Hamdamov Muzaffar Muxiddinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aerodinamik tadqiqotlar asosida vertikal o‘qli shamol generatorini ishlab chiqish va uning optimal parametrlarini aniqlash”, 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/T772.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xo‘jaev Ismatulla Ko‘shaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA M.T.O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Navruzov Kuralbay Fizika-matematika fanlari doktori, professor, Xalikov Salixdjan Subxanovich texnika fanlari doktori, dotsent, Normurodov Chori Begalievich Fizika-matematika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shamolning kichik tezliklarida samarali ishlay oladigan, radial karkas va stopperli yassi qanotlarga ega bo‘lgan vertikal o‘q atrofida aylanuvchi shamol generatorini ishlab chiqish, nazariy va tajriba sinovlari o‘tkazish yo‘li bilan uni optimalashtirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
turli ataka burchaklarida profillarning aerodinamik xususiyatlari zamonaviy turbulentlik modelidan foydalangan holda tahlil qilinib, oqim tezligi, bosim taqsimoti hamda ko‘taruvchi kuch koeffisienti aniqlangan hamda eng yuqori ko‘taruvchi kuchni ta'minlovchi optimal ataka burchagi α=8∘ ekanligi va shu burchakda eng yuqori samaradorlik bo‘lishi aniqlangan;
vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi harakati standart k–ε va SST modellari asosida modellashtirilgan, turli ataka burchaklarida bosim, tezlik, ko‘taruvchi va qarshilik kuchlari orqali qurilmaning optimal parametrlari aniqlab olingan hamda konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ilk marotaba mahalliy xomashyo va materiallar asosida tayyorlangan, konstruktiv jihatdan yangicha echimga ega bo‘lgan, parraklar ramaga podshipniklar orqali mahkamlangan va ularning holati shamol oqimi yo‘nalishi hamda intensivligiga bog‘liq holda avtomatik tarzda ochilib-yopilib turish qobiliyatiga ega bo‘lgan vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi ishlab chiqilgan (№ FAP 20241465, IAP 7811);
shamol oqimi tezligining o‘zgarishi, turbinaning diametri, parraklar soni va balandligi, aerodinamik sirt uzunligi, parraklarning aylana traektoriyasiga nisbatan og‘ish burchagi, shuningdek, parraklarga ta’sir etuvchi ko‘taruvchi va tortuvchi kuchlar hisobga olingan holda, balans tenglamalari asosida shamol energetik qurilmasining shamol energiyasidan foydalanish koeffisientini aniqlashga imkon beruvchi matematik model ishlab chiqilgan;
vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasining ishga tushish jarayoni turli parametrlar, jumladan shamol oqimi tezligi va elektr quvvati bo‘yicha sonli modellashtirilgan hamda turbina ishga tushish momenti, minimal ish tezligi va samarali energiya ishlab chiqarish sharoitlari aniqlanib, ushbu ko‘rsatkichlarga mos keluvchi reduktor va elektr generatorini, aylanish chastotasini hamda momentini tanlash uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan;
vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi aerodinamik shakli va inersiya momentining optimallashtirilishi hisobiga 3–4 m/s tezlikda ham elektr energiyasi ishlab chiqarishi tasdiqlangan, hamda u an’anaviy qurilmalarga nisbatan material sarfi, shovqin darajasi va aylanish momenti bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lib, o‘rtacha 3–10% ga yuqori samaradorlikka ega ekani ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Vertikal shamol energetikasi qurilmasining samaradorligini oshirish va joriy etish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik tezlikli shamol oqimlarida samarali ishlashga moslashtirilgan vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk agentligidan patent olingan (№ FAP20240465, IAP 7811). Natijada, qurilmaning shamol energiyasidan foydalanish koeffisienti (Cp) ni 3...10 foizgacha oshirish imkoniyati yaratilgan;
kichik tezlikli shamol oqimlarida ishlovchi vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasining konstruksiyasi takomillashtirilgan hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida joriy etilgan (O'zbekiston Respublikasi Milliy elektr tarmoqlari AJning yil 18 martdagi № 01-04-36/1342 2024 ma'lumotnomasi). Natijada, shamol tezligi 3-10 m/s bo‘lgan oraliqda ham elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilib, qurilmaning material sarfi va shovqini kamaytirilib, energiya ta’minoti uzlyuksizligini ta’minlashga erishilgan;
ishlab chiqilgan vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi Toshkent viloyati Parkent tumanida “Quyosh qo‘rg‘oni”da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutining 2024 yil 20 oktyabrdagi № 01-186 ma'lumotnomasiga asosan). Natijada, tarmoq elektr energiyasi sarfi 5–10% ga kamaygan;
ishlab chiqilgan vertikal o‘qli shamol energetik qurilmasi Buxoro viloyati Olot tumanidagi 10-sonli oilaviy poliklinikaga joriy etilgan (Olot tuman hokimiyatining 2023 yil 18 oktyabrdagi № 04-6286 ma'lumotnomasi). Natijada poliklinika uzlyuksiz elektr energiyasi bilan ta’minlangan va tarmoq elektr energiyasi sarfi 5–9% ga kamaygan.