Olimova Gulfiza Muradullaevna
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Oshiqnoma” turkumidagi dostonlarda mumtoz adabiyot janrlari an’analari 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Fil2793
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Ilmiy rahbar: Raxmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Sariev San’at Matchanboevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Tilavov Abdumurod Xolmuratovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Tadqiqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Oshiqnoma” turkumidagi dostonlar tadqiqi, ularning tarkibida mavjud mumtoz adabiyot janrlarining ahamiyati masalasini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Oshiqnoma”larda mumtoz adabiyotga oid bo‘lgan g‘azal, masnaviy, fard, tuyuq, mustazod janrlari, musammat janrining esa murabba’, muxammas turlari mavjudligi aniqlanib, dostonlarda keltirilgan she’riy misollar asosida dalillangan.
Xalfalar, xususan, shoira-dostonchi xalfalarning repertuari va ijodiga mumtoz adabiyot janrlarining ta’siri o‘rganilib, ularning o‘z ijodida g‘azal, musammat janrining esa murabba’, muxammas, musaddas turlariga murojaat qilgani ochiqlangan.
Baxshilar repertuarida mavjud bo‘lgan barcha mumtoz janr namunalari tahlil qilinib, ularning ijrosidagi dostonlarda to‘laligicha aruzga muvofiq bo‘lgan she’riy parchalar bilan birga vazn hamda janrlar qorishiqligi yuzaga kelgan o‘rinlar ham mavjudligi ilmiy dalillar orqali oydinlashtirilgan.
Kitobiy dostonlar tarkibiga kiritilgan barcha mumtoz janr namunalarining badiiyati tadqiq qilinib, she’riy san’atlarning mumtoz adabiyotda mavjud bo‘lgan uch guruhiga mansub o‘ttizta turi qo‘llanilgani, mavjud qofiya turlari misollar bilan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
“Oshiqnoma”larda mumtoz adabiyot janrlarining ahamiyati bo‘yicha ilmiy natijalar asosida:
kitobiy dostonlarda mavjud g‘azal janri namunalarining tahlili, “oshiq” turkumligi g‘oyaviy-badiiy qimmati hamda mazmuniy mukammalligiga ularning ta’siri xususidagi ilmiy-nazariy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL‒662205561. “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 27-dekabrdagi 04/1-4364-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kitobiy dostonlarda berilgan mumtoz janrlarni Alisher Navoiy ijodiga mansub g‘azallar bilan vazn jihatdan qiyosiy tahlil qilishda, lafziy, ma’naviy hamda mushtarak san’atlarning “Oshiqnoma”larda kelgan mumtoz janrlar tarkibida qo‘llanilishiga ko‘rsatgan ta’siriga doir materiallarni takomillashtirishga erishilgan;
“oshiq” turkumlikda mavjud musammat janrining murabba’, muxammas turlari hamda masnaviy, mustazod, tuyuq, fard kabi mumtoz adabiyot janrlariga mansub namunalarning dostonlar mundarijasini shakllantirishdagi o‘rni haqidagi tahlillardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan IZ‒2021020813 raqamli “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 19-fevraldagi 04/1-610-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mumtoz adabiyot an’analarining kitobiy dostonlarga ta’siri haqida adabiyot jamoatchiligining tushunchalari kengaytirilgan.
mumtoz janr an’analarining kitobiy dostonlardagi o‘rnini omma orasida keng targ‘ib qilishda dissertatsiyaning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Kelajakka yo‘l” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2024-yil 14-dekabrdagi 01-44--521-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mumtoz janr turlarining dostonlar mazmun-mundarijasi, g‘oyaviy-badiiy qimmatiga ko‘rsatgan ta’siri, ahamiyati targ‘ib qilishga erishilgan.