Asqarova Dilzoda Olimjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Qo‘ng‘ir ko‘mirni termokimyoviy faollash va uning g‘ovakli strukturasi», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/K946.
Ilmiy rahbar: Abdikamalova Aziza Baxtiyarovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/29.08.2023.K/T.66.02.
Rasmiy opponentlar: Jumaeva Dilnoza Juraevna, texnika fanlari doktori, professor; Esonqulova Naziraxon Maxmudovna, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qo‘ng‘ir ko‘mirni termokimyoviy faollashtirish va uning g‘ovakli tuzilmasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
500 °C da inert muhitda termik ishlov berish natijasida BPK va BR markali qo‘ng‘ir ko‘mirlarning massa yo‘qotilishi mos ravishda 41,8 % va 33,4 % ni tashkil etishi, ko‘mir:KOH nisbati 1:3 bo‘lganda uglerodli materialning unumi BPK uchun 53,55 % va BR uchun 41,7 % ni tashkil etishi, bu nisbat 1:5 gacha oshirilganda esa unum mos ravishda 34,1 % va 32,7 % gacha kamayishi aniqlangan;
ko‘mir:KOH nisbati 1:1 dan 1:5 gacha oshirilganda faollashtirilgan ko‘mirlarning kul miqdori BPK uchun 10,2 % dan 23,5 % gacha va BR uchun 14,7 % dan 27,8 % gacha ortishi, bu esa faollashtirgich tarkibidagi noorganik komponentlarning interkalatsiyasi va ularning termik ishlov jarayonidagi kimyoviy o‘zgarishlari bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan;
termik va kimyoviy faollashtirish jarayonida ko‘mirlarning sirt morfologiyasi o‘zgarishi qonuniyatlari aniqlanib, 800 °C da kimyoviy faollashtirishdan so‘ng BPK markali ko‘mirning solishtirma yuzasi 1450 m2/g, BR esa 1280 m2/g ga etishi, hajmi mos ravishda 0,61 va 0,54 sm3/g bo‘lgan rivojlangan mikrog‘ovakli tuzilmaning shakllanishi aniqlangan;
Dubinin–Astaxov modeli asosida olib borilgan hisob-kitoblar natijasida KOH bilan kimyoviy faollashtirish 0,6–1,2 nm diapazondagi mikrog‘ovaklar ulushining oshishiga olib kelishi, o‘rtacha g‘ovak diametri BPK uchun 1,15 nm va BR uchun 1,17 nm ni tashkil etishi isbotlangan;
faollashtirgich miqdorining 1:5 gacha oshirilishi natijasida umumiy g‘ovak hajmi dastlabki BPK uchun 0,0092 sm3/g dan 0,518 sm3/g gacha ortishi, bu esa 0,6–2 nm diapazondagi mikrog‘ovaklarning rivojlanishi, mezog‘ovaklar ulushining kamayishi hamda asosan tor mikrog‘ovaklar (<2 nm) shakllanishi bilan kechishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Faollashtirilgan ko‘mir olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
BPK va BR markali qo‘ng‘ir ko‘mirlar KOH ishtirokida kimyoviy yo‘l bilan faollashtirilgan holda olingan adsorbentlar “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning “2025-2026 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning 2025 yil 11 fevraldagi 05-01/112-sonli maʼlumotnomasi). Natijada, KOH/ko‘mir = 1/5 nisbatida faollashtirilgan sorbentlar oqava suvlarni neft mahsulotlaridan tozalashda BR/KOH = 1/5 uchun 93,3 % va BPK/KOH = 1/5 uchun 89,4 % tozalash imkonini beradi;
adsorbentlarni regeneratsiya qilish texnologiyasi “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning “2025-2026 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning 2025 yil 11 fevraldagi 05-01/112-sonli maʼlumotnomasi). Natijada, 400 °C da termik ishlov berish orqali dastlabki sorbsiya faolligining 78,5 % gacha saqlanishiga erishilgan bo‘lib, bu adsorbentlardan to‘rt marta takroriy foydalanish imkonini beradi.