Istamov Damirjon Botirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kremniyli diod temperatura datchiklarini modellashtirish va ularning chegaraviy xarakteristikalari” 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/FM481
Ilmiy rahbar: Abdulxaev Oybek Abdullazizovich, fizika-matematika fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Fizika-texnika instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/27.02.2020.FM/T.110.01 raqamli Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Razikov Taxirdjon Mutalovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Atamuratov Atabek Egamberdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: M. Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi kremniyli diod temperatura datchiklarining termosezgirligi hamda berilgan o‘lchash aniqligidagi temperaturani o‘lchash diapazonini maksimal qiymatlarini belgilovchi chegaraviy xarakteristikalarni aniqlash.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor diod temperatura datchiklarining temperaturaga sezgirlik egri chiziqlarini tok tashish mexanizmiga bog‘liq bo‘lmagan holatda tajriba va analitik usulda aniqlash imkonini beruvchi poliemperik model taklif etilgan;
kremniyli diod temperatura datchiklarining chegaraviy xarakteristikalarini modellashtirishda zaryad tashuvchilarning to‘liq ionlanmaslik effekti, taqiqlangan zona kengligining torayishi, erkin zaryad tashuvchilarning va panjaraning umumiy harakatchanligi hamda zaryad tashuvchilar yashash vaqtini temperatura ta’sirida o‘zgarish qonuniyatlarini hisobga olingan analitik model ishlab chiqilgan;
diodga tushuvchi kuchlanishning temperaturaga bog‘liqligini material parametrlariga hamda tok tashish mexanizmlariga bog‘liq sharoitlarda chuqurroq tadqiq etish imkonini beruvchi efektiv to‘yinish tokini ifodalovchi yangi kattalik taklif etilgan bo‘lib, uning fizik mohiyati to‘g‘ri ulanishdagi to‘yinish tokiga mos ekanligi asoslab berilgan;
kremniyli diod strukturalari uchun ishchi toklarning maksimal va minimal qiymatlarini cheklovchi mezonlar shakllantirilgan. O‘lchash aniqligi ±0.1 va ±0.01 K bo‘lgan holatlarda tok zichligining minimal qiymatlari mos ravishda 3.7∙〖10〗^(-7) A/〖cm〗^2 va 6∙〖10〗^(-7) A/〖cm〗^2 maksimal qiymatlari esa 2.35 A/〖cm〗^2va 0.3 A/〖cm〗^2 ga tengligi aniqlangan;
kremniyli diod temperatura datchiklarining yuqori haroratlarda optimal ishlash rejimini aniqlashda baza sohasidagi akseptor va donor aralashmalarning konsentrat-siyalari mos ravishda ~330 K temperaturada N_A (T)= 2.41∙〖10〗^20 〖sm〗^(-3) va N_D (T)= 6.63∙〖10〗^20 〖sm〗^(-3) ga teng ekani analitik aniqlangan;
o‘lchash aniqligi ±0.01 K va ±0.1 K bo‘lganda, kremniyli diod temperatura datchiklarining maksimal ishchi temperaturalari mos ravishda 1050 K va 1200 K gacha oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilib, bunga nafaqat baza sohasining legirlanish darajasini oshirish, balki yuqori aniqlikka erishish maqsadida past legirlanish darajasida yuqori ishchi toklarida ishlash rejimini tanlash orqali ham erishish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kremniyli diod strukturalarning temperaturaga sezgirlik xususiyatlarini tadqiq qilish natijasida:
kremniyli diod strukturalarda turli tok tashish mexanizmlarida chegaraviy xarakteristikalarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar «FOTON» aksionerlik jamiyatida kremniyli diod temperatura datchiklari texnologiyasini ishlab chiqishda qo‘llanilgan («FOTON» aksionerlik jamiyatining 2024 yil 28 oktyabrdagi 04-3/1882-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy ish natijalaridan foydalanish sezgirligi hamda ishlash diapazoni yuqori bo‘lgan yangi turdagi yarimo‘tkazgichli temperatura datchiklarini ishlab chiqish imkonini bergan;
kremniyli diod temperatura datchiklarining chegaraviy xarakteristikalarini aniqlash bilan bog‘liq strukturalar parametrlarini optimallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan hisob-kitob va modellashtirish natijasida taklif etilayotgan maksimal ishchi temperaturalarni aniqlovchi chegaralarni belgilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Toshkent davlat texnika universitetida 2018–2020 yillarda bajarilgan OT-A3 57 raqamli “Kremniy nano strukturali datchiklar asosida turli obektlarning harorati va namligini nazorat qiluvchi mikroprotsessorli qurilma ishlab chiqish” mavzusidagi loyihada qo‘llanilgan (Toshkent davlat texnika universitetining 2025 yil 12 iyundagi 01/9-14-1773-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish ishlab chiqilayotgan kremniyli diodlarning temperaturani o‘lchash chegaralarini oshirish imkonini bergan.