Zarifbaev Jasur Shavkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi):
“Erbiy va evropiy bilan legirlangan kremniyning nuqsonli tarkibiga tashqi omillarning ta’siri”, 01.04.10 – Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/FM595.
Ilmiy rahbari: Hamdamov Jonibek Jumaevich, fizika-matematika fanlari bo‘yich falsafa doktori, katta-ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.03/30.12.2019.FM/T.01.12.
Rasmiy opponentlar: Otajonov Salimjon Madraximovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ayupov Kutup Sautovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi:
erbiy va evropiy bilan legirlangan kremniyning nuqsonli tarkibini va unga tashqi omillarning ta’sirini kompleks tadqiq qilishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor erbiy bilan legirlangan kremniyda Er-O bog‘larining hosil bo‘lishi tugunlararo optik faol kislorod konsentratsiyasi 35-40% ga kamayishiga va kislorod markazlarining optik faolligining pasayishiga olib kelishi aniqlangan;
ilk bor erbiy bilan legirlangan kremniyda ikkita yangi infraqizil tebranish modasi 495 va 848 sm⁻¹ da aniqlangan va Er-O bog‘larining shakllanganligini tasdiqlagan;
kremniyga Er va Eu oksid qatlamlar orqali diffuziyasi natijasida sirtga yaqin p⁺ qatlamlar hosil bo‘lishi va bu qatlamlarda faol nodir er elementlari atomlarining konsentratsiyasi (1÷2) × 10²⁰ sm⁻³ ni tashkil etishi ko‘rsatilgan;
uzoq muddatli lazer nurlanishi Er markazlarini qo‘shimcha faollashtirishi va Si<Er> asosidagi diod tuzilmalarida 77 K da tokning qiymatini 25 barobargacha oshirishi aniqlangan;
Evropiy bilan legirlangan kremniyda radiyasiya natijasida hosil bo‘ladigan nuqsonlarning kamayishi va Si<Eu> tuzilmalarining radiatsiyaga chidamliligini 2-3 martagacha oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Erbiy va evropiy bilan legirlangan kremniyning nuqsonli tarkibiga tashqi omillarning ta’siri mavzusidagi jarayonlarini tadqiq qilish asosida:
Er₂O₃ va Eu₂O₃ oksidlari asosida yaratilgan diffuziya texnologiyasi orqali kremniy kristalli sirtiga yaqin sohada (1÷2)×10²⁰ sm⁻³ konsentratsiyaga ega bo‘lgan p⁺-qatlamlar hosil qilish usuli ishlab chiqildi. Mazkur texnologik echim, kremniyning sirtga yaqin sohasida nisbatan bir xil legirlanish qatlami hosil qilish imkonini berdi va bu usul “FOTON” aksiyadorlik jamiyatida diod va chastotali qurilmalar ishlab chiqarish texnologiyasiga joriy etildi (“FOTON” AJning 2025-yil 30-apreldagi 13-sonli ma’lumotnomasi). Yuqori konsentratsiyali p⁺ qatlamlarning shakllantirilishi orqali Si<Er> va Si<Eu> asosidagi diod va tranzistor strukturalarining barqarorligi hamda talab etiladigan elektrofizik ishchi parametrlari ta’minlandi. Shu orqali tajriba namunalarida ishlash muddati 20% gacha oshishiga imkon bergan;
Tadqiqot davomida olingan lazer nurlanishi bilan qo‘shimcha faollashtirilgan erbiy atomlari tufayli fotosezuvchanlikning ortishi va evropiy atomlari orqali nurlanishga chidamlilikning oshishi kabi amaliy natijalardan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida OT-F2-55 «Yangi funksional imkoniyatlarga ega nanomateriallarning yangi sinfi sifatidagi kirishma atomlari nanoklasterlarini shakllanishi negizida hajmiy strukturalashgan kremniyni olishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish» loyihasini bajarish jarayonida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 1-maydagi 02/02-1233-sonli ma’lumotnomasi). Dissertatsiya natijalaridan foydalanish kremniyda kirishma nanoklasterlarini shakllantirishning ilmiy asoslarini yaratgan. Bu esa opto va mikroelektronika uchun yangi funksional xususiyatlarga ega nanomateriallarni olish imkoniyatlarini ochib bergan.