Xalimov Fazlitdin Zakirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning markaziy va janubiy hududlari vizildoq qo‘ng‘izlari (Coleoptera: Carabidae) bioxilma-xilligi va ekologiyasi», 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/B228.
Ilmiy maslahatchi: Pazilov Abduvaet, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor; Husanov Alijon Karimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Zokirov Islomjon Ilxomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning markaziy va janubiy hududlarida tarqalgan vizildoq qo‘ng‘izlarning tur tarkibi, taksonomik tuzilmasi, zoogeografik tavsifi va ekologik xususiyatlarini ochib berish, kamayib borayotgan va noyob turlarini aniqlash hamda ularni muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Markaziy va Janubiy O‘zbekiston vizildoq qo‘ng‘izlarining zamonaviy holati tahlil qilinib, 12 ta kenja oila, 27 ta triba, 77 ta avlodga mansub 260 ta tur va kenja turlar aniqlangan;
Scarites subcylindricus Chaudoir, 1843, Clivina collaris Herbst, 1784 va Syntomus obscuroguttatus (Duftschmid, 1812) turlari O‘zbekiston faunasi uchun ilk marotaba aniqlangan;
vizildoq qo‘ng‘izlar faunasi zoogeografik tahlilidan o‘tkazilib, xorologik strukturasi ochib berilgan;
Markaziy va Janubiy O‘zbekiston 5 mikrohududga ajratilib, ilk bor Zarafshon tizmasi, Quyi Zarafshon geografik okrugi, Hisor qo‘riqxonasi va Janubiy O‘zbekistonning cho‘l hududlari karabidofaunasining tur tarkibi aniqlangan va ekologik-faunistik xususiyatlari ochib berilgan, Nurota qo‘riqxonasi karabidofaunasi ro‘yxati 27 ta turga kengaytirilgan;
Mikrohududlar karabidofaunasi qiyosiy baholangan va farqli jihatlari ochib berilgan. Markaziy O‘zbekiston cho‘l hududlari karabidofaunasining boshqa hududlardan ko‘proq alohidalashganligi va o‘ziga xosligi, Zarafshon tizmasi va Hisor qo‘riqxonasi karabidofaunasi bir-biriga o‘xshashligi isbotlangan;
vizildoq qo‘ng‘izlarning noyob va kam sonli turlari aniqlangan, 6 ta tur (Carabus fedtschenkoi Solsky, 1874, C. staudingeri Ganglbauer, 1886, Taphoxenus goliath Faldermann, 1836, Brachinus bayardi Dejean, 1831, Chilotomus usgentensis Schauberger, 1932 va Chlaenius circumscriptus (Duftschmid, 1812)) populyasiyalarining holati baholangan va Respublika “Qizil kitob”iga kiritish bo‘yicha tavsiyalar hamda muhofaza qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Respublika “Qizil kitob”iga kiritilgan Anthia mannerheimi Chaudoir 1842, Callisthenes glasunovi (Semenov, 1900) va Carabus sogdianus Semenov 1898 turlarining “Qizil kitob”dagi maqomini o‘zgartirish zarurligi asoslangan.
4 ta endemik turni (Chilotomus usgentensis, Machozetus consinnus Daohrn, 1885, Eocarterus chodshenticus Ballion, 1871 va Scarites bucida Pallas, 1776) ilk bor molekulyar-genetikasi asosida, sitoxromoksidaza genining CO1 sohasi nukleotidlar ketma-ketligi aniqlangan va ushbu turlarning filogenetik o‘rni ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonning markaziy va janubiy hududlari vizildoq qo‘ng‘izlari bioxilma-xilligi va ekologiyasi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Markaziy va Janubiy O‘zbekiston vizildoq qo‘ng‘izlari faunasining xilma-xilligi, taksonomik strukturasi, ekologiyasi, zoogeografiyasi, kamayib borayotgan turlari aks ettiruvchi kolleksiya Samarqand viloyat O‘lkashunoslik muzeyi faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining 2022 yil 30 sentabrdagi 04-18/5338-son ma’lumotnomasi). Natijada, muzey umurtqasiz hayvonlar kolleksiyasining turlar xilma-xilligi 20 % ga boyitish imkonini bergan;
vizildoq qo‘ng‘izlarning bioxilma-xilligi, taksonomik tarkibi, tarqalishi va ekologik xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar Rossiya fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi “Hayvonlar sistematikasi va ekologiyasi” instituti (ISiEJ SO RAN) Zoologiya muzeyi faoliyatiga joriy qilingan (Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi “Hayvonlar sistematikasi va ekologiyasi” institutining 2023 yil 19 apreldagi ma’lumotnomasi). Natijada, muzey eksponatlari qatoriga kiritilgan 70 tur va 150 nusxadagi kolleksiya regional fauna xilma-xilligini baholash va turlarning tarqalish xususiyatlarini aniqlash imkonini bergan;
molekulyar genetik tadqiqotlar natijasida Markaziy Osiyo endemik turlarining mDNK (COI) sohasi nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha olingan ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2024 yil 14-fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada, Chilotomus usgentensis turi uchun - PP333629, Machozetus consinnus turi uchun - PP337088, PP337089; Eocarterus chodshenticus turi uchun - PP337090, PP337091, PP337092, Scarites bucida turi uchun - PP337087 identifikatsiya raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda turlarni aniqlash va filogeniyasini o‘rganish imkonini bergan;
chop qilingan ilmiy maqolalarga impakt-faktori 0,5 dan yuqori bo‘lgan va xalqaro tizimga kirgan Forests, Diversity, Data, Archives of Insect Biochemistry and Physiology, Sabrao Journal of Breeding and Genetics, Biodiversitas, Brazilian Journal of Biology va Acta Biologica Sibirica jurnallaridagi maqolalarda havolalar keltirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Vazirligining 2024 yil 24 apreldagi 04/17-1135-son ma’lumotnomasi). Natijada, xorijiy va mahalliy mutaxassislarga O‘zbekistonning vizildoq qo‘ng‘izlari faunasi haqida ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.