Xaydarov Mirsaid Mirjabborovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun javobgarlikni takomillashtirish”, “12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu963.
Ilmiy rahbar: Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Rasulev Abdulaziz Karimovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xujakulov Siyovush Baxtiyorovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan jinoyat qonuni normalari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy va amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga ru’ju qo‘ygan shaxslar soni kundan-kunga ko‘payib, ularning noqonuniy muomalasi yanada avj olishiga sabab bo‘layotganligini inobatga olib, bunday moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozimligi asoslangan;
mamlakatimizda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning devoriy, shuningdek internet tarmog‘idagi reklamasi avj olayotganligi, bu esa ularni iste’mol qiluvchi yoki unga qiziquvchi shaxslar doirasi kengayishiga olib kelib, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ortishiga sabab bo‘layotganligini inobatga olib, ularni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozimligi asoslangan;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talaba (o‘quvchi) larning yotoqxonalarida, shuningdek ularga tutash joylarda tarqatish, reklama qilish yoki namoyish etishning ijtimoiy xavfliligi ushbu harakatlarni boshqa joylarda sodir etishdan ko‘ra yuqoriligi sababli mazkur qilmishlar uchun jinoyatni og‘irlashtiruvchi tarkibi sifatida javobgarlik belgilash lozimligi asoslangan;
lisenziya olinishi talab etiladigan faoliyat turi bilan lisenziyasiz shug‘ullanish qonunga xilof hisoblanishi sababli tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini bunga ruxsatnomasi (lisenziyasi) bo‘lmagan dorixonalarda realizatsiya qilish kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish sifatida baholanishi va JK 2511-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun jinoiy javobgarlik belgilash haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-oktyabrdagi O‘RQ–971-son Qonunining 1-moddasi ikkinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 11-noyabrdagi 3/08-221-son dalolatnomasi). Ushbu taklif jamoat xavfsizligi va aholi salomatligining jinoyat-huquqiy muhofazasini kuchaytirishga xizmat qiladi;
kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun jinoiy javobgarlik belgilash haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-oktyabrdagi O‘RQ–971-son Qonunining 1-moddasi birinchi bandi to‘rtinchi xatboshini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 11-noyabrdagi 3/08-221-son dalolatnomasi). Ushbu taklif kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish choralarining kuchayishiga xizmat qiladi;
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talaba (o‘quvchi) larning yotoqxonalarida, shuningdek ularga tutash joylarda tarqatganlik, reklama qilganlik yoki namoyish etganlik uchun jinoyatni og‘irlashtiruvchi tarkibi sifatida javobgarlik belgilash haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-oktyabrdagi O‘RQ–971-son Qonunining 1-moddasi birinchi bandi beshinchi xatboshini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2024-yil 9-oktyabrdagi 20-1-1953-son dalolatnomasi). Ushbu taklif voyaga etmaganlar va yoshlar salomatligining jinoyat-huquqiy muhofazasini kuchaytirishga xizmat qiladi;
tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini bunga ruxsatnomasi (lisenziyasi) bo‘lmagan dorixonalarda realizatsiya qilish kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish sifatida baholanishi va JK 2511-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 27-noyabrdagi “Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 33-son qarorining 19-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022-yil 20-iyundagi №PL-39-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazishni huquqiy baholashga yagona yondashuvning shakllanishiga hamda qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiyasiga xizmat qiladi.