Mirzaxolov Nodirbek Tojiboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellektning rivojlanish dinamikasi (ijtimoiy-falsafiy tahlil)” 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fal862
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti PhD.03/30.04.2021.F.76.06.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Zamiraxon Ruhitdinovna Isaqova falsafa fanlari doktori (DSc), professor.
Rasmiy opponentlar: G‘aniev Baxodirjon Sadikjanovich falsafa fanlari doktori (DSc), v.b. professor; To‘raev Baxtiyor Omanovich falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellektning rivojlanish dinamikasini ijtimoiy-falsafiy ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
axborotlashgan jamiyatda raqamli texnologiyalarning taraqqiy etib borishi, inson tafakkuri va intellektining mahsuli bo‘lmish sun’iy intellektning paradoksal integratsiyalashish (neyron tarmoq, sinaps, inson miyasini xaritalash, va modellashtirish, smarttizim, interfeys, giperpersonal) xususiyatlari falsafaning texnogenez va antropogenez aspektlarida ochib berilgan;
jamiyatda insonga xos biologik fenomen (intellekt), inson aqliy va ijodiy tafakkurining texnik interpretatsiyasi inson tafakkuri mahsuli sifatida, texnologik taraqqiyot manfaatlariga xizmat qiluvchi shaxs – jamiyat – davlat o‘rtasidagi muvozanatni barqarorlashtirishning muhim faktori ekanligi ilmiy asoslangan;
axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellekt rivojining o‘ziga xos qirralarini belgilovchi xususiyatlar (ijodiy tafakkur, kreativlik, virtual bandlik, “aqlli” hayot tarzi) va konversion o‘zgarishlar (raqamli platforma, mediamakon) mehnatning ratsional integratsiyasini belgilashda inson omili stimuliga ijobiy ta’siri aniqlangan;
axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlanishi, falsafaning “bilim” – “texnologiya” – “kelajak” paradigmasida boshqaruvni avtomatlashtirish, raqamlashtirish, intellektual elektronlashtirishga olib kelib, sotsiumda transgumanizmni rivojlantiruvchi omil ekanligi ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellektning rivojlanish dinamikasining ijtimoiy-falsafiy tahlil etish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
axborotlashgan jamiyatning sifat jihatdan kompyuter (elektron hisoblash mashinalari) davridan kognitiv (raqamli texnologiya) davriga o‘tishida inson aqli va qo‘li bilan yaratilgan sun’iy intellektning paradoksal integratsiyalanishi (neyron tarmoq, neyramorf mikrosxema, chiplar, sinaps, inson miyasini xaritalash va modellashtirish, smarttizim, interfeys, giperpersonal)ning texnogenez va antropogenez aspektlari aks etgan ilmiy xulosa, taklif va tavsiyalaridan 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining 99-bandida keltirilgan davlat chegarasini qo‘riqlash tizimiga zamonaviy texnologiyalar, kommunikatsiya vositalari va texnik inshootlarni keng joriy etish, xavfsizlikni ta’minlash jarayonini sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yanada avtomatlashtirishga doir ustuvor vazifalarni amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2024-yil 14-noyabrdagi 2220 sonli dalolatnomasi). Natijada yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektning davlat chegarasini qo‘riqlash tizimiga keng joriy qilinishi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishni rag‘batlantirib, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish, chegaralar xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilgan;
insonga xos biologik fenomen (intellekt), inson aqliy va ijodiy tafakkurining texnik interpretatsiyasi (sun’iy intellekt)ning inson tafakkuri mahsuli sifatida texnologik taraqqiyot manfaatlari, jamiyat va davlat xavfsizligi, shaxs ehtiyojlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, sivilizatsiya kelajagini barqarorlashtirish, Er yuzini saqlab qolishning muhim faktorlari ekanligi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga tatbiq etilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2023-yil 6-iyuldagi 238/1 sonli dalolatnomasi). Natijada axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellektning rivojlanish dinamikasining jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ko‘rsatayotgan ta’sirining ijtimoiy-falsafiy jihatlarini ochib berishga, sun’iy intellekt bilan munosabatning axloqiy aspektlarini qayta ko‘rib chiqish usullarini tasniflash, bu texnologiyalarning rivojlanishining ijobiy tomonlaridan foydalanish uchun xizmat qilgan;
axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellekt rivojining o‘ziga xos qirralarini (ijodiy tafakkur, kreativlik, virtual bandlik, “aqlli” hayot tarzi) va konversion o‘zgarishlar (raqamli platforma, mediamakon) inson omiliga munosabat “mehnat”dan “ijod”ga aylanishi fan va ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash jarayonlari transformatsiyasi orqali dalillashga doir taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida 2021-2023-yillarda efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘zbekiston yoshlari”, Bugunning mavzusi dasturlari ssenariylarini tayyorlashga tatbiq etilib, O‘zbekiston Respublikasida 2021-2025-yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish belgilangan chora-tadbirlar dasturining 4-bandida belgilangan “Yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot kommunikativ texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish” yo‘nalishi doirasidagi sun’iy intellekt va axborot texnologiyalarining ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, O‘zbekistonda sun’iy intellektning kelajagi, mavjud imkoniyatlari va istiqbollarini yoritishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 30-oktyabrdagi 04-36-1618 sonli dalolatnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan taklif va tavsiyalar yoshlarning raqamli platforma, mediamakondagi ijtimoiy tafakkur, kreativlik, virtual bandlik, “aqlli” hayot tarzi, inson omiliga munosabatning mehnatdan ijodga aylanishi, fan va ta’limning ishlab chiqarish bilan integratsiyalash jarayonlariga doir undagi paradigmal yondashuvlarni taqdim etish, kelajakda sun’iy intellekt istiqbolini evristik nuqtai nazardan tadqiq etish, yoshlar ongi, shuuri va tafakkurida kreativ dunyoqarashni shakllantirish va bu orqali mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni amalga oshirishga xizmat qilgan;
axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellekt raqamli texnologiyalarni inson bilan birlashtirish (elektron hukumat, avtomatlashtirish, raqamli savodxonlik, raqamli madaniyat, raqamli ta’lim, raqamli isteʼmol, raqamli xavfsizlik, axborot resurslari, ma’lumotlarni tez va aniq tahlil qilish imkoniyatlari, texnikani intellektual o‘zlashtirish qobiliyati, sun’iy intellekt bilan birgalikda tizimli ishlash, raqamli transformatsiya)ning ijobiy natijalari hamda fan-texnika progressining so‘nggi yutuqlari asosida insonni cheksiz takomillashtirish (transgumanizm)ning salbiy oqibatlari inson tafakkurini sun’iy modellashtirishning “bilim” – “texnologiya” – “kelajak” paradigmasiga doir ilmiy-nazariy xulosalari, taklif va tavsiyalari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga faol tatbiq etilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2023-yil 6-iyuldagi 238/1 sonli dalolatnomasi). Natijada axborotlashgan jamiyatda sun’iy intellektning rivojlanish dinamikasining jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ko‘rsatayotgan ta’sirining ijtimoiy-falsafiy jihatlarini ochib berishga xizmat qilgan.