Arslanova Sevara Karimjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zani genomlararo (A1,G) duragaylash va AD genom asosida yangi donorlar olish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1299.
Ilmiy rahbar: Ernazarova Ziroatxon Abduazimovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Ubaydullaeva Xurshida Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Mo‘minov Hasan Aliqulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning avstraliya yovvoyi turlari va afro-osiyo turichi xilma-xilliklarining molekulyar-filogenetik munosabatlarini baholash, genetik-seleksion potensialini hamda sintetik donorlar yaratishdagi istiqbolini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, genomlararo duragaylash (G va A1) natijasida, ularning xam geografik, xam genetik jihatdan uzoq turlar bo‘lsada, o‘zaro mutanosibligi, pushtli duragaylar olish imkoniyatining mavjudligi, G. herbaceum L. turining subsp. pseudoarboreum kenja turi va subsp. pseudoarboreum f. harga shaklining avstraliya yovvoyi turlari G. nelsonii va G. australe turlariga filogenetik jihatdan nisbatan yaqinligi, subsp. africanum kenja turning esa uzoqligi aniqlangan;
genomlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya natijasida, 2n=4x=52 xromosomalar to‘plamiga ega bo‘lgan sintetik poligenom allotetraploid duragay shakllar (F1C G. herbaceum subsp. frutescens × G. nelsonii; G. herbaceum subsp. euherbaceum A-256 × G. nelsonii) olingan ularning ploidlik darajasi sitogenetik tahlillar asosida isbotlangan;
allopoliploid F1C (A1×G) duragaylar va G. hirsutum L. turiga mansub navlarni o‘zaro chatishtirish asosida olingan murakkab F1 [(A1×G) ×AD1] duragaylarida [(G. herbaceum subsp. frutescens × G. nelsonii) × Ravnaq -1], [(G. herbaceum subsp. euherbaceum A-256 × G. nelsonii) × Ravnaq -1] tola uzunligi to‘liqsiz dominantlik, vegetatsiya davrining davomiyligi esa to‘liq dominantlik holda irsiylanganligi aniqlangan;
Avstraliya yovvoyi turlari va Afro-Osiyo turichi xilma-xilliklari hamda madaniy G. hirsutum L. g‘o‘za genetik polimorfizmi, filogenetik munosabatlariga aniqlik kirituvchi, filogenetik shajara daraxti tuzilgan;
molekulyar-genetik tahlillar asosida, genomlararo sintetik diploid F1 va amfidiploid F1C (G. herbaceum subsp. frutescens × G. nelsonii), (G. herbaceum subsp. euherbaceum A - 256 × G. nelsonii) duragaylarida SSR markerlari yordamida PZR tahlili amalga oshirilib, ularda ota-ona namunalaridan o‘tayotgan allellar mavjud ekanligi aniqlangan;
genomlararo (A1×G) F1, F1S duragaylar va o‘rta tolali mahalliy navlar ishtirokida olingan murakkab F1 [(A1× G) ×AD1] duragaylarda sitogenetik hamda embriologik tahlillar asosida ayrim sporogenetik va gametogenetik anomaliyalar (triada, pentada, geptada, mikroyadroli diada va tetradalar) aniqlangan;
morfologik va anatomik tadqiqotlar natijasida ota –onalik shakllari va ular ishtirokida olingan genomlararo (A1× G) F1, F1C (G. herbaceum subsp. frutescens × G. nelsonii) va F1C (G. herbaceum subsp. euherbaceum A-256 × G. nelsonii) duragaylar, o‘rta tolali mahalliy navlar ishtirokida olingan murakkab F1 [(A1× G) ×AD1] duragaylarning sanchib-so‘ruvchi hasharotlarga bardoshliligiga baho berilgan, barglarning strukturaviy belgilari, ya’ni, abaksial kesimining strukturaviy tahliliga asosan sanchib-so‘ruvchi (Aphis gossypii, Aleyrodidae) hasharotlarga bardoshliligi aniqlangan;
allopoliploid duragaylar (donor) va mahalliy Ravnaq-1 navi (resipient) ishtirokida murakkab F1 [(G. herbaceum subsp. frutescens × G. nelsonii) × Ravnaq-1] va [(G. herbaceum subsp. euherbaceum A-256 × G. nelsonii) × Ravnaq-1] duragaylar olish orqali sintetik allopoliploidlarning genetik-seleksion potensiali isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “G‘o‘zani genomlararo (A1,G) duragaylash va AD genom asosida yangi donorlar olish” bo‘yicha olingan natijalar asosida:
g‘o‘zaning F1C (G. herbaceum subsp.euherbaceum “A-256” × G.nelsonii) poliploid duragay kombinatsiyasidan ajratib olingan namunalar urug‘lari O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 31 oktyabrdagi 4/1255-2427-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu allotetraploid duragaylar genetik-seleksion tadqiqotlar uchun boshlang‘ich ashyo sifatida tavsiya etilgan hamda g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini yanada boyitish imkonini bergan;
g‘o‘zani turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiyasi bo‘yicha olingan natijasidan O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida “FZ-2020100645 - Yovvoyi avstraliya turlarining afro-osiyo g‘o‘zalari turichi xilma-xilliklari bilan o‘zaro molekulyar-filogenetik munosabatlarini va qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘rganish” mavzusidagi fundamental loyihasi ilmiy tadqiqotlarini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 31-oktyabrdagi 4/1255-2426-son ma’lumotnomasi). Natijada, tolasining sifat ko‘rsatkichlari yuqori, biotik va abiotik omillarga bardoshlilik xususiyatiga ega bo‘lgan boshlang‘ich manbalar genetik–seleksion tadqiqotlarda foydalanish bo‘yicha amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan.