Shomirov Azizbek Abdurashidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiyotga investisiyalarni jalb qilishda qimmatli qog‘ozlar bozori rolini oshirish», 08.00.07 – «Moliya, pul muomalasi va kredit».
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Iqt650.
Ilmiy maslahatchi: Omonov Akrom Abdinazarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Haydarov Nizamiddin Xamraevich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Elmirzaev Samariddin Eshkuvatovich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xamidova Farida Abdulkarim qizi.
Yetakchi tashkilot: G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent shahri filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Iqtisodiyotga investisiyalar jalb qilishda qimmatli qog‘ozlar bozori rolini oshirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
xususiylashtiriladigan davlat mulklari, shu jumladan davlat aksiya paketlari bo‘yicha investorlar tomonidan to‘lanadigan shartnoma summasi savdo sanasidagi belgilangan BHMning 20 ming baravaridan oshgan taqdirda to‘lovlarni 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lashga imkoniyat berish taklif etilgan;
tijorat banklarining investisiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro moliyaviy institutlaridan jalb qilingan kredit mablag‘larini bank aksiyalariga konvertatsiya qilish asosida banklar kapitallashuvida xorijiy strategik investorlar ishtirokini ta’minlash asoslangan;
mahalliy qimmatli qog‘ozlar bozorida yangi moliyaviy instrumentlar orqali investisiyalar diversifikatsiyasini ta’minlashda fond birjasi “Stock market” aksiyalar bozorining mavjud listing toifalariga kiritilgan emitentlarga muddati 1 yildan ko‘p bo‘lmagan birja obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini berish taklif etilgan;
O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar kabi foyda solig‘ining 5 foiz stavkasini qo‘llash muddatini uzaytirish taklif etilgan;
qimmatli qog‘ozlar bozori orqali investisiyalar jalb qilishda SPO amaliyotidan foydalanish jarayonida aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalining 4 foizdan kam bo‘lmagan miqdordagi aksiya paketini joylashtirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqtisodiyotga investisiyalarni jalb qilishda qimmatli qog‘ozlar bozori rolini oshirish yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar asosida:
xususiylashtiriladigan davlat mulklari, shu jumladan davlat aksiya paketlari bo‘yicha investorlar tomonidan to‘lanadigan shartnoma summasi savdo sanasidagi belgilangan BHMning 20 ming baravaridan oshgan taqdirda to‘lovlarni 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lashga imkoniyat berish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘RQ-907-son Qonunining 31-moddasi 3-bandida o‘z aksini topgan (Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025-yil 11-martdagi 03/08-1-12/1048-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2024-yil davomida qiymati 20 ming BHMdan ortiq bo‘lgan 103 ta davlat mulklari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali hamda 13 ta davlat aksiya paketlari “Toshkent” Respublika fond birjasida ommaviy savdolarga chiqarilishiga erishilgan;
tijorat banklarining investisiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilingan kredit mablag‘larini bank aksiyalariga konvertatsiya qilish asosida banklar kapitallashuvida xorijiy strategik investorlar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi ““O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-253-son qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 18-apreldagi 04-72-2-00417-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2023-yil yakuniga kelib “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan bank oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilinuvchi 50 mln. AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasi jalb qilinishi to‘g‘risida bitim imzolanishiga erishilgan;
mahalliy qimmatli qog‘ozlar bozorida yangi moliyaviy instrumentlar orqali investisiyalar diversifikatsiyasini ta’minlashda fond birjasi “Stock market” aksiyalar bozorining mavjud listing toifalariga kiritilgan emitentlarga muddati 1 yildan ko‘p bo‘lmagan birja obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini taqdim qilish yuzasidan taklifidan “Toshkent” Respublika fond birjasi Kuzatuv kengashining 2023-yil 12-maydagi 6-sonli Bayonnomasi bilan tasdiqlangan ““Toshkent” Respublika fond birjasi aksiyadorlik jamiyatida birja obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va muomalaga kiritish Tartibi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 18-apreldagi 04-72-2-00417-son ma’lumotnomasi). Natijada 2025-yil boshiga kelib “Toshkent” RFB “Stock market” aksiyalar bozorining “Premium”, “Standart” va “Tranzit” listing toifalariga kiritilgan 65 ta emitent birja obligatsiyalarini emissiya qilib, soddalashtirilgan tartibda faqatgina fond birjasi ro‘yxatidan o‘tgan holda qisqa muddat ichida investisiyalarni jalb etish imkoniyatiga ega bo‘lgan;
O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar kabi foyda solig‘ining 5 foiz stavkasini qo‘llash muddatini uzaytirish yuzasidan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentyabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 18-apreldagi 04-72-2-00417-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2028-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida yuridik shaxs maqomidagi xorijiy investorlarga mahalliy yuridik shaxs toifasidagi investorlar bilan teng sharoit va imtiyozlarning yaratilishiga hamda mamlakat fond bozorining investisiyaviy jozibadorligini oshirishga erishilgan hamda 2024-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining norezidenti hisoblangan 171 nafar yuridik shaxslar aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga 5 foiz stavkada soliq to‘lab, o‘zlarining ixtiyorida 751,8 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ni tejab qolgan;
qimmatli qog‘ozlar bozori orqali investisiyalar jalb qilishda SPO amaliyotidan foydalanish jarayonida aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalining 4 foizdan kam bo‘lmagan miqdordagi aksiya paketini joylashtirish taklifi Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 84-son bayonida o‘z aksini topgan (Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025-yil 11-martdagi 03/08-1-12/1048-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ustav kapitalidagi 4,44 foizga teng davlat aksiya paketini xususiylashtirish maqsadida mahalliy fond birjasida ikkilamchi ommaviy joylashtirish (SPO)ga chiqarilishiga va 42,9 mlrd. so‘m miqdoridagi investisiyalar jalb qilinishiga erishilgan.