Eshniyazova Maysara Beknazarovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlarida kichik lirik janrlar poetikasi” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3776
Ilmiy rahbar: Muxitdinova Nazmiya Muslixiddinovna, filologiya fanlari doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/05.05.2023.Fil.02.11.
Rasmiy opponentlar: Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Mamadalieva Zuhra Ne’matullaevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlarida nasr va nazm uyg‘unligi masalasini konseptual o‘rganish, mazkur asarlar tarkibidagi nazm namunalarining janriy xoslanishlarini asoslash, ruboiy va qit’a janrining mavzuiy-g‘oyaviy va badiiy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlaridagi kichik hajmli she’rlarning Sharq adabiyotida ijtimoiy, falsafiy, pandnoma-didaktik jihatlari ochib berilib, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi misra’ning ilk namunasi ijodkorning “Vaqfiya” asarida eng kichik mustaqil she’riy janr sifatida uchrashi isbotlangan;
Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlari tarkibidagi hamd, munojot, na’t, me’roj, manqabat mazmunining ruboiylarda ifodalanishi, “Nazm ul-javohir” asarida ruboiylarning irfoniy manbalari hamda taronai ruboiylarning badiiyatni ta’minlovchi murassa’lik, aqd va iqtibos kabi tasviriy vositalar, muraddaflik, qofiya, vazn jihatidan individualligi asoslab berilgan;
“Arba’in” asarida oyat va hadislarning qo‘llanishi, ma’naviy san’atlar, xususan, iqtibos va aqdlardagi tasavvufiy mavzu, g‘oya va badiiyat sintezining balog‘a ilmi sharhi uchun xizmat qilgani dalillangan;
“Nazm ul-javohir”, “Arba’in” asarlari tarkibidagi she’riy janrlar poetikasi ilmi aruz, ilmi qofiya va ilmi bade’ jihatlari ochib berilib, “Nazm ul-javohir” asaridagi hikmat ruboiylarning tabdili borasida mavjud nashrlardagi matniy transliteratsiya, matn variantlarini qiyoslash, lisoniy birliklar indeksini tuzishdagi so‘z qo‘llash, so‘z tartibi kabi uslubiy, cho‘ziq va qisqa unlilarni ifodalash, qo‘shib, ajratib yoki chiziqcha bilan yozish, bosh harflarni qo‘llashga oid imloviy hamda ishoraviy farqliliklar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilishi. Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlarida kichik lirik janrlar poetikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik hajmli she’rlarning Sharq adabiyotida ijtimoiy, falsafiy, pandnoma-didaktik jihatlari ochib berish, adibning ma’rifiy-adabiy asarlarini mavzu ko‘lami va mazmun mundarijasi asosida tizimlashtirib tasniflash va ayni asarlarda nasr va nazm uyg‘unligi masalasini kompozision va iqtiboslik nuqtai nazaridan tahlil qilish orqali ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalardan O‘zRFA QB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2017–2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanildi. (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2024-yil 07-martdagi 97/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyadagi maqsad-vazifalar, ilmiy xulosalar asosida shoir she’riyatidagi irfoniy g‘oyalarning ma’rifiy-adabiy ahamiyati yoritilishiga xizmat qilgan;
Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlari tarkibidagi hamd, munojot, na’t, me’roj, manqabat mazmunining ruboiylarda ifodalanishi, “Nazm ul-javohir” asarida ruboiylarning irfoniy manbalari hamda taronai ruboiylarning badiiyatni ta’minlovchi murassa’lik, aqd va iqtibos kabi tasviriy vositalar, muraddaflik, qofiya, vazn jihatidan individualligini asoslab berishdagi tavsiyalardan O‘zRFA QB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012–2016-yillarda bajarilgan FZ-2016-09081165532 “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanildi (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2024-yil 13-martdagi 97/2-son ma’lumotnomasi). Natijada, Alisher Navoiy adabiy merosining g‘oyaviy-badiiy, matniy tadqiqi bilan bog‘liq umumlashmalar ijodkor poetik mahoratini badiiy asar tili va uslubi orqali belgilash, nasr va nazm uyg‘unligini ta’minlashda manbalar, ularning til xususiyatlarini hisobga olish, lirik parchalar janriy tadqiqini belgilashning nazariy asoslarini aruz, qofiya, badiiyat ilmlari nuqtai nazaridan tadqiq etish lozimligi haqidagi nazariy fikr hamda amaliy tavsiyalarga asos bo‘lgan;
“Arba’in” asarida oyat va hadislarning qo‘llanishi, ma’naviy san’atlar, xususan, iqtibos va aqdlardagi tasavvufiy mavzu, g‘oya va badiiyat sintezining balog‘a ilmi sharhiga xizmat qilishi hamda adib ijodining badiiy qimmati, ma’rifiy ahamiyati, irfoniy-tasavvufiy qarashlar talqiniga oid ilmiy xulosalardan Samarqand viloyat radiosida 2024-yil aprel oyi davomida efirga uzatilgan “Fayzli oqshom” eshittirishining bir necha sonlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 14-maydagi 01-07/107-son ma’lumotnomasi). Natijada, Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlaridagi kichik lirik janrlarda o‘z ifodasini topgan axloqiy-falsafiy, umuminsoniy g‘oyalardan ma’nan etuk avlodni tarbiyalashda ilmiy-pedagogik mezonlarni ishlab chiqishga xizmat qilgan;
“Nazm ul-javohir”, “Arba’in” asarlari tarkibidagi she’riy janrlar poetikasi ilmi aruz, ilmi qofiya va ilmi bade’ jihatlari ochib berilishi, “Nazm ul-javohir” asaridagi hikmat ruboiylarning tabdili, Alisher Navoiy ijodi, xususan, ma’rifiy-adabiy asarlaridagi g‘oyalar talqini yuzasidan chiqarilgan xulosalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi qoshidagi “Sadoqat” to‘garagida o‘rganildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 03-iyundagi 01-03/639-son ma’lumotnomasi). Natijada, Alisher Navoiyning ma’rifiy-adabiy asarlarida fard, qit’a va ruboiy kabi she’riy shakllar orqali ilgari surilgan g‘oyalar yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan komil inson etib tarbiyalashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish