Mahmudov Mirmuxsin Uchqunbek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘arbiy Farg‘ona qandalalari (Heteroptera: Pentatomoidea) faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1317.
Ilmiy rahbar: Zokirov Islomjon Ilhomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ikrom Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzahalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G‘arbiy Farg‘ona hududi Pentatomoidea katta oilasi qandalalarining tur tarkibini aniqlash, ularni ekologik-faunistik jihatdan asoslash, dominant turlar bioekologiyasi va polimorfizm jarayonlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
G‘arbiy Farg‘ona hududida Pentatomoidea katta oilasiga mansub 3 ta oila (Pentatomidae, Scutelleridae, Cydnidae), 10 triba, 15 avlod va 24 tur qayd etilib, ulardan 1 tur (Legnotus picipes) O‘zbekiston hududi hamda 9 tur G‘arbiy Farg‘ona uchun ilk bor aniqlangan;
qandalalar faunasining shakllanish xususiyatlari ochib berilgan hamda aniqlagan qandalalardan Pentatomidae oilasi eng ko‘p (87,5%), Scutelleridae esa 8,3% va Cydnidae 4,2% ulushga ega bo‘lib, Carpocoris (5 tur) va Eurydema (4 tur) avlodlarining yuqori polimorf guruhlarga mansubligi turlarning moslashuvchanligi va ekologik ahamiyatini ifodalagan va Graphosoma tritipik, qolgan 12 avlod esa monotipik ekanligi aniqlangan;
G‘arbiy Farg‘ona Pentatomoidea vakillari oziqlanish xususiyatiga ko‘ra 13 turi polifag, 10 tur oligofag va 1 tur (Zicrona caerulea) entomofag ekanligi, shuningdek ekotizimdagi turli ekologik tokchalarga asosan eng ko‘p ixtisoslashgan fitofaglar (16 tur), xortobiontlar (5 tur), dendrotamnobiontlar (2 tur) va entomofag (1 tur) guruhlari aniqlangan;
qandalalarning 12 turi dominant guruhni tashkil etib, agroekotizimda keng tarqalgan Halyomorpha halys, Eurydema ornata, Eurygaster integriceps kabi turlar iqtisodiy zarar etkazuvchi asosiy zararkunanda ekanligi, subdominant va kam uchraydigan turlar soni nisbatan kam bo‘lsa-da, ular mahalliy turlar xilma-xilligini saqlash va ekologik muvozanatni ta’minlashda ahamiyat kasb etishi isbotlangan;
qandalalarning landshaftlar (adir, cho‘l, to‘qay, agrotsenoz) bo‘yicha tarqalishi tahlil etilib, agrotsenoz tur soni (20 tur) jihatdan ustun bo‘lishi, shuningdek adir landshaftlarida 17 tur, to‘qay muhitida nam sharoitga moslashgan 15 tur va cho‘llarda 12 tur aniqlangan hamda gidrotermik xususiyatlar turlar soniga va ularning trofik shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi asoslangan;
muhim turlarning biologiyasi ochib berilgan va Apodiphus, Eurydema va Halyomorpha kabi avlodlar populyasiyasi mavsumiy dinamikasi tahlil etilib, ularning keng diapazondagi o‘simliklarda rivojlanishi tufayli agroekotizimlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi isbotlangan;
ilk marta Eurydema va Apodiphus avlodlarida morfometrik belgilar (rang va naqsh) bo‘yicha polimorfizm hodisasi hamda A.integriceps populyasiyasida jinsiy dimorfizm mavjudligi (d ≤ 1,88) statistik tahlillar orqali aniqlangan va PCA dasturi natijalariga ko‘ra, hajm-reproduktiv modeli ishlab chiqilgan;
G‘arbiy Farg‘ona hududida fitofag qandalalarning populyasiyasini boshqarish, zararkunanda hasharotlarga qarshi entomofag Zicrona caerulea turini qo‘llash va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Farg‘ona qandalalari (Heteroptera: Pentatomoidea) faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
G‘arbiy Farg‘ona hududidagi Pentatomoidea turlarining tarqalishiga oid ma’lumotlar Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar bazasi (GBIF)ning ochiq ma’lumotlar to‘plami platformasiga joylashtirilgan (Global Biodiversity Information Facility (GBIF.uz)ning 2025 yil 13 maydagi 038-son ma’lumotnomasi, www.gbif.org). Natijada, ushbu ochiq to‘plam Pentatomoidea turlarini dunyo miqyosida geografik va filogenetik tahlil qilish, ya’ni tarqalish xaritalarini tuzish hamda qarindoshlik munosabatlarini solishtirish imkonini bergan;
G‘arbiy Farg‘ona hududi qandalalariga oid jami 10 ta avlodga mansub 13 turdan iborat 30 nusxa hasharot namunalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obeyktiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 28-martdagi 4/1255-796-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud qandalalar kolleksiyasi fondini yangi namunalar bilan boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda kadastr ma’lumotlarini tayyorlash imkonini bergan.