Sharopov Dilshodjon Raxmatullaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy byudjet daromadlarini oshirishda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Iqt2015. 
Ilmiy rahbar: Gadoev Erkin Fayzievich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
 Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Usmonov Kaxramonjon Akbaralievich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy bujetlar daromadlari bazasini kengaytirishda soliq ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bazasida hududlar bo‘yicha noturar ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan 1 m.kv. uchun mutlaq miqdorda eng kam qiymatlarni belgilash taklifi etilgan;
ko‘chmas mulkni soliqqa tortish va kadastr baholashda tasniflashning funksional va hududiy tamoyillariga ko‘ra ko‘chmas mulk obektlarini turlash taklif etilgan;
hududlarda yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun soliq to‘lovchilar hisoblangan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasini (qavatlar soniga qarab 0,9 dan 0,5 gacha) qo‘llanilgan holda, binolar foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yil muddatda soliqdan ozod qilish taklif etilgan; 
mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib amalda o‘rnatilgan qat’iy soliq stavkalarining eng kam va eng yuqori stavkalari doirasida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilash borasidagi moliyaviy huquqlarini berish taklif etilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy byudjet daromadlarini oshirishda soliq bazasini kengaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalari bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar asosida:
jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bazasi uchun hududlar kesimida noturar joy ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan 1 kv.metr uchun mutlaq miqdorda eng kam qiymatlarni belgilashga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 28 dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-891-son Qonunida inobatga olinib, Soliq kodeksining 420-moddasiga o‘zgartirishlar kiritgan. (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025 yil 28 fevraldagi 16/1-25669 -son ma’lumotnomasi). Natijada, byudjetga qo‘shimcha 1,6 trln.so‘m tushum ta’minlandi. Bu esa soliq to‘lovchilarning real to‘lov qobiliyatini hisobga olgan holda, mahalliy byudjetlar daromadlarining barqaror shakllanishiga xizmat qildi;
ko‘chmas mulkni soliqqa tortish va kadastr baholashda tasniflashning funksional va hududiy tamoyillariga ko‘ra ko‘chmas mulk ob’ektlarini turlash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Er uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish ob’ektlarining yagona klassifikatorini amalga kiritish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 614-son qarorida inobatga olindi. (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025 yil 28 fevraldagi 16/1-25669-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish va kadastr baholash tizimi yanada aniq va samarali bo‘ldi. Bu nafaqat davlat byudjetiga soliq tushumlarini oshiradi, balki er resurslaridan oqilona foydalanish va hududlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qildi. Shu orqali O‘zbekistonning er va ko‘chmas mulkni boshqarish sohasidagi milliy salohiyati yanada yuksaldi;
hududlarda yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasini (qavatlar soniga qarab 0,9 dan 0,5 gacha) qo‘llanilgan holda, binolar foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yil muddatda soliqdan ozod qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 24 dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1014-son Qonunida inobatga olinib, unga asosan Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025 yil 28 fevraldagi 16/1-25669-son ma’lumotnomasi). Natijada, hududlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarish binolari qurilishi jadallashdi. Bu o‘z navbatida investorlarning qiziqishini oshirib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga xizmat qildi. Soliq imtiyozi davrida tadbirkorlar mablag‘larini asosan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirishga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar;
mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib amaldagi qat’iy soliq stavkalarining eng kam va eng yuqori stavkalari doirasida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilash borasidagi moliyaviy huquqlarini berish borasidagi ilmiy taklifi 2022 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-812-sonli qonunida o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025 yil 28 fevraldagi 16/1-25669-son ma’lumotnomasi). Natijada, byudjetga qo‘shimcha 107,7 mlrd.so‘m tushum ta’minlandi. Shuningdek, mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashda mahalliy hokimliklarning roli mustahkamlandi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish