Abduvaliev Xayitboy Abdug‘anievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda aholi manzilgohlarini hududiy tashkil etilishini takomillashtirishning geografik jihatlari», 11.00.02 - Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/Gr45.
Ilmiy maslahatchi: Ahmadaliev Yusupjon Ismoilovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2021.Gr.02.07.
Rasmiy opponentlar: Komilova Nilufar Qarshiboevna, geografiya fanlari doktori, professor; Jumaxanov Shavkat Zairjanovich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Isaev Akbarjon Abdulxamidovich, geografiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston aholi maskanlarida aholining hududiy joylashuvini tabiiy-geografik omillar asosida takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aholi zichligini hisoblashning an’anaviy ma’muriy birliklar aholisini uning maydoniga taqsimlash asosidagi uslubi, aholi zichligini ma’muriy birliklarning sug‘oriladigan erlari bo‘yicha hisoblash asosida takomillashtirilgan;
aholi zichligini hisoblashda jamiyatning hozirgi rivojlanish bosqichida aholi joylashuviga “cheklovchi” ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy omillarni (qoyali, kuchli parchalangan tog‘lar, qum barxanli, suvsiz jazirama cho‘llar) e’tiborga oluvchi yangi uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan;
O‘zbekiston Respublikasida aholining hududiy joylashuviga birlamchi ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy geografik (geomorfologik, iqlimiy, tuproq, gidrologik va gidrogeologik) omillarning sifat ko‘rsatkichlarini baholash asosida 4 ta landshaft turi aniqlangan;
O‘zbekiston Respublikasi aholi manzilgohlarining balandlik yaruslari bo‘ylab joylanishining tabiiy-geografik qoniniyati tahlil etilgan va aholi yashashi uchun ijtimoiy-ekologik jihatdan qulay bo‘lgan optimal balandlik mintaqasi chegarasi aniqlangan;
respublika aholisining zichligi amaliyotda foydalanib kelinayotgan ma’muriy birliklardan tashqari, aniqlangan landshaft turlari doirasida yangi uslubiyot bo‘yicha hisoblab chiqilgan;
aholi manzilgohlarini hududiy tashkil etilishini takomillashtirishda har bir landshaft turining tabiiy-demografik imkoniyatidan kelib chiquvchi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining aholi manzilgohlarini hududiy tashkil etilishini takomillashtirish va uni optimallashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
aholi zichligini hisoblashning ma’muriy birliklar aholisini uning maydoniga taqsimlash asosidagi uslubiga o‘zgartirish kiritilib, aholi zichligini ma’muriy birliklarning sug‘oriladigan erlari bo‘yicha hisoblash uslubi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining amaliy faoliyatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025 yil 25 apreldagi 01/00-02/09-3868-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir viloyatning sug‘oriladigan erlari bo‘yicha aholi zichligini hisoblashga erishilgan va bu uslub sug‘oriladigan erlar bo‘yicha zichlikni aniqlash imkonini bergan;
aholi zichligini hisoblashning an’anaviy uslubiga aniqlik kiritish maqsadida jamiyatning hozirgi rivojlanish bosqichida aholi joylashuviga “cheklovchi” ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy omillarni (qoyali, kuchli parchalangan tog‘lar, qum barxanli, suvsiz jazirama cho‘llar) e’tiborga olish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi uslubiy yondashuvidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining amaliy faoliyatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025 yil 25 apreldagi 01/00-02/09-3868-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli maqsadlarda er ajratib berishda hududning tabiiy-geografik xususiyatlarini hisobga olish zaruratining ilmiy jihatlarini asoslash imkoni yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasida aholining hududiy joylashuviga birlamchi ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy geografik (geomorfologik, iqlimiy, tuproq, gidrologik va gidrogeologik) omillarning sifat ko‘rsatkichlarini baholash asosida ajratilgan 4 ta landshaft turi bo‘yicha olingan natijalari amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr Agentligining 2025 yil 5 maydagi 03/08-4742-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir aholi punktlarining landshaft turlari doirasidagi aholi zichligini aniqlash, demografik yukni hisoblashga erishilgan hamda 1:2500000 masshtabli “O‘zbekiston Respublikasi aholisining landshaft turlari bo‘yicha joylanishi” nomli kartasini yaratish imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasi aholi manzilgohlarining balandlik yaruslari bo‘ylab joylanishining tabiiy-geografik qonuniyati tahlili asosidagi aniqlangan aholi yashashi uchun qulay bo‘lgan balandlik chegarasi amaliyotda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr Agentligining 2025 yil 5 maydagi 03/08-4742-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston aholisining joylanishi uchun qulay geografik hududlarini aniqlash imkoni yaratilgan va 1:450000 masshtabli “Qashqadaryo viloyati aholisining joylanishi” kartasini yaratish imkonini bergan;
respublika aholisining zichligi amaliyotda foydalanib kelinayotgan ma’muriy birliklardan tashqari aniqlangan landshaft turlari doirasida yangi uslubiyot bo‘yicha hisoblash asosidagi natijalari amaliyotda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 23 maydagi 03-03/1-03/3-5044-son ma’lumotnomasi). Natijada, ma’muriy tumanlarda aholining kichik hududiy xususiyatlarini ajratib olish va aholi punktlari ijtimoiy-ekologik vaziyatini takomillashtirishda hududning tabiiy-demografik imkoniyatidan foydalanish imkonini bergan;
aholi manzilgohlarini hududiy tashkil etilishini takomillashtirishda har bir landshaft turining tabiiy-demografik imkoniyatidan kelib chiquvchi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalaridan amaliyotda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 23 maydagi 03-03/1-03/3-5044-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, hududlarni mutanosib rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyotni oshirish, hududlar aholisini qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirishni majmuali va hududiy baholash imkonini bergan.