800 larda, 1000 ta chigit og‘irligi bo‘yicha 011460 va A-800 namunalarida ekanligi, F1 duragaylarida qimmatli-xo‘jalik belgilarining namoyon bo‘lishida noadditiv genlarga nisbatan additiv genlarning samarasi ustunligi isbotlangan;
rangli tolali namunalarning o‘zaro va oq tolali navlar bilan olingan duragay kombinatsiyalarida ayrim morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanlik ko‘lami va irsiylanish koeffisienti (h2) aniqlangan;
tolaning texnologik sifat ko‘rsatkichlarining tola rangiga bog‘liq holdagi qiyosiy tahlili asosida rangli tolali namunalar ichida yashil tolali 011460 namunasi va uning duragaylarida tola sifati qo‘ng‘ir tolali namunalarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarga egaligi isbotlangan;
tolaning qo‘ng‘ir rangi bilan tola chiqimi orasida o‘rtacha darajadagi (r=0,50***) ijobiy korrelyasiya, tolaning yashil rangi bilan tolaning yuqori o‘rtacha uzunligi (UHML), ip yigiruvchanlik koeffisienti (SCI) va bir xillik indeksi (UI) o‘rtasida turli darajadagi (r=0,41*,r=0,83****) ijobiy korrelyasiya aniqlangan;
turlicha rangli tolali nav namunalar genotiplarida qurg‘oqchilikka chidamlilik uchun NAU1190_220, sho‘rga chidamlilik uchun BNL3347_110, TMB1295_200 va BNL3424_215, tolaning mikroneyriga BNL1604_137, NAU3588_250 va DPL0530_330, tolaning solishtirma uzilish kuchiga BNL1604_137 DNK markerlari yuqori samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G.hirsutum L. rangli tolali nav namunalarining F1-F2 duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va korrelyasiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yashil va qo‘ng‘ir rangli tolali nav namunalarning o‘zaro va oq tolali navlar bilan olingan duragaylari, ya’ni F2 010108×Sadaf (qo‘ng‘ir); Sadaf×010108 (novvotrang); 011460×Sadaf (och yashil); Sadaf×011460 (yashil); 011460×010108 (oraliq-yashilsimon qo‘ng‘ir) kombinatsiyalaridan olingan yangi irsiy asosga ega seleksion qimmatli ashyolarning urug‘lari O‘zR FA G va O‘EBI “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasiga taqdim etilgan va AD1-04481, AD1-04482, AD1-04483, AD1-04484 va AD1-04485 katalog raqamlari berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 13 fevraldagi 4/1255-385-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za kolleksiyasi qimmatli-xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan rangli tolali namunalar bilan boyitilgan;
tola rangi, sifati va qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash bo‘yicha tanlab olingan ashyolardan FZ-2021100758 - “G.hirsutum L. turiga mansub rangli tolali g‘o‘za navlarini yaratishning genetik-seleksion va fiziologik-biokimyoviy asoslari” (2023-2027 yy) mavzusidagi fundamental loyihasida tadqiqot obekti sifatida foydalanilgan (O‘zR FA 2025 yil 13 fevraldagi 4/1255-384-son ma’lumotnomasi ). Natijada, qimmatli xo‘jalik belgilari, jumladan, tola sifati bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan rekombinantlar seleksion tadqiqotlarda foydalanish va amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan.