Yusupova Nadira Kaypbaevnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Neft chiqindilaridan modifikatsiyalangan bitumlar olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.08 – Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/T878. 
Ilmiy maslahatchi: Xurmamatov Abdug‘affor Mirzabdullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Saydaxmedov Shamshitdin Muxtorovich, texnika fanlari doktori, professor; Fozilov Sadriddin Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor; Turaev Tolib Bozorovich, texnika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Farǵona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: neft chiqindilaridan modifikatsiyalangan bitumlar olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqish, erituvchi va neft shlamini samarali aralashtirish uchun qurilmani takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
eritilgan neft shlami tarkibidan mexanik aralashmalarni 0,05% gacha tozalash va neft shlami aralashmasining qovushqoqligini kamaytirish uchun eng mos erituvchi (engil nafta) va neft shlamini intensiv aralashtirish uchun 20% erituvchi miqdori optimal miqdor ekanligi aniqlangan.
neft shlami va erituvchini aralashtirish uchun mo‘ljallangan aralashtirgich konstruksiyasini takomillashtirish hisobiga neft shlami va erituvchini aralashtirish davomiyligi vaqti 16% gacha qisqarishi aniqlangan;
neft chiqindilaridan qurilish bitumi va modifikasiyalangan (turli modifikatorlar PTR-1, PTR-2, PTR-3) bitum olish uchun optimal rejim parametrlariga ega texnologik liniya ishlab chiqilgan;
neft shlamidan qurilish bitumi olish jarayonining maqbul sharoitlari, ya'ni oksidlanish jarayonining harorati 220ºC va oksidlanish davomiyligi 180 daqiqa, kislorod bosimi 202 kPa bo‘lishi aniqlangan;
neft chiqindilaridan olingan bitum BNShK-1 xususiyatlari bo‘yicha amaldagi BNK-45/190 markali bitumga va modifikasiyalangan bitumlar BNShDM-60/90 va BNShM-70/30 asosiy xususiyatlari bo‘yicha BND-60/90 va BN-70/30 markali bitumlarga mos kelishi isbotlangan;
rektifikatsiya kolonnasi kub qismining harorati ortishi bilan haydash jarayonida olingan fraksiyalarning zichligi va qovushqoqligi hamda bitum tarkibidagi asfaltenlar miqdori va yumshash haroratini ortishi olingan bitumning yuqori haroratlarda deformasiyalarga chidamliligini ta’minlashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Neft shlamlaridan modifikatsiyalangan qurilish bitumini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
neft chiqindilaridan modifikasiyalangan qurilish bitumini olish texnologiyasi yordamida neft shlamlarini utilizasiya qilish texnologiyasi "Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi" AJning “2025-2026 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati”ga kiritilgan (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 2025 yil 27 martdagi 02-03/51-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu texnologiya yordamida neft shlami aralashmasidan 36% gacha qurilish bitumi olinib, neftni qayta ishlash zavodi hududini ifloslantiruvchi chiqindilardan tozalash imkonini bergan;
neft chiqindilari tarkibidan organik qismini ajratishning maqbul erituvchi ishlatilgan texnologiyasi "Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi" AJda “2025-2026 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati”ga kiritilgan (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 2025 yil 27 martdagi 02-03/51-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu texnologiya neft shlami tarkibidan 49% gacha organik qismni ajratib olish imkonini beradi;
qurilish bitumini modifikatsiyalashning samarali texnologiyasi "Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi" AJda “2025-2026 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 2025 yil 27 martdagi 02-03/51-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu texnologiya BNShK-1 markali qurilish bitumidan BNShDM-60/90 markali yo‘l bitumi olish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish