Ergasheva Xafiza Isroilovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yomg‘ir chuvalchanglarining ayrim mahalliy turlari ishtirokida hayvonlar organik chiqindilaridan o‘g‘itlar olish biotexnologiyasi», 03.00.12 - Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/B620.
Ilmiy rahbar: Ismailov Zafar Fayzullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.72.02.
Rasmiy opponentlar: Murodova Sayyora Sobirovna. biologiya fanlari doktori, professor; Tashbaev Sherzod Abdurasulovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: selektiv tanlangan mahalliy yomg‘ir chuvalchanglari yordamida vermikompost olish biotexnologiyasini ishlab chiqish va undan amaliyotda foydalanish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatimizning turli tuproq-iqlim sharoitida keng tarqalgan yomg‘ir chuvalchanglaridan E. fetida, D. veneta va A. caliginosa caliginosaning vermikompost tayyorlashda foydalanish imkoniyatlari baholangan;
E. fetida ning biomassa mahsuldorligi, rivojlanish fazalari miqdoriy ko‘rsatkichlari (pilla, lichinka, yetilgan individlar soni) va muhit ko‘rsatkichlariga nisbatan reflekslari E. andrei ga nisbatan yuqori bo‘lishi asoslangan; 
E. fetida ishtirokida vermikompost tayyorlashning optimal sharoitlari (namlik – 60-70%, 20-25oC, pH – 6,0-7,5) tanlangan va ishlab chiqarish sharoitida samarador bo‘lishi isbotlangan; 
tabiiy (chirindiga boy bo‘z tuproqda)  va turli tarkibli substratlar (qoramol, ot va qo‘y go‘ngi) da etishtirilgan E. fetida da pilla, lichinka, yetilgan individlar sonining nazorat variantiga nisbatan yuqoriligini aniqlash orqali mazkur turning vermikompost tayyorlash uchun potensial tur ekanligi isbotlangan;
vermikompostlash jarayonida substrat tarkibini boyitish maqsadida turli maishiy (yog‘och qirindisi, qog‘oz chiqindilari, barg-xazon, meva-sabzavot) chiqindilar qo‘llanilgan va texnologiyada qo‘shimcha substratlardan foydalanish samarali bo‘lishi asoslangan;
mahalliy yomg‘ir chuvalchanglari yordamida olingan vermikompostdan foydalanish orqali bodringning Miracle F1 navini yetishtirishda iqtisodiy samaradorlik 18,2 % gacha oshishi isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yomg‘ir chuvalchanglarining ayrim mahalliy turlari ishtirokida hayvonlar organik chiqindilaridan o‘g‘itlar olish biotexnologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tuproqni ekishdan oldin mahalliy yomg‘ir chuvalchanglari asosida olingan vermikompost bilan 1.0 kg/m2 me’yorda ishlov berish va shudgorlash bo‘yicha tavsiyalar Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi “Agro Sabzavot Hosil” MChJ ga qarashli issiqxonalarda bodring etishtirish jarayonlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 27 maydagi 05/06-02-346-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqqa kiritilgan vermikompostning tuproq unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi orqali bodringdan nazorat variantiga nisbatan 0,8 kg/m2 qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan; 
issiqxona sharoitida bodring etishtirishda mahalliy yomg‘ir chuvalchanglari asosida olingan vermikompostni 50 gr/litr me’yorida har sug‘orishda suv orqali yuborish bo‘yicha tavsiyalar Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi “Abduxamid Bobo” MChJ maydonlarida  bodring etishtirish jarayonlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 27 maydagi 05/06-02-346-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, vermikompost tarkibidagi organik moddalarning erigan holda berilishi bodringning  Miracle F1 gibridida hosildorlikni  0,84 kg/m2 ga ko‘paytirilishi hisobiga iqtisodiy samaradorlikni 18,2% ga oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish