Abdulxamidov Azizjon Abdulla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Paxta terish mashinasining texnologik parametrlarini nazorat qilish va rostlash tizimining o‘zgartirgichlari”, 05.01.06 – hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T3087.
Ilmiy rahbar: Uljaev Erkin, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Siddikov Ilxomjon Xakimovich, texnika fanlari doktori, professor; Shodiev Ma’rufjon Kobuljonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxta terish apparatining texnologik parametrlarini tezkor nazorat qilish va rostlash uchun intellektuallashgan qurilma (o‘zgartirgich)larni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
texnik ko‘rish tizimida mashinaning silkinishi tufayli yuzaga keladigan videotasvir tebranishini barqarorlashtirish uchun mexanik stabilizator (amortizator) va raqamli tasvirlarni qayta ishlash usullariga asoslangan tasvir harakatini silliqlantirish algoritmi ishlab chiqilgan;
paxta chanoqlarini aniqlash, sanash, kuzatish va ularni ochilish darajasi bo‘yicha sinflash masalalarini echish imkonini beruvchi algoritmlarni kombinatsiyalash asosida video tasvirlarga ishlov berish algoritmi ishlab chiqilgan;
xatolikni teskari taqsimlash usuli asosida o‘qitishning har bir iteratsiyasida tarmoq parametrlari yo‘qotish funksiyasining qiymatini kamaytiradigan yo‘nalishda yangilanuvchi konvolyusion neyron tarmog‘idan foydalanib paxta chanoqlarini ochilganlik darajasi bo‘yicha sinflarga ajratish algoritmi ishlab chiqilgan;
paxta chanoqlarining ochilganlik darajasiga qarab hosilni toza yig‘ish imkonini beruvchi vertikal shpindelli terish apparatining ishchi oralig‘i kengligini raqamli o‘zgartirgichlar asosida real vaqt rejimida avtomatik rostlaydigan intellektual boshqaruv tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Vertikal-shpindelli paxta terish apparatining ishchi oralig‘i kengligini nazorat qiluvchi va rostlovchi intellektual tizimlarini tadqiq etish natijalari asosida:
vertikal-shpindelli paxta terish apparatining ishchi oralig‘i kengligini rostlash mexanizmi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” Davlat muassasasi tomonidan ixtiroga patent olingan (IAP 7648, 2024 yil). Natijada, paxta terish sifatini sezilarli darajada yaxshilash, terish tezligini oshirish va yig‘ilgan paxtani hajmini oshirishga erishilgan;
paxta chanoqlarini tanib olish, sanash, kuzatish va ularni ochilish darajasi bo‘yicha sinflashning intellektuallashgan qurilmasi (o‘zgartkich) va algoritmlar Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “OZOD” fermer xo‘jaligida joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 25 oktyabrdagi №01/02-01-935-son ma’lumotnomasi). Natijada, paxta chanoqlarini tanib olish, sanash, kuzatish va ularni ochilish darajasi bo‘yicha sinflashda 94,6% aniqlikka erishilgan. Mazkur qurilmadan foydalanish paxtani terib olish tozaligini 3% ga oshirish va teruvchi apparatining ishchi kengligini boshqarish samaradorligini 5% dan ko‘proqqa oshirish imkonini berishi aniqlangan.