Murodov Alisher Sharofxonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki ishlar organlarining oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu134.
Ilmiy rahbar: Ismailov Isamiddin, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Toxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ichki ishlar organlarining oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oiladagi zo‘ravonlikning oldini olishga doir asosiy tushunchalarni, ushbu faoliyatni tashkil etishning prinsiplarini, bu sohada faoliyat olib boruvchi sub’ektlarning tizimini, vakolatlarini, shuningdek mazkur sohada amalga oshiriladigan profilaktik chora-tadbirlarni belgilaydigan ularni muvofiqlashtirishni tartibga soladigan qonun qabul qilish zarurati asoslantirilgan;
oila turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika qilish samaradorligini oshirishda bu boradagi chora-tadbirlarga hududning xususiyatini inobatga olgan holda ilmiy nuqtai nazardan kompleks yondashish zarurligi asoslantirilgan;
oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga o‘z vaqtida manzilli yordam ko‘rsatish va himoya qilish, ularga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jabrlanganlar uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini tashkil etish zarurligi asoslantirilgan;
oilalardagi nizoli vaziyatlar, maishiy zo‘rlik ishlatish, oila-turmush doirasidagi zo‘ravonliklarning barvaqt oldini olish maqsadida davlat, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar bilan hamkorligining (nizoli oilalarni yarashtirish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash va h.k.) yo‘nalishlari asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ichki ishlar organlarining oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oiladagi zo‘ravonlikning oldini olishga doir asosiy tushunchalarni, ushbu faoliyatni tashkil etishning prinsiplarini, bu sohada faoliyat olib boruvchi sub’ektlarning tizimini, vakolatlarini belgilashga doir takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasining «Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ishlab chiqishda foydalanilgan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi muhokamasiga qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 20 iyundagi 06/1-05/1604vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur qonunning qabul qilinishi oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirishga xizmat qiladi;
oila turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi PQ-2833-son «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida respublika idoralararo komissiya raisi tomonidan 2017 yil 6 iyul` kuni tasdiqlangan «Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining 2017 yil 21 dekabrdagi 26/4273-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar oila turmush doirasida sodir etiladigan qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga turli darajada shikast etkazish, qiynash jinoyatlarining oldini olishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasida oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil etishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi PQ-3827-son «Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining 2018 yil 18 iyuldagi 397-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini tashkil etish va ularda jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilishini ta’minlashga xizmat qilgan.